Jamiyat | 13:56 / 17.01.2022
20635
9 daqiqa o‘qiladi

Avariyalarning ildizi bilimsizlikda – Haydovchilik guvohnomasi qanday olinsa jamiyat uchun xavfsiz bo‘ladi?

«Prava»ni pulga sotib olish qon-qonimizga singib ketgan. Buzilgan tizim mahsuli bo‘lgan uquvsiz haydovchilarni deb avariyalar ko‘paysa ko‘payyaptiki kamaymayapti. Haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlarni inson omilisiz, avtomatlashtirilgan holda o‘tkaziladigan tizimga bu muammoning yechimi deya umid bildirilmoqda.

Ushbu maqolada haydovchilik guvohnomasini oson olish uchun «barcha sharoitlar yaratilgan» O‘zbekiston «tajribasi» haqida fikr yuritiladi.

2021 yilda 10 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasi sodir etilgani, unda 2 mingdan oshiq inson hayotdan ko‘z yumgani, minglab odamlar turli darajada jarohat olgani avariyalarning kelib chiqish sabablari bo‘yicha qayta va qayta fikrlashga majbur qilaveradi.

Oqibatlari qo‘rqinchi hikoya

«Do‘stim, bizning uyda ayollar «qo‘zg‘olon» ko‘tarishdi. Hammasi mashina mingisi kelib qoldi. O‘zimning ayolim va ikki akamning turmush o‘rtoqlari bir bo‘lib avtomaktabga hujjat topshirishdi. Uch oyda haftasiga 5 kun, 4 soatdan davom etishi aytilgan darslarga nari borsa 10 marta borishdi. Lekin o‘qishga borganlarida sarf bo‘ladiganidan ko‘ra ko‘proq pul ketdi (davomatda muammo bo‘lmasligi uchun).

Xullas, 3 oy emas 2 oydan sal o‘tib «V» toifa uchun o‘qishni tamomlaganliklari to‘g‘risida hujjat olishdi. Mashina haydashni esa uyda mustaqil o‘rganishdi.

Keyin imtihon topshirish uchun birgalashib «GAI»ga borishdi. Imtihondan 1 kun oldin katta akam «GAI»ga kirib chiqdi. Kim bilan qanday kelishishdi bilmadimu, ertasi kuni rulga o‘tirsa oyog‘i qaltiraydigan, gaz bilan «ssepleniye»ning farqiga bormaydigan 3 ayol haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishdi (kelinlarning aytishicha, imtihon kompyuterda bo‘lgan, test savollarini yetarli darajada to‘g‘ri topa olishmagan, amaliy imtihon topshirishmagan)

Ayolimning bu borada «nimalarga qodir» ekanini bilganim uchun ham olingan guvohnoma hozircha javonni bezatishga yarayapti, xolos».

Hikoyadan xulosa

Xo‘sh, nega mashina haydashni bilmaydigan odamlar o‘qimasa ham «o‘qidi» degan hujjatni olmoqda? Ular YHXBning nazariy va amaliy imtihonlarini qanday qilib topshirmoqda?

Kuzatuvlarga ko‘ra asl muammo ham mana shu yerda. Bugungi kunda aksariyat odamlar haydovchilik guvohnomasini to‘g‘ri yo‘l bilan qo‘lga kiritmagan. Yo‘llarda madaniyatsiz haydovchilar, avariyalar va o‘limlar soni kamaymayotganining eng asosiy sabablaridan biri ham shunda.

Bu vaziyat haydovchilarni o‘qitish va ulardan imtihon olishning mavjud tizimi to‘g‘ri ishlayotganini so‘roq ostiga keltirib qo‘ymoqda.

Arzonning oshi tatimas yoxud «chalajon» avtomaktablar

Amaldagi tartibga ko‘ra haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritish uchun avval maxsus avtomaktablarda o‘qish lozim. Ammo muammoning boshi shundaki, aksariyat avtomaktablarda hatto o‘z o‘quv mashinasi ham yo‘q. O‘rtacha 1-1,5 mln so‘m evaziga talabgorlar o‘qishga qabul qilinadi. Ular o‘qitilmaydi ham. O‘quvchilardan guvohnoma olingunga qadar bo‘lgan har bir bosqich uchun pul yig‘ilib, ularga «prava» olib berishga harakat qilinadi.

Ularning aksariyatida ta’lim sifati ham haminqadar. Davomatlar nazorat qilinmaydi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlarga bormasdan ham «GAI»dagi imtihonga borish mumkin. Bundan tashqari, u yerda ham tanish topib yoki avtomaktab orqali pora berib imtihonni hal qilish mumkin.

Masalan, maqola muallifi sifatida viloyatlardan birida «Se» toifasini o‘qimasdan, amaliy mashg‘ulot o‘tkazmasdan olgan uch kishini bilamiz. Ulardan biri buning uchun 350 AQSh dollari sarflagan.

