O‘zbekiston | 15:51 / 27.01.2022
12929
5 daqiqa o‘qiladi

“Kamikadzelar orasida yurgandekman” - Kamoliddin Rabbimov O‘zbekistonda YTHlarning ko‘pligi haqida

“O‘zbekiston yo‘llarida yurganda, o‘zimni kamikadzelar orasida yurgandek his qilaman”, deydi uzoq yillar Fransiyada yashab, yaqinda O‘zbekistonga ko‘chib kelgan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov. U prezident Shavkat Mirziyoyevning “prava”ni sotib olishga qarshi kurashni kuchaytirish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Kamoliddin Rabbimov / Foto: Kun.uz

“Mana, meni uch oydan beri qiynab kelayotgan masalani, prezident aynan men o‘ylagan shaklda ko‘taribdi. Kuzatishlarimga ko‘ra, O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasini sotib olish – juda keng tarqalgan. Bir nechta tanishlarim “mening o‘zim ham sotib olganman” deb, o‘zlari tan olib, kulishdi.

Ba’zi tanishlarimning aytishicha, sotib olingan yoki malakasiz guvohnoma olgan haydovchilar salmog‘i 90%dan ham oshishi mumkin. O‘zbekiston yo‘llarida yurganda, o‘zimni kamikadzelar orasida yurgandek his qilaman.

Fransiyada 67 million aholi bor, mashinalar soni 40 milliondan ziyod. Lekin yilda bir marta avariya ko‘rsak ko‘rardik, yoki u ham bo‘lmasdi. Bu yerda kuniga, kun ora avtohalokat...” – deya yozdi Rabbimov Facebook'dagi sahifasida.

Siyosatshunos yo‘l belgilari yetishmasligiga ham e’tibor qaratib, bunda Ichki ishlar vazirligini tanqid qildi.

“Qolaversa, yo‘llarda yo‘l harakati belgilari umuman yetishmaydi. Belgi qo‘yishda chalkashliklar ham juda ko‘p. Masalan, Samarqanddan Toshkentga yo‘lga chiqqan haydovchi, qancha tezlikda haydashi kerakligini, doim ham bilavermaydi. Sababi, belgilar mutlaq yetishmaydi. Ayniqsa kechasi, bu odamlarni jiddiy chalg‘itadi, adashtiradi. Aholi punkti va daryoni bildiruvchi belgi, bir xil fonda va yozuv stilida ifoda qilinadi. Bunday misollar o‘nlab... Ichki ishlar vazirligining siyosati shuki, odamlar ko‘proq xato qilsa va ko‘proq jarima to‘lasa”, – deydi u.

Facebook'dagi post ostida izoh yozgan qator foydalanuvchilar Kamoliddin Rabbimovning fikrlarini tasdiqlagan.

“Men ham sotib oldim. Yana imtihon uchun alohida berish kerak. 2 marta darsga bordim, uniyam komissiya kelyapti deb chaqirishdi”, – deya yozgan U.N. nikli foydalanuvchi.

“Meni qiynagan narsalar endi aytilyapti. Bittasini bilaman , 20-25 yillardan beri avtomaktabning rahbari. Hech narsasi yo‘q odam edi, hozir rayonni oldilaridan; uy-joyi 2 ta, do‘konlari ham bor, xotini ham 2 ta... O‘zini tutishi ham boshqacha... MREO bilan aka-uka. [...] “Uka, hamma joyda, hatto poytaxtlarda ham yigitlar hurmatimizni qilishadi, chunki yordam qilganmiz deb maqtanadi akamiz”, – deya yozgan Baxtiyor Saparov ismli foydalanuvchi.

“Ayni holatni men ham his qildim O‘zbekistonda. Yo‘llar sifati, yo‘l belgilar va haydovchilarni tubdan isloh qilish kerak. Nega rivojlangan davlatlarda hal qilingan bu muammo bizda isloh qilinmagan?” – degan boshqa bir yuzer Muhammad Solih.

Eslatib o‘tamiz, 26 yanvar kungi yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘llardagi halokatlarda halok bo‘layotganlar soni koronavirus qurbonlaridan kam emasligini ta’kidladi.

“Shu o‘rinda, bir muhim masalaga barchaning e’tiborini qaratmoqchiman. Umuman, haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Mana biz o‘qiganmiz, uch yil o‘qitardi. Hozir 3 oy o‘qiyapti, yana bormasdan guvohnoma olyapti. Nima, O‘zbekistonda qonun yo‘qmi? Shuning uchun, avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda. Agar biz o‘zimiz tan olmasak, chora ko‘rmasak, davom etaveradi”, – dedi prezident.

Davlat rahbari bu muammoni bartaraf qilish uchun adliya va ichki ishlar vazirlari hamda bosh prokurorga topshiriq berdi: ular avvalo o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, ikkinchidan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish “jinoyati”ga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha bir oy muddatda qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi.

Mavzuga oid