Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniyada klasiko, Italiyada favoritlar jangi. Hafta o‘yinlari anonsi
Yevropa futbolida bu safargi uikend «Real» va «Barselona» uchrashuvi bilan bezaladi. Ammo boshqa qiziqarli o‘yinlar ham bor.
Shu haftaning o‘zida Italiya va Ispaniyada turnir peshqadamligi uchun o‘zaro to‘qnashuvlarni, shuningdek, «Old Trafford»da eski «MYu»ning qaytishini kuzatish mumkin. Qizig‘i, manchesterliklar yutsa ham, yutqazsa ham qaysidir ma’noda eski «MYu» qaytgan bo‘ladi. Londonda esa «Arsenal» qatorasiga uchinchi derbida maydonga tushsa, Birminghemda Husanovsiz «Manchester Siti» eng qiyin safar o‘yinlaridan birini o‘tkazadi.
«NAPOLI» – «INTeR» (25 oktyabr, 21:00)
Hozircha moliyaviy imkoniyatlar Italiya klublarini Yevropa miqyosda top-klublar qatoriga qo‘shishga xalaqit bersa-da, tarixan va Italiya darajasida katta klublar A Seriyada hatto Angliyadagidan ham ko‘p. Shuning uchun deyarli har hafta biz chempionlikka, yuqori o‘rinlarga da’vogar bo‘lgan jamoalarning o‘zaro to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz. Hatto mana shu o‘lchovlarda ham «Napoli» va «Inter» to‘qnashuvi bugungi kun nuqtayi nazaridan eng kattasi hisoblanadi. Zero, chempionlik poygasida aynan shu jamoalarni boshqalarga nisbatan favorit deb baholash uchun asoslar yetarli.
«Inter» tarkib va tajriba jihatidan hali ham Italiyaning eng kuchli klubi va Yevropada ham liga sharafini munosib himoya qilayotgan yagona klub. Milanliklar Chempionlar Ligasi finalchisi, bu yilgi musobaqada ham 100 foizlik natija qayd etib kelmoqda. «Napoli» esa amaldagi chempion. Janubliklar yozda Kevin de Bryuyne, Rasmus Hoylund kabi futbolchilar bilan yanada kuchaydi. O‘tgan mavsumda ham aynan shu ikki jamoa so‘nggi turlargacha chempionlik uchun kurashgandi.
Buning ustiga mezbonlar murabbiyi Antonio Konte yaqin o‘tmishda «Inter»da ham ishlagan va bu jamoa bilan ham chempion bo‘lgan. Ayni damda Milanning boshqa klubi chempionat turnir jadvalini boshqarib turgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik «Napoli» va «Inter»ning salohiyatini yuqori baholamoqda va strategik jihatdan bu o‘yin ko‘proq chempionlik uchrashuvi sifatida ko‘rilyapti.
Juma oqshomida kutilmaganda turnir peshqadami «Milan» o‘z maydonida autsayder «Piza» bilan durang (2:2) o‘ynadi. Endi «Napoli» – «Inter» o‘yini g‘olibi shu turdan keyin peshdaqamga aylanib oladi.
Qizig‘i, jamoalar o‘rtasidagi oxirgi uch o‘yin bir xil – 1:1 hisoblarida tugagan. Agar oxirgi 36 o‘yinni olsak ham qiziq simmetriyaga duch kelamiz – har ikki jamoada 12 tadan g‘alaba va yana shuncha o‘yin durang bilan yakunlangan. Shu bilan birga, oxirgi besh o‘yinda «Napoli» «Inter»ni yuta olmayapti. Bu mavsumda «Napoli» o‘z maydonida hozircha yo‘qotishsiz o‘ynamoqda, Chempionlar Ligasidagi hozircha yagona uy o‘yinida ham «Sporting» mag‘lub etildi. Lekin hafta o‘rtasida «PSV» maydonida kechgan o‘yin Antonio Konte faoliyatidagi eng yomon mag‘lubiyatlardan biri bo‘ldi. 76-daqiqada Lukka maydondan chetlatilgach, mezbonlar yana 3 gol urishdi va hisob 2:6 ko‘rinishiga keldi. Holbuki o‘sha o‘yinda «Napoli» birinchi bo‘lib gol urgandi. Neapolliklar undan avval «Torino»dan ham mag‘lubiyatga uchraganini e’tiborga olsak, «Inter» ustidan g‘alaba muxlislar oldida aybini yuvish uchun ayni muddao bo‘ladi.
Tarkiblarga to‘xtalsak, «Napoli» tarkibida Rasmus Hoylund jarohatlangan. U aslida Lukaku jarohatlangani uchun «MYu»dan ijaraga olingandi, lekin endi Konte ikkala hujumchidan ham noyabr boshlariga qadar foydalana olmaydi. U asosiy hujumchi sifatida kimni tanlashi ham qiziq. Shuningdek, Stanislav Lobotka yo‘qligi ham so‘nggi o‘yinlardagi natijalarga ta’sir qilmay qolmayapti. Slovakiyalik markaziy yarimhimoyachi «Inter»ga qarshi o‘yinni ham o‘tkazib yuboradi. Mehmonlardan esa Markus Tyuram yo‘qligi muhim uchrashuvda bilinsa kerak. U ko‘pincha «aldamchi to‘qqizlik» sifatida tushib, Lautaroning soyasida qolishi mumkin, lekin ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha u nafaqat o‘z jamoasida, balki Yevropaning eng yaxshilaridan biri ekanini qayd etish kerak. Shuningdek, Matteo Darmiyan ham ushbu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.
«MANCheSTeR YuNAYTeD» – «BRAYTON» (25 oktyabr, 21:30)
Aynan shu uchrashuv tanlanganining sababi, bu o‘yin natijasi juda muhim savolga javob beradi. Agar «Manchester Yunayted» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, qatorasiga uch g‘alaba – Amorim shogirdlari nihoyat barqaror jamoaga aylana boshlagani va balki yuqori o‘rinlar uchun kurashishini anglatadi. Mag‘lubiyat esa «Enfild»dagi natijani umuman foydasiz qiladi. Jamoa hali ham o‘nglanmaganini, so‘nggi natijalar esa shunchaki, osonroq shartlarda hosil bo‘lgan hodisa ekanini ko‘rsatadi. Shu jihatdan ham murabbiy, ham futbolchilar va muxlislar uchun juda ahamiyatli kun.
O‘tgan mavsumda ham bir qator mag‘lubiyatlardan keyin «MYu» «Enfild»da juda yaxshi o‘yin ko‘rsatgan va hisob 2:2 bo‘lgandi. Keyin Londonda «Arsenal» kubokdan chiqarib yuborilgach, nihoyat Amorim o‘z yo‘liga tushib oldi degan xulosalar aytila boshlagan. Ammo jamoa o‘z uslubida, birinchi raqamda o‘ynashi lozim bo‘lganida, «Old Trafford»da aynan «Brayton»ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.
Umuman, «Brayton» so‘nggi yillarda manchesterliklar uchun o‘ta noqulay raqib sanaladi. So‘nggi olti uchrashuvda «qizillar» atigi bir marta, u ham bo‘lsa mavsum yakunlanib, hech narsani hal qilmaydigan 38-tur o‘yinida mehmonda ustun kelgan. «Old Trafford»dagi oxirgi 3 o‘yinda faqat mehmonlarning qo‘li baland kelgan – 1:2, 1:3, 1:3.
«Brayton» bu mavsum ham yomon emas. Ayniqsa top-raqiblarga qarshi uchrashuvlarda. «Manchester Siti», «Chelsi» va «Nyukasl» mag‘lub etildi, «Tottenhem» bilan durang qayd etildi. Besh o‘yindan beri jamoa mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Shu bilan birga, «Brayton» bu mavsum mehmonda uncha yaxshi ko‘rinmayapti. «Everton» va «Bornmut»ga qarshi uchrashuvlarda mag‘lub bo‘ldi, «Chelsi» ustidan safarda g‘alaba qozonilgan bo‘lsa-da, jamoa hamma golini raqib bir kishi kam bo‘lib qolganda urganini ham e’tiborga olish kerak.
Yana bir qiziq savol – so‘nggi o‘yinlarda «MYu» uzun paslarga ko‘proq murojaat qila boshlagani va ayniqsa, «Liverpul»ga qarshi bahsda yuqori pressingdan deyarli voz kechganidir. «Brayton» de Dzerbi davridan beri bild-apda pastdan, qisqa paslar orqali boshlashga urinadi. Bu bir jihatdan yuqori pressing uchun o‘lja, ikkinchi tomondan, agar raqib pressingda sal xato qilsa, «Brayton» bundan foydalanishga juda usta. Misol uchun, jamoa markaziy himoyachisi van Hekke chiziqlar orasini kesuvchi o‘tkir paslar bo‘yicha APL yetakchisi hisoblanadi. Bundan kelib chiqib, Amorim tajovuzkor pressing bilan raqibni xato qilishga majbur qilishni tanlaydimi yoki biroz ehtiyotkorlik bilan avvalgi xatolarni qilmaslikka urinadimi, ko‘ramiz.
Mezbonlarda deyarli yo‘qotish yo‘q. Umuman, bu mavsumda «MYu» eng kam jarohat olayotgan jamoalardan sanaladi. Hatto Lyuk Shou shuncha uchrashuv qatorasiga asosiy tarkibda o‘ynayotgani ham katta natija. Amorim matbuot anjumanida Maguayr va Mauntda kichik shikastlanishlar borligini aytdi, ammo o‘yinga tayyor bo‘lishlari kerak. Faqat Lisandro Martines tiklangani yo‘q. Mehmonlar safida esa hammasidan ham Mitomaning yo‘qligi sezilishi mumkin – uning maydonga tusha olishi so‘roq ostida. Shuningdek, Veltman va Uebsterda ham jarohatlar bor. Solli March xuddi Lisandro kabi o‘tgan mavsumdan buyon qaytgani yo‘q.
«ASTON VILLA» – «MANCheSTeR SITI» (26 oktyabr, 19:00)
«Manchester Siti»ning so‘nggi yillarda Birminghemdagi uchrashuvlari yodingizda bo‘lsa, bu o‘yinni ham o‘tkazib yubora olmaysiz. O‘tgan mavsum tushunarli, «Manchester Siti» u qadar yaxshi holatda emasdi, lekin ikki yil oldingi o‘yinni eslasangiz, Emeri jamoasi «shaharliklar»ni deyarli «ko‘mib qo‘ygandi». Darvozalarga zarbalar soni mezbonlar foydasiga 22-2 bo‘lgan, umuman, murabbiylik faoliyatida Pep Gvardiola hech qachon bu darajada ojiz bo‘lmagandi. «Villa» maydonidagi oxirgi uch o‘yinda «Siti» g‘alaba nimaligini bilmayapti – ikki mag‘lubiyat va bir durang.
«Aston Villa» bu mavsumni yomon boshlagandi, hatto to‘rt turdan keyin ham birorta go urmagan yagona jamoa bo‘lib turdi. Liga kubogida penaltilar seriyasida «Brentford»ga mag‘lubiyatga uchradi. Lekin keyinchalik jamoa yetakchilari formasini tiklab oldi. Emeri shogirdlari barcha musobaqalar doirasida qatorasiga 5 g‘alabaga erishdi. To‘g‘ri, Yevropa Ligasidagi so‘nggi uchrashuvda Niderlandiya jamoasiga mag‘lub bo‘lishdi, lekin bu o‘yinda ayrim chiziqlarda zaxiradagi futbolchilar tushganini ham unutmaslik kerak. Kesh, Makgin, Rodjyers, Kamara, Konsa kabi asosiy tarkib o‘yinchilariga dam berildi. Tabiiyki, ular «Manchester Siti»ga qarshi o‘yin oldidan ehtiyot qilindi.
O‘z navbatida, Pep Gvardiola jamoasi ham hafta o‘rtasida yevrokuboklarda qatnashdi. Jamoa Ispaniyaga, «Vilyarreal» maydoniga safar qildi. Tabiiyki, rotatsiya qilish qiyin bo‘lgan raqib. Lekin «Manchester Siti» o‘z o‘yinini seshanba kuni, «Aston Villa» esa payshanba oqshomida o‘tkazganini ham qayd etish kerak. Ya’ni mehmonlarda tayyorgarlik uchun ikki kun ko‘proq vaqt bo‘ldi.
Mezbonlar safida Yuri Tilemans yo‘qligi bilinishi tayin. Futbolchi sentabr oyida «Everton»ga qarshi bahsda jarohat olgandi va uning qaytishiga yana bir oy bor. Qizig‘i, Yuri jamoa yetakchilaridan biri, lekin g‘alabali seriya aynan u safdan chiqqanidan keyin boshlandi. Onana – Kamara juftligi hozircha markazda juda samarali harakat qilmoqda. «Manchester Siti» tarkibida Abduqodir Husanov yana o‘ynamaydi. Matbuot anjumanida Pep Gvardiola Husanovning qaytishiga juda oz vaqt qolganini aytdi, shu bilan birga, maydonga tushish uchun xavfli bosqichda ekanini ham ta’kidladi. Undan tashqari, mehmonlar safida Rodri va Niko Gonsalesda jarohat bor. Rayan Sherki so‘nggi ikki uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida ko‘rinish berdi, Gvardiola bu safar unga ko‘proq vaqt berishi mumkin.
«ARSeNAL» – «KRISTAL PELAS» (26 oktyabr, 19:00)
Agar statistikaga qaralsa, APL bu mavsumidagi eng yaxshi himoya va eng yaxshi hujm to‘qnash keladi deb bemalol aytish mumkin. To‘g‘ri, «Kristal Pelas» eng ko‘p gol urgan jamoa emas, lekin vaziyat yaratish bo‘yicha ayni paytda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega. «Bornmut»ga qarshi uchrashuvda (3:3) jamoa 4.44 xG yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Hech bir jamoa ushbu mavsumda bir o‘yinda shuncha vaziyat yarata olmagan. «Arsenal» esa aksincha, o‘z darvozasi oldida deyarli imkon qoldirmayapti. «Fulhem» va «Vest Hem»ga qarshi kechgan so‘nggi ikki uchrashuvda Rayya darvozasiga hatto biror marta ham aniq zarba berilmadi. Umuman, barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda ham, «Arsenal» o‘z darvozasidan atigi 3 gol o‘tkazib yubordi, xolos. Bu gollarning ikkitasi standart vaziyatlardan urilgandi.
Bemalol aytish mumkinki, Arteta jamoasi ayni vaqtda nafaqat Angliyada, balki butun Yevropada eng yaxshi himoya chizig‘iga ega jamoa bo‘lib turibdi. Bu shunchaki nomlar yoki tandemlar bilan ham bog‘liq emas, zero jamoa sardori Saliba jarohat olib bir necha o‘yinda tusha olmaganida ham vaziyat o‘zgarmadi. Bu natijalar zamirida struktura yotibdi, ya’ni kim maydonga tushishidan, raqib qanday uslubda o‘ynashidan qat’i nazar «Arsenal» xavfli vaziyatlar yaratilishiga, xavfli nuqtalardan zarba berilishiga yo‘l qo‘ymayapti. To‘liq nazorat.
Shu tomondan biroz xaotik, lekin samarali hujum qiladigan «Kristal Pelas» bu devorni buzib o‘ta oladimi, juda qiziqarli savol. «Kristal Pelas» ushbu mavsumda faqat bir uchrashuvda, «Chelsi»ga qarshi «Stemford Brij»da kechgan 1-tur o‘yinida 1 dan kam xG to‘plagandi. «Emireyts»da nima bo‘ladi, ko‘ramiz. Bu raqib so‘nggi yillarda «Arsenal» maydonida munosib o‘yin ko‘rsatib kelmoqda. O‘tgan mavsumda 2:2 hisobi qayd etilgandi. Umuman, «Emireyts»dagi oxirgi 8 o‘yin olinsa, «Kristal Pelas» 4 durang va 1 g‘alabaga erisha olgan. Mezbonlar atigi uch marta g‘alaba qozongan. Chempionlik ambitsiyalari uchun ancha past ko‘rsatkich.
Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, mezbonlar safida bu safar boshqa markaziy himoyachi – Gabriel maydonga tusha olmasligi mumkin. Uning jismoniy holati yaxshi emasligi aytilmoqda. Edegor, Havers, Maduekening qaytishi deyarli bir vaqtga – kelasi oy oxiriga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Gabriyel Jyezus yana ikki oy sheriklariga yordam bera olmaydi. Mehmonlar tarkibida yo‘qotishlar yo‘q. Lekin bu jamoa payshanba oqshomida yevrokubok o‘yinida maydonga tushganini hisobga olish kerak. Buning ustiga Glasnerda rotatsiya uchun variantlar hamkasbidagi kabi katta emas. Albatta, Eberechi Ezening sobiq jamoasiga qarshi o‘ynayotgani ham uchrashuvga qo‘shimcha intriga taqdim etadi.
«ReAL» – «BARSeLONA» (26 oktyabr, 20:15)
Ispaniyada bu jamoalar to‘qnash kelganda, boshqa o‘yinlarning ahamiyati ham kamayadi. El klasiko o‘tkaziladigan hafta – mana shu iboraning o‘zi futbol muxlislari uchun dam olish kunlarida yaxshi futbol kafolatlanganini anglatadi. Aynan ispan futboliga qiziqadiganlar esa taqvim chiqishi bilanoq, mavsum boshida El Klasiko qachonligi bilan qiziqib belgilab qo‘yadilar. Bu nafaqat boshlanganda televizorni yoqib, qarshisida o‘tiradigan o‘yin, balki butun rejalaringizni shunga moslaysiz, ulfatlar, qarindoshlar aynan shu uchrashuv uchun tadbirlar tashkil qilishadi. Xullas, sizlarni tabriklaymiz, o‘sha kun yaqin.
Bevosita qarama-qarshilikka to‘xtaladigan bo‘lsak, Ronaldu va Messi La Ligani tark etganidan keyin El Klasiko darajasi biroz pasaygandek tuyulgan, an’anaviy ravishda jamoalar sovrin uchun kurashgan bo‘lishsa-da, maydonda yulduzlar kamayib qolgandek edi. Axir “Real” va “Barselona” to‘qnashganda maydonda dunyoning eng yaxshilari bo‘lishi shart. Madridga Mbappe va Bellinhemning kelishi, Lamin Yamalning paydo bo‘lishi bilan so‘nggi paytlarda o‘sha eski “vayb” yana qaytayotgandek. Chunki endi nafaqat Ispaniya chempionligi, balkim individual sovrinlar, “Oltin to‘p” kabi da’volar ham bor.
Turnir nuqtayi nazaridan ham ahamiyatli o‘yin. Ayni paytda “Real” 24 ochko bilan peshqadam bo‘lsa, “Barselona” hisobida 22 ochko bor. Ya’ni mehmonlarning g‘alabasi La Ligada peshqadamni o‘zgartiradi. “Barselona” Flik kelganidan buyon so‘nggi 4 “El Klasiko”da g‘alaba qozonayotganini ham ta’kidlash kerak. Agar o‘tgan mavsum yozda tashkil qilingan o‘rtoqlik o‘yinini ham qo‘shsak, qatorasiga 5 g‘alaba bo‘ladi. Qizig‘i, undan oldin qatorasiga 4 rasmiy o‘yinda “Real”ning qo‘li baland kelgandi.
O‘tgan mavsumdagi ilk El Klasikoni eslasangiz kerak. “Barselona”ning eng cho‘qqi formaga kirgan davriga to‘g‘ri kelgan, o‘sha o‘yindan bir necha kun oldin kataloniyaliklar “Bavariya” ustidan yirik hisobda g‘alaba qozongandilar. Keyin esa “Real” ustidan 4:0 hisobi qayd etildi. Bu safar ham El Klasiko oldidan “Barselona” Chempionlar Ligasida yirik g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, ayni paytda kataloniyaliklar yaxshi sport formasidan emasligini ta’kidlash kerak. “Olimpiakos”dan oldin “Jirona” bilan so‘nggi daqiqalarda qo‘lga kiritilgan ishonchsiz g‘alaba, undan oldin esa “Sevilya” va “PSJ”ga qarshi uchrashuvlarda mag‘lubiyat. Go‘yoki, Flikning mashhur ofsayd qopqoni o‘xshamayotgandek tuyulmoqda va jamoalar bundan foydalanib yaqqol vaziyatlar yaratishyapti. Ko‘pchilik buni Inigo Martinesning ketgani bilan bog‘lasa, shuningdek, Rafinyaning yo‘qligi ham ta’sir qilayotganini aytish kerak. Zero aynan braziliyalik hujumchi “Barselona” pressingini boshqarar, aynan uning faolligi evaziga “Barselona” nisbatan tezroq to‘pni egallashga muvaffaq bo‘lardi. Yaxshi ma’lumki agar yaxshi kontrpressing bo‘lmasa, himoya chizig‘ining yuqoriga ko‘tarish ancha xavfli hisoblanadi. Bu struktura bilan “Barselona” go‘yoki olov bilan o‘ynashmoqda, Kilian Mbappe bilan bu uslub “Real” uchun yanada qulay bo‘lishi turgan gap.
Afsuski, Rafinya El Klasikoda ham, shuningdek yana bir necha hafta maydonga tusha olmasligi ma’lum bo‘ldi. Rafinyadan tashqari ham yana bir dunyo o‘yinchi bor – Robert Levandovski, Jyul Kunde, Gavi, Olmo, Joan Garsiya, bu sanalgan ismlar ham “Real”ga qarshi bahsni o‘tkazib yuborishadi. Flik mavjud tarkibdan kelib chiqib, o‘z uslubidan biroz chekinadimi yoki qaysarlikda davom etadimi? Darvoqe, Flikning o‘zi ham ushbu o‘yinni murabbiylar o‘rindig‘idan kuzata olmaydi, sababi, “Jirona”ga qarshi uchrashuvda maydondan chetlatilgandi. Mezbonlar tarkibida yo‘qotishlar deyarli yo‘q. Antonio Ryudiger ancha oldin, David Alaba esa undan ham avval safdan chiqqandi.
BOShQA O‘YINLAR
25 oktyabr. Borussiya M – BAVARIYa (18:30), CheLSI – Sanderlend (19:00), NYuKASL – Fulhem (19:00), Brest – PSJ (20:00), Brentford – LIVeRPUL (23:55)
26 oktyabr. Sassuolo – ROMA (19:00), BAYYeR – Frayburg (19:30), Everton – TOTTeNHEM (21:30), Latsio – YuVeNTUS (27 oktyabrga o‘tar kechasi, 00:45)
Mavzuga oid
11:25 / 16.12.2025
«MYu» va «Bornmut» o‘yini gollar shousiga aylandi
14:40 / 15.12.2025
«Siti»da yirik g‘alaba, brazillar Alonsoni qutqardi
22:11 / 14.12.2025
Saudiya shahzodasi "Barselona" klubini sotib olmoqchi
18:16 / 14.12.2025