O‘zbekiston | 18:02 / 10.05.2022
10207
6 daqiqa o‘qiladi

Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga chiqarildi

Unga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni deklaratsiya qilish va oldindan xabar berish tartibi belgilanmoqda, bunga amal qilmaganlar esa jarimaga tortiladi.

Normativ huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi joylashtirildi. Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi muhokamasi 25 mayga qadar davom etadi.

Qonun loyihasi 5 ta bob (umumiy qoidalar, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasini davlat tomonidan tartibga solish, manfaatlar to‘qnashuvini ma’lum qilish va aniqlashga doir chora-tadbirlar, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha choralar ko‘rish va tekshirish hamda yakunlovchi qoidalar) va 31 ta moddadan iborat.

Qonun loyihasida quyidagi asosiy tushunchalar ajratib ko‘rsatilgan:

aloqador shaxslar — davlat tashkiloti xodimlari va/yoki ularning yaqin qarindoshlari ustav fondidagi/ustav kapitalidagi ulushlariga yoki aksiyalariga (ommaviy muomalada bo‘lgan 10 foizgacha aksiyalari bundan mustasno) egalik qiladigan yoki boshqaruv organi va kuzatuv kengashining a’zosi bo‘lgan yuridik shaxslar;

davlat tashkiloti — davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat muassasalari, davlat unitar korxonalari, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va ustav fondida/ustav kapitalida ushbu jamiyatlarning ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar;

manfaatlar to‘qnashuvi — davlat tashkiloti xodimining, uning yaqin qarindoshlarining va unga aloqador shaxslarning shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolarning, tashkilotning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoxud yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (taxmin qilinayotgan manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat;

shaxsiy manfaat — davlat tashkiloti xodimi tomonidan o‘z mansab/xizmat vazifalarini bajarishda o‘zi, yaqin qarindoshlari, aloqador shaxslar uchun har qanday naf ko‘rish yoki afzalliklarga ega bo‘lishi;

yaqin qarindoshlar — qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya’ni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari.

Qonun loyihasining 19-moddasida manfaatlar to‘qnashuvi qanday aniqlanishiga oydinlik kiritilgan. Unga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi quyidagi manbalardan olingan ma’lumotlar orqali aniqlanadi:

  • taqdim etilgan deklaratsiyalar;
  • davlat xaridlarini o‘tkazishda qabul qilingan takliflar, tanlash va tender komissiyalari yig‘ilishi bayonnomalari, tuzilgan shartnomalar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning davlat tashkiloti xodimining faoliyatidagi mavjud yoki taxmin qilinayotgan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi murojaati yoki xabari;
  • affillanganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish moduli;
  • Fuqarolik holati dalolatnomalari reyestri;
  • O‘zbekiston Respublikasi Yagona milliy mehnat tizimi;
  • Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha taqdim etilgan taqdimnoma.

Manbalardan ma’lumotlarni olish so‘rov yuborish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ommaviy axborot vositalari, shu jumladan internetda joylashtirilgan, davlat tashkiloti xodimining taxmin qilinayotgan yoki mavjud manfaatlar to‘qnashuvi holatlari ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va o‘rganish orqali aniqlanadi.

«Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan qo‘shimchaga muvofiq, davlat tashkilotlari xodimlarining har bir holatda manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaganligi BHMning 3 baravardan 5 baravarigacha (takroran bo‘lsa — BHMning 5 baravardan 10 baravarigacha) jarima qo‘llash, modomiki mansabdor shaxslar ushbu vaziyatlarni tartibga solmas ekan, ular BHMning 5 baravardan 10 baravarigacha (takroran bo‘lsa — BHMning 10 baravardan 15 baravarigacha) jarimaga tortish taklif etilmoqda. Ushbu qonun loyihasi muhokamasi ham 25 maygacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 6 iyulda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2021 yil 7 iyulda «Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori imzolangan edi.

Mazkur qonun loyihasi prezidentning yuqorida zikr etilgan farmonida belgilangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021–2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi doirasida ishlab chiqilgan.

Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov davlat xaridlaridagi manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha belgilangan choralar ijrosi haqidagi savolga javob bera turib, bunday holatlarni avtomatik aniqlaydigan tizim ustida ishlar hali davom etayotganini ta’kidlagan edi.

Mavzuga oid