Jamiyat | 13:36 / 21.09.2021
3322
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda ommaviy janjal uyushtirgan 20 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: Tabyldy Kadyrbekov

Ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yilning 31 iyul kuni Surxondaryo viloyati, Uzun tumanida bir guruh shaxslar o‘rtasida bezorilik sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, ommaviy janjal uyushtirgan 20 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, joriy yil 31 iyul kuni Uzun tumanida bir guruh shaxslar bezorilik sodir etgan. 1 avgust kuni Uzun tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan.

Tergov davomida hodisa ishtirokchilarining shaxsi aniqlanib, tergovga jalb qilingan. Jinoyat ishi doirasida jami 20 nafar shaxsga ayblov e'lon qilinib, shulardan 17 nafariga qamoqqa olish tarzidagi, 3 nafariga garov ehtiyot choralari qo‘llangan.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari tamomlanib, 20 nafar shaxsga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan 2021 yil 11 sentabr kuni mazmunan ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati sudiga yuborilgan.

Shuningdek, jinoyat ishining 2 nafar ayblanuvchisiga nisbatan bo‘lgan qismi alohida ish yurituvga ajratilib, viloyat IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida Denov tumanida ham bir guruh shaxslar bir nafar fuqaroga sovuq qurollar bilan hujum qilgan. Oqibatda, bir-biriga tan jarohati yetkazgan 7 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblov e'lon qilingandi. Shuningdek, joriy yil avgust oyida Qarshi shahrida taniqli sportchi Elbek Rahimov bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklanib, so‘ng Chiroqchi tumaniga tashlab ketilgan. Oqibatda, sportchi og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgandi.

Mavzuga oid