O‘zbekiston | 09:32 / 22.04.2022
29988
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Jizzaxdagi sel oqibatlari

Aynan sel oqibatida eng ko‘p talafot ko‘rgan Forish tumanida shunday sel oqimlari bundan taxminan 80 yillar avval kuzatilgani aytilmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2022 yil 20 aprel kuni kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Samarqand va Jizzax viloyatining bir qator tumanlarida sel kelish holatlari kuzatildi va hududlarni suv bosdi.

Jumladan, Forish tumanining tog‘li hududlari va adirliklarida sodir bo‘lgan sel oqimi “Egizbuloq” MFYda joylashgan 260 ta xo‘jalikdan o‘tib, ularning 53 tasi to‘liq, 44 tasi o‘rta va 163 tasi yengil darajada talafot ko‘rgan.

Qutqaruvchilar tomonidan 6 nafar fuqaro sel oqimlari ichidan qutqarilib, Forish tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. 4 kishi selda oqib halok bo‘lgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 2022 yil 21 aprel kuni bedarak yo‘qolgani aytilgan fuqaroning suvga cho‘kib vafot etgani aniqlanib, uning murdasi topilgan.

Sel oqimi 15-son umumta’lim maktabi va 9-son maktabgacha ta’lim muassasasi hududiga (binolarning 1-qavatiga) ham kirgan. 1,5 kilometr ichki yo‘llarga sel suvlari toshishi oqibatida transport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Yuzaga kelgan sel oqimi natijasida “Egizbuloq” MFYda joylashgan 25 ta xo‘jalikda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq fuqaro vaqtincha yashash uchun yaqin qarindoshlarining uylariga ko‘chirib o‘tkazilgan.

Sel oqibatlarini bartaraf etish ishlariga jami 520 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi, viloyat va tuman hokimligi mas’ul rahbarlari, FVDTning hududiy va quyi tizimlari xizmatlari ishchi-xizmatchilari hamda 54 ta maxsus texnika jalb etilgan.

Mavzuga oid