Jamiyat | 19:40 / 23.10.2025
9171
2 daqiqa o‘qiladi

Guvohlar kelmadi: Furqat tumani IIB va maktab direktori ishidagi navbatdagi sud majlisi qanday o‘tdi?

Guvoh tariqasida chaqirilgan (“tezkor tadbir”ning bevosita ishtirokchilari bo‘lgan) IIB xodimlari G‘ayrat Otaqulov va Yusuf Yoqubov kelmagani bois sud ishni ko‘rishni boshqa kunga qoldirdi. Sudlanuvchilar Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov guvohlar eshitilmay turib ko‘rsatma bermasliklarini aytdi.

Foto: Kun.uz

Farg‘onada IIB xodimlari tomonidan tahqirlangan Gulira’no Qosimova ishi doirasida navbatdagi sud majlisi 22 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unga guvoh tariqasida chaqirilgan, “tezkor tadbir”ning bevosita ishtirokchilari bo‘lgan IIB xodimlari G‘ayrat Otaqulov va Yusuf Yoqubov taklif qilingandi. Ammo guvohlarning har ikkisi sudga kelmadi.

Sudlanuvchilar Akmal Xo‘jayev (sobiq IIB boshlig‘i) va Jasur Rasulov (IIB boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari) guvohlar eshitilmay turib ko‘rsatma bermasliklarini aytdi.

Shu sabab sud ishi 24 oktyabrga qadar tanaffus e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz oldinroq Furqat tumanida maktab direktori bo‘lgan Gulira’no Qosimova bilan sodir bo‘lgan holat haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Furqat tumani IIB xodimlari ayolni kaltaklab, kiyimlarini yirtib, yalang‘och holda tasvirga olgani haqida gap boradi. Holat Senat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Ombudsman Furqat tumani IIBning 4 nafar mas’ul xodimi jinoiy javobgarlikdan ozod etilganini ma’lum qilib, holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxsning qilmishi to‘liq va xolisona o‘rganilishini so‘ragan.  

Avvalgi sud majlisida ko‘rsatma bergan Furqat tuman soliq inspeksiyasi sobiq boshlig‘i, ish bo‘yicha jabrlanuvchilardan biri bo‘lgan Qurbonali Abdurahmonov o‘zi bilan bir vaqtda ishlagan tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev unga militsiya xodimlari kuniga 20 ta televizor olib berasan degan topshiriq berganini, u rad etganidan so‘ng IIB boshlig‘i “IIBga qarshi chiqish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yish” bilan tahdid qilganini eslagandi.

Mavzuga oid