O‘zbekiston | 18:58 / 23.07.2021
4305
2 daqiqa o‘qiladi

“Koronavirusga chalinib, karantinga olingan fuqarolar ham prezident saylovida ovoz beradi” - Zayniddin Nizomxo‘jayev

Shifoxonalarda koronavirusdan davolanayotgan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgani bois karantinga olingan fuqarolarning prezident saylovida ovoz berish huquqi ta'minlanadi, deb ma'lum qildi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev.

“Pandemiya sharoitida saylovni tashkil etish bo‘yicha maxsus qarorlar qabul qilinadi. Tez orada bu qarorlar chiqadi. Unda kasallik tufayli o‘z fuqarolik burchini bajarishdan to‘silgan fuqarolarga sharoit yaratish o‘z ifodasini topgan. Uyda bo‘ladimi yoki kovid saralash markazlarida davolanayotgan bo‘ladimi, ularning ham konstitutsiyaviy huquqlari ta'minlanadi.

Saylov komissiyasining ikki a'zosi tibbiyot xodimi ishtirokida maxsus kiyimlar bilan tibbiyot muassasalariga, saralash markazlariga borib, karantin talablari va yo‘riqnoma qoidalari asosida bemorlarning huquqlari ta'minlaydilar.

Karantin tufayli o‘z uyida davolanayotgan insonlarga ham qulaylik yaratish maqsadida ularning uylariga borib, ko‘chma qutilar bilan ovoz berish huquqlari ta'minlanadi. Saylovga ovoz berish kuni arafasidagi epidemiologik vaziyatga qarab ish tutiladi”, – dedi Zayniddin Nizomxo‘jayev 23 iyul kungi matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyul kuni O‘zbekistonda prezident saylovi kampaniyasiga start berildi. Saylov 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadi.

Prezidentlikka nomzodlar saylov kuniga 45 kun qolguniga qadar ma'lum bo‘ladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, saylovlarda 5ta partiya – “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Liberal demokratlar partiyasi (O‘zLiDeP), Xalq demokratik partiyasi va Ekologik partiya o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega.

Mavzuga oid