O‘zbekiston | 11:18 / 04.04.2020
52554
3 daqiqa o‘qiladi

Karantinga qaramay Jizzaxda ota armiyadan qaytgan o‘g‘lining 24 nafar sinfdoshiga ziyofat qilib bergani aniqlandi

Foto: KUN.UZ

3 aprel kuni Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi Cho‘lquvar qishlog‘ida 53 yashar X.Q. 28 mart kuni harbiy xizmatni o‘tab qaytgan o‘g‘lining 24 nafar sinfdoshini yig‘ib ziyofat uyushtirgani aniqlandi. Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, karantin tartibiga bo‘ysunmagan mazkur fuqaro Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan.

IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, karantin tadbirlari e'lon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar respublika bo‘yicha karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq 25057 ta holat aniqlangan. Ular:

  • Toshkent shahrida – 4 241 ta holat; 
  • Farg‘ona viloyatida – 3 019 ta holat;
  • Toshkent viloyatida – 2 641 ta holat;
  • Samarqand viloyatida – 2 449 ta holat;
  • Qashqadaryo viloyatida – 1 977 ta holat;
  • Namangan viloyatida – 1 727 ta holat;
  • Jizzax viloyatida – 1 503 ta holat;
  • Andijon viloyatida – 1 451 ta holat;
  • Sirdaryo viloyatida – 1 399 ta holat;
  • Surxondaryo viloyatida – 1 330 ta holat;
  • Buxoro viloyatida – 1 121 ta holat; 
  • Xorazm viloyatida – 1 040 ta holat;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida - 867 ta holat;
  • Navoiy viloyatida – 292 ta holatni tashkil etmoqda.

“Karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan, hamon qoidabuzarlik holatlari kuzatilmoqda. Misol uchun, 3 aprel kuni Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida yashovchi 1984 y.t. Sh.X. karantin vaqtida, maxsus ruxsatnomasiz “VAZ-2109” avtomobilida fuqarolarni tashib, epidemiyaga qarshi kurashish koidasini buzgani, shuningdek, Samarqand shahrida yashovchi 1970 y.t. I.B. maxsus ruxsatnomasiz avtomashina boshqarib yurgani aniqlangan va har ikki huquqbuzar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga asosan ma'muriy javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, shu kuni Buxoro viloyatining Jondor tumanida yashovchi 1990 y.t. J.J. Qorovul qishlog‘idagi go‘sht do‘konida sanitariya qoidalarini buzgan holda savdo qilayotgani aniqlanib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 53-moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan”, deya Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid