O‘zbekiston | 13:44 / 23.09.2024
51839
9 daqiqa o‘qiladi

Qaynota, kursdosh va boshqa yaqinlar: 150 milliardlik zarar hisoblangan jinoyatda Aziz Voitov nimalarda ayblanyapti?

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga nisbatan qo‘yilayotgan ayblovlarning bir qismi uning “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi sifatida ishlagan davriga ham bog‘liqligi ma’lum bo‘ldi. Talon-toroj qilingan kredit mablag‘lari, budjet pullari hamda davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 200 mlrd so‘mdan oshiq. Ayblov xulosasida Voitov bu ishlarni asosan kursdoshi, qaynotasi va boshqa yaqinlari orqali qilgani keltirilgan. 

Foto: Kun.uz

Kun.uz sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana ikki kishining ayblov xulosasi bilan tanishdi. Unda keltirilishicha, Voitovga qo‘yilayotgan ayblovlarning bir qismi uning “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi sifatida ishlagan davriga bog‘liq.      

Aziz Voitov 2017 yil 13 dekabrdan 2020 yil 11 martga qadar “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi, 2020 yil 8 iyuldan “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Kuzatuv kengashi raisi, 2022 yil 29 avgustdan 2023 yil 25 sentabrga qadar qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida faoliyat yuritgan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, u ushbu lavozimlarda ishlab kelib, o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va mansab soxtakorligida ifodalangan jinoyatlarga qo‘l urgan.

Jumladan, ayblov xulosasida keltirilishicha, Voitov 2016 yil 23 iyunda kursdoshi A.O‘runboyevning nomiga “Lanell group” MChJni tashkil etib, uni jamiyatga nominal rahbar sifatida tayinlagan hamda aslida jamiyat faoliyatini qaynotasi A.Karimov va turmush o‘rtog‘i G.Voitova bilan birgalikda norasmiy ravishda boshqarib kelgan. U jamiyat faoliyatining asosiy yo‘nalishini amalda o‘zi belgilab, TIF “Milliybank” Akademik filialidan jami 21,7 mlrd so‘m kreditni muammosiz olishga erishgan. Mazkur kredit olinishi uchun biznes rejada kalava iplarni bo‘yash va ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish orqali kreditni so‘ndirish ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, Aziz Voitov turli yo‘llar bilan kredit mablag‘larini qasddan to‘lamay kelgan. Bu orqali 21 mlrd 779,4 mln so‘m kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Voitov “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelib, jinoiy sheriklari bilan til biriktirgan holda garchi salbiy kredit tarixiga ega bo‘lsa-da, “Lanell Group” MChJga aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun garov ta’minotisiz “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Olmazor filialidan 600 ming yevro kredit olgan. Biroq 2019-2022 yillar davomida kredit to‘lov muddatini 2027 yil sentabr oyiga qadar 7 marotaba noqonuniy yo‘llar bilan uzaytirib, 600 ming yevro kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan.

2018 yilda Hukumat topshirig‘i bilan bank mablag‘i hisobidan Toshkent viloyati Ohangaron shahrida ko‘p qavatli turar joy binosi, shuningdek, Nurafshon shahrida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Toshkent viloyat mintaqaviy filiali xodimlari uchun 7 qavatli turar joy binosi qurilishi belgilangan. Voitov va uning tanishlari ushbu ishdan ham foydalanib qolishgan: pudratchi tender o‘tkazilgan holda aniqlanib, qurilish ishlarini amalga oshirish lozim bo‘lsa-da, Aziz Voitov qonun talablariga zid ravishda bino qurilishini “Beltepa master stroy” MChJga berish to‘g‘risida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Toshkent viloyat mintaqaviy filiali boshlig‘i noqonuniy topshiriq bergan. Voitov tanishlari bilan reja tuzib, “Beltepa master stroy” MChJga “aylanma mablag‘larini to‘ldirish” va “qurilish mollari sotib olish” uchun kredit ajratish, kelgusida kredit evaziga qurib bitkaziladigan binoni qimmat narxlarda bank balansiga topshirish haqida kelishib olishgan.

Voitov va tanishlari 2018-2019 yillarda “Beltepa master stroy” MChJga jami 48,5 mlrd so‘m miqdorda kredit ajratib, buning evaziga 7 qavatli turar joy binosini qurgan. Bu “ish” orqali Voitov va uning “jamoasi” bankning 32 mlrd 394,7 mln so‘m miqdoridagi mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.  

Aziz Voitov bank Kuzatuv kengashi raisi lavozimida ekanidan foydalanib, o‘zi tomonidan talon-toroj qilingan bank mablag‘lari kelgusida oshkor bo‘lib qolmasligi, shuningdek, “Beltepa master stroy” MChJga ajratilgan kredit hamda bank xodimlari uchun qurilgan turar joy binosi bank balansiga 64,5 mlrd so‘mga qabul qilinganidan go‘yoki bank zarar ko‘rmagandek ko‘rsatishni rejalashtirgan. U buning uchun bank balansiga olingan 7 qavatli turar joy kompleksining 2-7-qavatlarida joylashgan jami 72 ta turar joy xonadonni bank tizimidagi xodimlarga boshlang‘ich to‘lovlarsiz, 15 yil muddatda bo‘lib to‘lash imtiyozi asosida sotish haqida Bank kredit qo‘mitasining hamda bank Kuzatuv kengashining qarorini chiqargan. Bu orqali 72 ta xonadon 15 yil muddatga bo‘lib to‘lash imtiyozi bilan jami 38 mlrd so‘mga sotilishiga, shuningdek, turar joy kompleksining sotilmasdan qolgan, balans qiymati 26,5 mlrd so‘m bo‘lgan yerto‘la va 1-qavat noturar bino inshootlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyat xududiy boshqarmasiga topshirilishiga erishgan. Buning oqibatida bank manfaatlariga 18 mlrd 637,8 mln so‘m zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

Ayblov xulosasida Aziz Voitov qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan davrida ikkita binoni yaroqsiz holga keltirish orqali davlat manfaatlariga 133,6 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgani qayd etilgan. Bulardan biri vazirlik tuzilmasi ko‘chib o‘tishi belgilangan Toshkent shahri Mirobod tumani Shahrisabz ko‘chasi 36-uyda joylashgan 230,4 mlrd so‘mga baholangan ma’muriy bino hamda ikkinchisi Toshkent davlat Agrar universitetining ta’mirtalab bo‘lgani sababli oxirgi o‘n yillar davomida foydalanilmay kelingan 3 ta yotoqxonasi. Sobiq vazirning topshirig‘i bilan bu binolarda noqonuniy tarzda demontaj ishlari olib borilib, binolar yaroqsiz ahvolga keltirilgan.

Bundan tashqari, ayblov xulosasida Voitov vazirlik davrida “Shipland” MChJ manfaatlariga 2 mlrd 388,7 mln so‘mlik zarar yetkazgan, jami 4,8  mlrd so‘m budjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aytiladi.

Sobiq vazir tergovdagi ko‘rsatmasida qo‘yilayotgan ayblovlarga qisman iqror ekanini bildirgan.

Lanell Group” MChJga 22 mlrd so‘m va 600 ming yevro kredit olinganini keyinchalik bilganman, ushbu jamiyatga kredit ajratilishiga umuman aralashmaganman. “Lanell group”, “Ostex ttz”, “Rainbow-teks” MChJlarga aloqam yo‘q. Bu zavod menga tegishli emas. A.O‘rinboyev shu kunga qadar zavod menga tegishli ekanini aytib, tuhmat qilmoqda.

“Beltepa master stroy” MChJ haqida oldin ma’lumotga ega bo‘lmaganman. Toshkent viloyati Nurafshon shahrida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Toshkent viloyat mintaqaviy filiali xodimlari uchun turar joy va bank ma’muriy binosini qurish bo‘yicha topshiriq bo‘lgandi. Shundan so‘ng bank xodimlari uchun turar joy binosi va bank ma’muriy binosi qurilganligini, xodimlar uchun turar joy quruvchisi “Beltepa master stroy” MChJ qanday tanlanganidan xabarim yo‘q. Quruvchini men topmaganman. “Beltepa master stroy” MChJ ta’sischisi qaynotam A.Karimov bo‘lganini tergov boshlanganidan so‘ng bildim. Bank xodimlari uchun turar joy kredit hisobiga qurilganini bilardim, ammo kredit ajratish jarayonlari, ta’minotlaridan xabarim yo‘q edi. Uy qurib bo‘linganidan so‘ng xodimlarga sotilganidan xabardorman“, degan Aziz Voitov.

Shuningdek, u ko‘rsatmasida qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan davrida “O‘zdonmahsulot” AKga qarashli binoni bosh vazir o‘rinbosari J.Xo‘jayevning ruxsati bilan demontaj qilganini, unga ishonganidan chuqur afsusdaligini ma’lum qilgan.

Avvalroq sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 kishiga nisbatan sud ishi boshlangani xabar qilingandi. Ushbu sud ishida jurnalistlarga foto va videoga olish taqiqlandi. Antikorrupsiya agentligi mazkur ishda sud majlislari ochiq tarzda o‘tkazilishi maqsadga muvofiqligini bildirdi. Ammo sobiq vazir va boshqalarga nisbatan sud ishi baribir yopiq tarzda ko‘riladigan bo‘ldi.

Mavzuga oid