 Masala «GAI»da qanday hal bo‘ladi?

Haydovchilik guvohnomasi DYHXB TRIB bo‘limida beriladi. Bu har qanaqasiga nobop haydovchilar ko‘payishi va ularga haydovchilik guvohnomasi berilishida DYHXX bosh aybdor ekanligini ko‘rsatadi. Imtihonlarni olish, haydovchi-kursantlarni sinash ishlariga panja orasidan qaralayotgani hech kimga sir emas. Yuqoridagi hikoya ham buni yetarlicha tasdiqlamoqda.

«Prava» yengil qo‘lga kiritilishi oqibatlarini esa yo‘llardagi holatning qo‘rqinchli statistika ko‘rsatib turibdi. Inson omili bor joyda har qanday kamchilikka ko‘z yumilishi mumkinligi sir emas.

Naf bermagan amaliy harakat

2021 yil 1 iyunida respublikada yo‘l harakati sohasidagi muammolarni kompleks o‘rganish va amaliy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi tuzilgandi.

Ishchi guruh yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganib, ko‘riladigan kompleks chora-tadbirlar haqida jamoatchilikka axborot berishi, fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishi aytilgandi.

Ammo shundan beri, na tarkibi va na qiladigan ishi tayin bo‘lgan bu ishchi guruhning faoliyati haqida biror yerda ma’lumot uchramadi.

Vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishidan esa darak yo‘q.

Yechim qayerda?

Prezidentning 2020 yil 7 dekabrdagi PQ-4913-son qarorida 2021 yil 1 apreldan boshlab haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish va baholashni xususiy sektorda inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish tartibi joriy etilishi nazarda tutilgandi.

Shundan so‘ng hukumatning tegishli hujjatiga kerakli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Demak, yaqin oylarda imtihonlarni YHXBda emas, xususiy tashkilotlarning avtodromlarida topshirish ham boshlanib qoladi.

Buning afzalliklari bormi?

Yangi joriy etilgan tartibdan kutilayotgan asosiy natija – mashina haydashni bilmaydigan insonlarga «prava» berilishiga yo‘l qo‘ymaslik. Muammo ildizi «sotib olingan prava»ga taqalayotgan ekan, kutilayotgan yangilikdan yaxshi umidlar qilsa bo‘ladi.

Chunki, hukumat qaroriga ko‘ra, amaliy imtihon olish jarayonida bajarilgan har bir sinov mashqi hamda yakuniy natijalar inson omilisiz baholanadi, ularga o‘zgartirish kiritish imkoniyati to‘liq cheklangan bo‘ladi. Imtihon topshiruvchining natijalari AITda avtomatik nazorat qilinadi. Unda pora berish imkoni yo‘q – chunki kompyuterni «ko‘ndirib» bo‘lmaydi.

Shu tizim to‘liq ishlab ketsa va unga qat’iy amal qilinsa, bilimi yo‘q odam imtihondan albatta yiqiladi, «prava» ololmaydi va jamiyat bitta potensial qotildan xalos bo‘ladi. Qancha ko‘p odam imtihondan [adolatli] yiqilsa, jamiyat uchun shuncha foydali bo‘ladi.

Albatta, xususiy sektordagi avtomatlashtirilgan imtihonlar ham bepul bo‘lmaydi. Nazariy va amaliy imtihonlarga ma’lum miqdorda to‘lov belgilanishi tayin. Lekin bu odatda bir talaba pora ko‘rinishida sarflaydigan jami summadan ko‘p bo‘lmasa kerak.

Muhimi, yetarli bilimi bo‘lmagan bo‘lajak haydovchi puliga kuymaslik uchun ham o‘qish-o‘rganishiga, haqiqatan yaxshi tayyorgarlik ko‘rishga intiladi. Natijada, yo‘llarimizga bilimli va mahoratli haydovchilar kirib kela boshlaydi.

Jamoatchilik vakillari va jurnalistlar amaldagi qonunlar qayta ko‘rib chiqilishini, qoidabuzarlarga qattiqroq, aytaylik ma’muriy qamoq yoki uzoq muddatga haydovchilik huquqidan mahrum qilishdan tortib, jinoiy javobgarlikka tortishgacha jazo joriy qilish kerakligini aytishmoqda.

Darhaqiqat, bularni chuqurroq o‘rganib chiqish vaqti allaqachon kelgan. Bu yog‘iga yo‘llarimizda mashinalar ko‘paysa ko‘payadiki aslo kamaymaydi. Tinchligimiz va xavfsizligimiz esa har birimiz uchun muhim.

Amaldagi tartib-taomillar bo‘yicha haydovchilik guvohnomasi olishga ketadigan xarajatlar (shu jumladan asossiz ortiqcha yig‘imlar) haqida navbatdagi maqolada batafsil bayon qilinadi.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid