O‘zbekiston | 11:57 / 18.11.2021
36362
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatiga hokim bo‘lishi kutilmoqda

Qashqadaryo viloyatining sobiq hokimi Zoyir Mirzayev respublikaning boshqa viloyatiga rahbar etib tayinlanishi kutilmoqda.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining yangi hokimi bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqdagi ma'lumotni Kun.uz manbasi tasdiqladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati ham viloyatning sobiq hokimi bilan xayrlashuv marosimi vaqtida u respublikaning boshqa bir salohiyati katta viloyatiga hokim etib tayinlanishi ma'lum qilingani haqida xabar bergan.

Ma'lumot uchun, Toshkent viloyatiga 2021 yil yanvaridan buyon Davron Hidoyatov rahbarlik qilib kelayotgandi.

Zoyir Mirzayev 1968 yil 10 mart kuni Samarqand viloyati Jomboy tumanida tug‘ilgan. 1994 yil Toshkent moliya institutini tamomlagan.

2003-2004 yillarda Jomboy tumani hokimi, 2004-2008 yillarda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, 2008-2010 yillarda Samarqand shahri hokimi bo‘lgan, 2010 yildan 2016 yilgacha Samarqand viloyatini boshqargan.

2016 yildan 2018 yilgacha bosh vazir o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, agrosanoat majmuasi rahbari. 2018 yildan - bosh vazir o‘rinbosari - agrosanoat, oziq-ovqat va xalq iste'mol mollari majmuasi rahbari bo‘lib ishlagan. U bu lavozimda ekanida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida tuman hokimligi mutasaddilari va fermerlarni suv oqayotgan ariqqa tushishga, yana bir necha kishini tosh ko‘tarib turishga majburlaganidan keyin tanqidlarga uchrab ishdan olingandi.

2018 yil 7 noyabr kuni Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlangan.

U 2019 yil oktyabridan buyon Qashqadaryo viloyatiga hokimlik qilib kelayotgandi. Bugun uning o‘rnini Bojxona qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan Murodjon Azimov egalladi.

Mavzuga oid