O‘zbekiston | 17:54 / 10.03.2020
44994
9 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 3 mingga yaqin kishi bola asrab olish uchun navbatda turibdi. Tizimni soddalashtirish kerakmi?

Chaqaloq savdosi ijtimoiy hayotdagi eng og‘riqli masalalardan biri bo‘lib turibdi. Bu muammoning ildizi, Ichki ishlar vazirligi talqiniga ko‘ra, bola asrab olishning qiyinligi va bu jarayondagi qog‘ozbozliklarga borib taqaladi.

Darhaqiqat, ko‘plab fuqarolar farzandlikka olish jarayoni juda murakkabligi, yillar davomida navbat kutish kerakligi va korrupsiya holatlaridan shikoyat qilmoqda.

Aslida vaziyat qanday? Fuqarolarning e'tirozlari asoslimi? Kun.uz masala yuzasidan soha mutaxassislarining fikrlari bilan qiziqdi.

«Qonunchilikda kamchiliklar bor»

Adiba Safarova – Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas'ul xodimi:

Adiba Safarova

– O‘zbekiston Respublikasida farzandlikka olish Oila kodeksi va Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan «Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida»gi Nizom bilan tartibga solinadi. Mazkur qonun hujjatlarini o‘rganish natijasida bir qator huquqiy bo‘shliqlar va kamchiliklar aniqlandi:

1. Nizomning bir qator normalari Oila kodeksida belgilangan qoidalarga to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, Oila kodeksining 151-moddasi ko‘ra, farzandlikka olish – bolani farzandlikka olishni istagan shaxs(lar)ning arizasiga ko‘ra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

Biroq Nizomning 3-bandida farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning arizasiga hamda vasiylik va homiylik organlari tavsiyasiga ko‘ra tuman, shahar hokimi qarori bilan amalga oshirilishi belgilangan.

2. Oila kodeksi 152-moddasida voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkinligi belgilangan bo‘lib, mazkur talablar farzandlikka olinuvchilarning huquq va manfaatlarini to‘la darajada himoya qila olmaydi.

Boshqacha aytganda, farzandlikka oluvchi shaxslarga qo‘yiladigan talablar qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Bunda ularning yosh chegarasi, oilaviy holati ham hisobga olinishi maqsadga muvofiq.

3. Vasiylik va homiylik masalalari bo‘yicha alohida maxsus vakolatli organning mavjud emasligi va mehribonlik uylari ustidan yetarlicha nazorat o‘rnatilmagani sababli noxush holatlar kuzatilmoqda. Shuning uchun yangi tuzilma tashkil etilishi kerak.

4. Farzandlikka olish tizimi ochiqligi va shaffofligini ta'minlovchi qoidalar belgilanmagan. Xususan, farzandlikka olish uchun hujjatlarni masofadan turib topshirish, farzandlikka olish mumkin bo‘lgan bolalar to‘g‘risida ma'lumot olish imkoniyati yaratilmagan.

5. Qonunchilikda farzandlikka olishning soddalashtirilgan tartibi mavjud emas. Mazkur holat yaqin qarindoshlar tomonidan farzandlikka olish tartibining odatdagi tartibi bilan bir xil jarayonlardan o‘tishiga, rasmiylashtirish muddatlarining uzayib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli bolalarni farzandlikka olishdan ko‘ra, vasiylikka olish holatlari soni oshib boryapti.

«Farzandlikka olish tizimini soddalashtirish tarafdori emasman»

Umida Mamanova – Toshkent shahridagi 21-sonli Mehribonlik uyi direktori:

Umida Mamanova

– Mehribonlik uylariga turli toifadagi fuqarolar murojaat qilishadi. Asosan farzandsiz oilalar, turmushidan farzandi bo‘lmay ajrashgan ayollar bola boqib olishni istashadi.

Shunday oilalar borki, ularning farzandlari bo‘la turib, yetim bolaga g‘amxo‘rlik qilishadi.

«Farzandlikka olishda hujjatlarni yig‘ish jarayoni juda murakkab, shuning uchun buni yengillashtirish zarur», deb menga ko‘p murojaat qilishadi. Bu masala doim muhokama markazida. Ammo jarayon yengillashtirilishi kerak, demagan bo‘lardim.

To‘g‘ri, hammamiz bolalar oilada tarbiyalanishlarini xohlaymiz. Lekin ba'zi sabablarga ko‘ra, biz bolani qaysidir oiladan olamiz va to‘g‘ri qaror qabul qilmasdan xuddi shunday sharoitdagi boshqa oila qaramog‘iga berib qo‘yishimiz mumkin.

O‘z tajribamda ko‘p duch kelganman: odamlar o‘zining qandaydir g‘araz maqsadlari uchun farzand asrab olishadi.

Prezident tomonidan «Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Undagi imtiyozlarning barchasi insoniy tamoyillarga asoslangan.

O‘tgan yili qabul qilingan qarordan so‘ng menga bir nechta qo‘ng‘iroq bo‘ldi: bir nafar bola asrab olsam qancha pul berishadi? Rostan ham har bir bola uchun 820 ming so‘m beriladimi? Ikkita bola olsam, 1 mln. 640 ming so‘m bo‘ladimi? Uchta olsam-chi? Tushunyapsizmi, bu yerda asosiysi – moliyaviy maqsad.

Farzandlikka olish uchun ko‘p kutish kerak, deb nolishadi. Biz o‘zimizning biologik zurriyotimizni ham 9 oy kutamiz. Bundan kam emas. Hattoki kuchli xohish-istak bo‘lsa ham, bolani osonlikcha qo‘limga olib ketaman, deb bo‘lmaydi.

Har bir narsaning o‘z vaqti bor. Avvalo, bola oilada tarbiya topishi kerak. Uning xohishiga qarab ish tutishimiz kerak. Hozirgi paytda yangi tug‘ilgan chaqaloqni qarovsiz tashlab ketishayotgani, o‘ldirishayotganlarini OAVda eshityapmiz. Bunaqa holatlarni kuzatib, ular mehribonlik uylarida qolganlari yaxshi, deyman.

«Toshkentda 3 mingga yaqin fuqaro farzand asrab olish uchun navbatda turibdi»

Suhrob Xoliqov – Xalq ta'limi vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari:

Suhrob Xoliqov

– 2019 yilda 2018 yilga qaraganda 3717 nafar ko‘proq yetim bola farzandlikka olindi va bu o‘sish dinamikasini ko‘rsatmoqda. Patronat tizimi o‘tgan yilgiga nisbatan 756 taga ko‘paygan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, farzandlikka olinuvchi va oluvchi o‘rtasidagi farq 15 yoshdan kam bo‘lmasligi belgilangan. Minimum yosh chegarasini qo‘ysak, qaysidir ma'noda fuqarolarning huquqlarini cheklab qo‘yishimiz mumkin. Fikrimcha, hozirgi tartib eng optimal yechim, deb o‘ylayman.

Farzandlikka berishda sinov muddati belgilanishi bo‘yicha qonunchiligimizda mexanizm mavjud emas. Xorijiy tajribada bu muddat beriladi. Bizda patronat (bolani oilaga tarbiya uchun berish) degan tushuncha bor. Shu shakldan amaliyotda foydalanadi. Farzandlikka oluvchi fuqaro vasiylik organi bilan bitim asosida bolani patronatga oladi. Bitimda belgilangan muddat farzand va ota-ona bir-birlarini o‘rganishlari uchun qulay fursat hisoblanadi. Muddat tugagandan keyin ota-onalar xohlasa, sud tartibida bolani farzandlikka olishlari mumkin bo‘ladi. Bu, yuqorida aytilganidek, sinov muddatiga o‘xshaydi. Fuqarolar bu amaliyotdan ko‘proq foydalanishadi.

Farzandlikka olishni istovchi fuqarolarning aksariyati 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni asrab olishni xohlashadi. 3 yoshdan yuqori bolani asrab olmoqchi bo‘lganlar bo‘lsa, ularni Mehribonlik uyiga yo‘naltiramiz – u yerda bola bilan muloqot qilib, farzand tanlashlari mumkin. Agar menga ma'qul deyishsa, keyin hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga yuboriladi.

Statistikaga ko‘ra, Toshkent shahridagi bolalar uyida 2500-3000 nafar fuqaro farzandlikka oluvchi sifatida navbatda turishibdi. Navbat qachon kelishi Mehribonlik uyiga bolalar kelib tushishiga bog‘liq.

Fuqarolarda savol tug‘ilishi mumkin: nima sababdan navbat kelishi kechikib ketyapti. Buni sabablari bor: bola mehribonlik uyiga tushganidan so‘ng 1 yilgacha farzandlikka berish mumkinmas, chunki bu vaqt davomida bolaning ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari aniqlanib qolishi ehtimoli bor.

Fuqarolar mehribonlik uylaridan bolalarni asrab olishlariga yengillik berish uchun Vazirlar Mahkamasiga huquqiy hujjat loyihasi kiritildi. Unda topshirilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati qisqartirildi. Ilgari 1 oy bo‘lgan bo‘lsa, loyihada 15 kun taklif sifatida kiritildi.

Shuningdek, yana bir qulayliklardan biri – tizimni elektronlashtirishdir. Fuqarolar hujjatlarni DXA orqali rasmiylashtirishlari, elektron navbat olishlari va uni kuzatib turishlari imkoniyati yaratiladi.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid