O‘zbekiston | 11:35 / 21.01.2023
36552
8 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyadagi 1997 yilgi inqirozdan O‘zbekiston oladigan darslar

O‘zbekiston “Osiyo yo‘lbarsi” bo‘lish ambitsiyasi borligini 90-yillardayoq bildirgandi. Va bu yo‘lda Janubiy Koreyaning shiddatli rivojlanish tajribasini qo‘llash istagi borligini yashirmagan edi. Biroq o‘zbek hukumati bu tajribaning ijobiy jihatlarini qo‘yib, salbiylaridan – xatolardan “foydalandi”, degan fikrni olg‘a suradi o‘z maqolasida Kun.uz kolumnisti Shahzod Yo‘ldoshboyev.

1960-1990 yillar davomida Janubiy Koreyada yuz bergan rivojlanish jarayoni iqtisodiyot darsliklarida “mo‘jiza” deb ta’riflanadi... Sababi ma’lum: ikki Koreyaning o‘zaro urushidan keyingi 30 yil davr mobaynida Janubiy Koreya eng kambag‘al davlatlar safidan eng rivojlanganlar qatoriga kirib oldi.

Quyidagi jadvalda ko‘k rang bilan aholi jon boshiga ichki yalpi mahsulotning Janubiy Koreyadagi o‘sish dinamikasi ko‘rsatilgan, qizil bilan – dunyo bo‘yicha.

1960 yilda Janubiy Koreyaning o‘rtacha fuqarosi dunyoning o‘rtacha fuqarosidan 8 marta kambag‘al bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib undan 3 barobar boy bo‘lib oldi. 2021 yil ko‘rsatgichlariga ko‘ra, Janubiy Koreya, aholisi nisbatan kam bo‘lishiga qaramay, dunyoning eng yirik o‘n iqtisodiyoti qatoriga kiradi.

Bunday olamshumul natijalarga harbiy diktator Pak Chon Xining agressiv industrial siyosati sabab bo‘lgan deyish odatga aylangan: Pak Chon Xi nufuzli oilalar tomonidan boshqariladigan Samsung, LG, Hyundai, Daewoo kabi katta konglomeratlar tizimini rivojlantirgan. Bu monopol kompaniyalar hukumatning yaqqol favoritlari (erkatoylari) bo‘lgan va barcha mavjud preferensiyalardan foydalangan. Mamalakatdagi barcha tijoriy banklar davlat tasarrufiga o‘tkazilgani bois, mazkur konglomeratlar inflatsiya ko‘rsatkichlaridan-da past stavkada kreditlar olishardi, boshqa kompaniyalardan ko‘ra ikki barobar kam daromad solig‘i to‘lashardi... Shu bilan birga, bankrot bo‘lishdan deyarli kafolatlangan “xavfsizlik yostig‘iga” ega edilar.

60-yillar boshida mazkur siyosat mamlakat eskportini rivojlantirishga xizmat qilishidan umid qilindi. Va Pak Chon Xi hukumati bunga erishdi ham. Ammo 80-yillarga kelib, hukumat o‘z qo‘llari bilan yaratgan chuqurga tushayotgani ayon bo‘lib qoldi.

1979 yilda o‘ldirilgan Pak Chon Xining vorislariga monopolistlarni qo‘llab-quvvatlashdan boshqa yo‘l qolmagan edi, chunki u paytga kelib, butun iqtisodiyotning 70 foizi monopolistlarning qo‘lida edi va ulardan birining inqirozga uchrashi ulkan ko‘lamdagi zanjir reaksiyasini keltirib chiqarishi ayon edi.

Alohida ta’kidlash kerakki, monopolistlar iqtisodiy gigantlar miqyosigacha kattarib ketganiga qaramasdan, ularning samaradorligi mayda kompaniyalardan past edi. Masalan, 1997 yilda Samsung kabi kompaniyalarning samaradorligi oddiy kompaniyalarga nisbatan-da past edi. Bundan tashqari, konglomeratlarning kapitali mahsuldorligi yiliga 9 foiz pasayib bordi.

Resurslarning bu kabi samarasiz ishlatilishi sababi – monopolistlarda davlat banklaridan cheklanmagan mablag‘lar va hukumat subsidiyalarini olish imkoniyati mavjudligi: nega kerak bugun resurslardan ratsional foydalanish, agar ertaga yangisini osongina olish imkoni bo‘lsa? Bu mantiq davlat hamyonidan mablag‘ olish imkoni bo‘lgan barcha kompaniyalarga xos.

Tabiiyki, bepul narsa bir kun kelib tugaydi. 1997 yilga kelib konglomeratlar tomonidan qarzga olingan va o‘ziga tegishli bo‘lgan kapitali orasidagi nisbat 400 foizga yetdi... Bu AQSh kompaniyalaridagi mazkur ko‘rsatkichdan 3 barobar yuqori edi.

Rekord darajadagi savdo defitsiti ham taxminan shu paytga to‘g‘ri keldi va, natija o‘laroq, milliy valutaning AQSh dollariga nisbatan devalvatsiyasi ham. Ko‘plab firmalar dollarda olgan qarzlarini qaytarmay qo‘ydi va mamlakat moliyaviy inqiroz zulmati ichra qoldi. Ishsizlik 4 barobar ko‘paydi va koreyaliklarning o‘ntadan bittasi ishsiz qoldi.

Buning ustiga, 1997 yilning uchinchi kvartalida aholining real daromadlari 14,2 foizga tushib ketdi, eng kambag‘al qatlam uchun yo‘qotishlar esa 23,7 foizni tashkil qildi.

Boshqacha qilib aytganda, besh yil davomida erishilgan iqtisodiy o‘sish yarim yil ichida yo‘qqa chiqdi va Janubiy Koreya Xalqaro valuta fondi va G‘arb hamkorlaridan moliyaviy yordam so‘rashga majbur bo‘ldi.

Inqirozdan so‘ng Janubiy Koreya hukumati moliyaviy tizimni isloh qildi, mustaqil Markaziy bank tuzdi, asosiysi – subsidiyalar hajmini qisqartirdi, bankrotlikka yuz tutayotgan kompaniyalarga beriladigan kafolatlangan yordamni bekor qilish bo‘yicha qattiq pozitsiyani egalladi. Mazkur choralar va tashqi moliyaviy yordam Janubiy Koreyaga iqtisodiy shokdan o‘nglanib olishga yordam berdi.

1997 yilda Janubiy Koreyada yuz bergan moliyaviy inqirozga olib borgan xatolar bugungi O‘zbekistonda “keng ko‘lamda” takrorlanyapti. Masalan, bank sektorimizning 82 foizi davlat nazorati ostida va bu banklar kompaniyalarga kreditlarni moliyaviy mantiqqa muvofiq emas, balki hukumat “mantig‘i” bo‘yicha beryapti. Favorit (erkatoy) kompaniyalarning iqtisodiyotdagi o‘rni o‘sib boryapti. Bizda, 80-yillardagi Janubiy Koreyadagi kabi, monopolistlar tomonidan yaratilgan ish o‘rinlari haqida ko‘p eshitamiz va bu go‘yoki ularning mavjudligini oqlaydi.

Biroq Janubiy Koreyadan farqli bizning iqtisodiy strategiyamiz eksportni rivojlantirishga emas hatto, balki import o‘rnini bosishga qaratilgan, bu esa undan-da xavfli. Tarixdan olinadigan darslar bu kabi ishlar yaxshilik bilan tugamasligiga yaqqol ishora qiladi.

Janubiy Koreya konglomeratlari ustida turuvchi oilalar shu paytgacha qonunlardan ustun turadi, ko‘p holatlarda korrupsiya, mansabdorlarni sotib olish, davlat mablag‘larini talon-toroj qilganlik va boshqa jinoyatlar uchun yengil jazo – qisqa muddatli qamoq bilan cheklaniladi. Davlat o‘z qo‘llari bilan kattakon monstrlarni yaratdi va keyin ularning qurboniga aylandi. Yangi O‘zbekiston esa aynan shu yo‘ldan boryapti, deyish uchun barcha asoslarimiz bor. Boshimiz g‘urra bo‘lmasdan avvalroq o‘zgalarning xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishga bizga nima xalaqit qilyapti?

Aytilishi lozim bo‘lgan so‘ngso‘z

Quyidagilarni alohida ta’kidlash kerak:

O‘zbekiston hukumati Janubiy Koreya erishgan yutuqlarga havas bilan qarashi, ularni takrorlashga urinib kelayotgani ko‘rinib turibdi. Garchi noto‘g‘ri iqtisodiy yo‘l bilan, avtokratik rejim muhitida bo‘lsa-da, Janubiy Koreya erishgan natija – katta eksport hajmiga erishgani o‘zbek hukumati uchun, aftidan, orzu va intilinadigan mayoq. Va bu yo‘lda monopol monstrlarni yaratish ham yomon tasarruf emasdek ko‘rilyapti. Biroq...

Hozirda O‘zbekistonda yuzaga kelgan huquqiy-iqtisodiy vaziyat, to‘g‘riroq qilib aytadigan bo‘lsak – huquqlar ta’minlanmagan iqtisodiy vaziyat o‘sha – biz noto‘g‘ri deb atayotgan va Janubiy Koreyani inqirozga olib kelgan vaziyatdan ancha yomonroq. Va tasavvurimizga zo‘r berganimizda ham, iqtisodiyotni eksportga yo‘naltirish o‘rniga import o‘rnini bosishdek xato yo‘lda ekanimizni e’tibordan chetda qoldirganimiz holda ham, O‘zbekiston bunday vaziyatda eksportni sezilarli oshirishidan umid yo‘q. Chunki hatto shu noto‘g‘ri, inqirozga olib boruvchi yo‘lni uddalash uchun ham... ma’lum qoidalar ishlashi kerak, tadbirkorlarda qonunlar, sudlarga nisbatan ishonch bo‘lishi kerak...

Hozircha esa, ishoralarga qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston “yo‘lidan og‘masdan” keyinchalik jilovlab olish mushkul bo‘lgan yarimkriminal klanlarning ta’siri kattalashib borayotgan mamlakatga aylanmoqda...

Shahzod Yo‘ldoshboyev,
Georgetown universiteti talabasi, AQSh

Kun.uz kolumnistlarni hamkorlikka chorlab qoladi. Dolzarb mavzulardagi mualliflik maqolalarini @Muhammadshakur Telegram-manziliga yuborishingiz mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid