O‘zbekiston | 18:50 / 24.03.2022
31401
26 daqiqa o‘qiladi

“Yopiqlik tomon tashlangan qadam” - IIV kiritmoqchi bo‘layotgan taqiq tanqidga uchradi

Qator faollarning fikricha, YPX xodimining videosini internetga beruxsat qo‘yishni taqiqlash – nafaqat ochiqlik siyosatiga, balki qonunlarga ham zid.

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida IIBning xizmat mashinasi tuman markazidagi asosiy ko‘chaga chiquvchi mahalla yo‘lini sababsiz to‘sib to‘xtagan, yo‘lga chiqa olmay qolgan haydovchi signal bergach, YHXB boshlig‘i kelib uning mashinasini jarima maydoniga qo‘ygandi. Yangi tartib kuchga kirsa, bu kabi holatlarda videoni tarqatishdan oldin YHX xodimidan ruxsat so‘rash kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonda xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimlarini foto va videoga olib, ularning ruxsatisiz internetda tarqatish taqiqlanishi mumkin. Shu mazmundagi hukumat qarori loyihasi internet foydalanuvchilarining tanqidiga uchradi.

Kun.uz mavzu yuzasidan ijtimoiy tarmoq faollari bildirgan fikrlar va ularga ichki ishlar vazirining matbuot kotibi bergan javobni havola etadi. Avvaliga esa bu mavzuning ikki muhim jihatiga e’tibor qaratish lozim:

  • Bu loyihaga asos bo‘lgan, prezidentning “Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 8 fevraldagi PQ–118-son qarori ochiq manbalarda yo‘q.
  • Ichki ishlar vazirligi YPX xodimlarining tasvirini ularning roziligisiz internetga chiqarishni taqiqlashga oid hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida o‘z saytida ham, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ham e’lon qilgani yo‘q.

“Kasalni yashirgan bilan isitmasi oshkor qiladi”

Sarvar Qurbonov, Energomenejer Telegram-kanali muallifi:

— Agar davlat xizmatchisi o‘z vazifasini halol va vijdonan bajarayotgan bo‘lsa, fuqarolar uning faoliyatini yoki u bilan muloqot jarayonini videoga olsa, bu faqat va faqat xodimning foydasiga xizmat qiladi. Qachonki, u qonun doirasida harakat qilayotgan, qonundan tashqariga chiqmayotgan bo‘lsa. Xodim o‘zini munosib tutgan bo‘lsa, video tarqalgan taqdirda ham unga hech qanday “minus” bo‘lmaydi.

Fuqaro qaysidir davlat xizmatchisini videoga olib tarqatyaptimi, demak, u nimadandir qoniqmagan yoki unga nisbatan adolatsizlik qilgan bo‘lishi mumkin. Hukumat qarori bilan davlat xizmatchisining xizmat faoliyati videoga olinishi va ushbu tasvirlarning internetda tarqatilishini taqiqlashga harakat qilinayotgani qandaydir sirlar ochilib ketishining oldini olish, deb tushunish mumkin.

Ichki ishlar vazirligi bunday tashabbus bilan chiqishiga sabab soha qonun-qoidalarini yaxshi bilmaydigan, o‘z ishining mutaxassisi bo‘lmagan, korrupsiyaga moyil YPX xodimlari ham borligidir. Fuqarolar tomonidan tarqatilayotgan videolar orqali ularning malakasizligi va qonunga zid harakatlari fosh bo‘lib qolmoqda. Ayrim paytda unvoni va lavozimi yuqori YPX xodimlari ham haydovchilar bilan munosabatda xatoga yo‘l qo‘yib, buning ortidan izza bo‘lib qolayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Qolaversa, xodimlar xizmat vakolatlaridan chetga chiqib, fuqarolarga kuch va tazyiq o‘tkazayotgan holatlar aks etgan videolar ham chiqib ketmoqda. Shu sababli IIV YPX xodimlarini videoga olishni taqiqlash orqali tizim obro‘sini saqlashga urinmoqda, nazarimda.

Keyingi yillardagi ochiqlik va jamoatchilik nazorati ta’sirida yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ancha tartibga tushgan, xodimlar ham haydovchilar bilan o‘zlarini bosib muomala qilishga majbur bo‘lishayotgandi. Agar YPX xodimlarini videoga olish taqiqlanadigan bo‘lsa, ularni qonunga zid harakatlardan tiyib turgan jamoatchilik nazorati mexanizmi yo‘qqa chiqadi, bu esa yana boshboshdoqlikka yo‘l ochishi mumkin. Buning oqibatlari og‘ir bo‘lishi shubhasiz.

YPX xodimlari boshqa davlat xizmatchilari singari xalqqa xizmat qilishi kerak aslida. Ularning vazifasi harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l harakati qoidalariga amal qilinishini nazorat qilishdangina iborat. IIV xodimlarini videoga olishni taqiqlash tashabbusi bilan chiqish o‘rniga ularning malakasini oshirish, sohaga oid qonun-qoidalarni puxta o‘zlashtirishlariga ko‘maklashish haqida bosh qotirishlari yaxshiroq, deb o‘ylayman. Chunki kasalni yashirgan bilan uning isitmasi bir kunmas bir kun oshkor qiladi.

“Internetda tarqalayotgan videolarda xalq haydovchilarning o‘zini malomat qilayotgan holatlar kuzatilayotgandi”

Xurshidbek Maroziqov, tadbirkor, Fikrbank Telegram-kanali muallifi:

— Internetda keyingi paytda tarqalayotgan, YPX xodimi va haydovchining muloqoti aks etgan videolarda ichki ishlar xodimlari haqidagi tasavvurim yaxshi tomonga o‘zgargan. Tan olish kerak: so‘nggi vaqtda internetda tarqalayotgan, YPX xodimlari qora qilib ko‘rsatilgan hamma videolarda ularni tarqatgan fuqarolarni haq deb bo‘lmaydi. Xususan, o‘zim ko‘rgan videolarda, qo‘pol qilib aytganda, tirnoq tagidan kir qidirish, ataylab “GAI” xodimining asabiga tegish yoki shantaj qilish holatlari kuzatilayotgandi.

Balki menga faqat shunaqa videolar ko‘ringandir. Boshqacha vaziyatni ko‘rsatadigan videolar ham bordir, ammo men ko‘rgan holatlarda ko‘proq fuqarolar janjal ko‘tarib, ichki ishlar xodimini muvozanatdan chiqarishga uringanini yoxud shantaj orqali javobgarlikdan qutulib qolishga harakat qilganini ko‘rdim. Bu esa menga ma’qul bo‘lgani yo‘q, ochig‘i. Fikrimcha, bu orqali jamoatchilik ham kim haq, kim nohaq ekanligi haqida xulosa chiqarayotgandi.

Agar IIV mana shunday holatlardan xavotirlanib, buning oldini olish uchun YPX xodimlarini videoga olishni taklif qilib chiqqan bo‘lsa, bu vazirlikning zarariga ishlaydi. Aksincha, internetda tarqalayotgan videolarda xalq ko‘proq ichki ishlar xodimlariga xayrixoh bo‘layotgan, haydovchilarning o‘zini malomat qilayotgan holatlar kuzatilayotgandi. Buni videolarga bildirilgan izohlardan ham bilish mumkin.

Xodimlarning faoliyatini videoga olishni taqiqlash o‘rniga ochiqlikni kuchaytirib, tizimga dog‘ tushmasligi uchun eskicha fikrlaydigan xodimlarning dunyoqarashini o‘zgartirish kerak, deb hisoblayman. Bu harakat IIVni xalqqa yaqinlashtiradi.

Shaxsan o‘zim bilan sodir bo‘lgan holatlardan kelib chiqib, YPX xodimlari bilan chiroyli muomala qilinsa, hech qanday muammo yuz bermasligiga aminman. So‘nggi 4-5 yil ichida YPX xodimi bilan qandaydir nizoli holatga borganimni eslay olmayman. Ya’ni yaxshi muomala qiladigan bo‘lsangiz, ular ham sizga chiroyli muomala qilishadi.

Tanganing hamisha ikki tarafi bo‘ladi. Haydovchi va YPX xodimi munosabatida hamisha haydovchi haq bo‘lavermaydi. Lekin mana shuning uchungina fuqarolarning xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimini videoga olishini taqiqlashni ham oqlab bo‘lmaydi.

“Bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga”

Xushnud Xudoyberdiyev, huquqshunos, Xushnudbek.uz Telegram-kanali muallifi:

— Ichki ishlar tizimini ochiq va shaffof, xalqqa yaqin tizimga aylantirish bo‘yicha ko‘p gapiriladi. Tan olish kerak, ancha ishlar qilindi ham. Buni aytmaslik insofdan emas, albatta. Ammo o‘sha eski davrni qo‘msab, yana yopiqlikni xohlab qolganlar tomonidan barcha qilinayotgan islohotlarni orqaga qaytaradigan bir qaror loyihasi ishlab chiqilibdi.

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida fuqarolarga YPX xodimining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holatda olingan foto va video tasvirlarini uning ruxsatisiz Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirmaslik majburiyati yuklanmoqda.

Muhokama 29 martgacha davom etadi.

Davlat budjetidan, ya’ni xalqning soliqlaridan oylik oladigan davlat xizmatchilari o‘z vazifasini bajarayotgan paytda soliq to‘lovchilarga video va fotoga olishni yoki uni tarqatishni taqiqlash Konstitutsiyaga ham zid. 29-moddaga ko‘ra, har kim axborot olish va uni tarqatish huquqiga ega. Konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan, davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina bu huquq qonun bilan cheklanishi mumkin.

Bu yerda cheklov faqat qonun bilan bo‘lishi kerak, Vazirlar Mahkamasining bunga vakolati ham, huquqi ham yo‘q. Nahotki loyiha mualliflarining shunga aqli yetmagan?

YPX inspektorining va o‘zi umuman boshqa istalgan davlat xizmatchisining ishdan tashqaridagi shaxsiy hayoti qonun bilan himoya qilinadi, bunda albatta rozilik shart. Ammo o‘z vazifasini bajarayotganda cheklashga urinish – bu orqaga qaytish degani.

Bu xuddi bolaligimizdagi bir voqeani eslatadi. Mabodo koptokning egasi futbolda yutqazib qo‘yaversa, alami kelganidan koptogini uyga olib ketib qolardi. Undan ko‘ra, yaxshiroq o‘ynashni o‘rgan, shunda yutqazmaysan, deyish befoyda edi. Ichki ishlar vazirligi ham o‘zicha videolardan arazlab, qaror yo‘li bilan buni taqiqlashga urinmoqda.

Bunaqasi ilgari ham bo‘lgan. Haydovchilarga orqa yon oynaga parda taqishni noqonuniy taqiqlagan vazirlik hamda o‘sha paytdagi YHXBB sudlarda ketma-ket yutqazgandan so‘ng, nohaqligini tan olish o‘rniga, sekingina imi-jimida o‘zlarining foydasi uchun qonunga o‘zgartirish kiritib olmoqchi bo‘lishgandi. Bu haqda avvalroq yozganman. Lekin xayriyat o‘shanda ularning bu nomardlarcha “yurishi” o‘xshamay qolgandi.

Yetar endi. Qachondir tugashi kerak-ku, bunaqa ishlar. Hadeb orqaga qaytaveramizmi?

Nahotki ichki ishlar tizimini xalqning haqiqiy madadkori va do‘stiga aylantirishning boshqa birorta yo‘li yo‘q bo‘lsa?

“Aksar videolar haydovchilarning savodxonligi oshishiga sabab bo‘lmoqda”

Temur A’zam, bloger:

— Xizmat vazifasini bajarish jarayonidagi xodimlarni videotasvirga olgandan so‘ng uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganlar ma’muriy javobgarlikka tortilishini noto‘g‘ri deb hisoblayman. Bunday taklif nimadan kelib chiqqanini ko‘pchilik yaxshi biladi – videolar chiqishi ortidan ayrim YPX xodimlarining xizmat vazifasiga noloyiq ekani, sohaga oid hujjatlar bilan tanishmagani, bo‘layotgan o‘zgarishlardan bexabarligi tobora ko‘rinib qoldi.

Shaxsan o‘zim bilan ham bir necha marta shunaqa holat sodir bo‘ldi: yo‘l harakati qoidalarida ko‘rsatilmagan ayblovlarni qo‘yish, tegishli hujjatlar bilan yetarli darajada tanishmagan xodimlarga duch keldim.

Masalan, bloger xodimni haqoratlasa, kamsitsa, turli montajlar bilan tuhmat qilsa, javobgarlikka tortilishi kerak. Ammo mavjud holatni o‘zgarishsiz olib chiqadigan bo‘lsa, nega javobgarlikka tortiladi?

Vazirlik blogerlar chiqarayotgan videolarni diqqat bilan kuzatib, xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirishi, ular yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklarni bartaraf etishi to‘g‘riroq bo‘lardi. Ammo ular eng oson – og‘izni yopish usulini tanlashdi.

O‘zbekistonda senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi Konstitutsiyada belgilangan. Shunga ko‘ra, qonunan taqiqlanmagan narsani hukumat qarori bilan taqiqlanishi tamoman noto‘g‘ri qaror. IIVning bunday tashabbus bilan chiqishiga keltirilgan asosiy vaj xodimlarning ishchanlik kayfiyatiga salbiy ta’sir qilayotgani ekan. Ammo ishchanligiga ta’sir qilmasin deb ayrim xodimlarning noqonuniy harakatlariga nega ko‘z yumib ketishimiz kerak?

Ochiqlik siyosati ketayotgan bir paytda ba’zi tashkilot rahbarlari norasmiy ravishda bunga qarshilik qilganiga guvoh bo‘lgandik. Bugunga kelib IIV ochiqchasiga senzurani hujjat bilan tasdiqlamoqchi bo‘lyapti.

Yuqorida aytilganidek, ular chiqayotgan videolardan monitoring maqsadida foydalanishlari, xizmat vazifasiga layoqatsiz xodimlarni qayta o‘qitish bo‘yicha ishni tashkil qilishlari to‘g‘riroq bo‘lardi.

Shaxsan o‘zim bir qator blogerlarning videolarini ko‘rib yo‘l harakati qoidalarining nozik jihatlarini o‘rgandim, ba’zi xodimlar ustalik bilan qo‘yadigan “qopqon”larni chetlab o‘ta boshladim.

Aksar videolar haydovchilarning savodxonligi oshishiga sabab bo‘ldi, tizimda biroz bo‘lsa-da shaffoflik ta’minlanishiga olib keldi.

Videolar chiqishi taqiqlansa, savodxonlik darajasi yuqori bo‘lmagan xodimlar o‘zi istagandek ishlashda davom etaveradi. Haydovchilar bilimi oshishiga sabab bo‘layotgan materiallardan bebahra qoladi. Va eng muhimi, ochiqlik siyosati bo‘yicha orqaga juda katta qadam tashlagan bo‘lamiz. Prezident bir paytlar aytgan, orqaga qaytilmasligi haqidagi gapga tamoman zid ish bo‘ladi...

“Undan ko‘ra YPX o‘z safini professional, halol kadrlar bilan to‘ldirsin”

Davletovuz Telegram-kanali:

— Bu yopiqlikka, orqaga tashlangan qadam. YPX xodimi budjetdan maosh olib, xalqqa xizmat ko‘rsatadi. Uni uyida, ishdan bo‘sh vaqtida kimdir rasmga olsa noqonuniy, lekin xizmat vaqtida, ayniqsa, qonunni buzayotgan payti tasvirga olish va uni tarqatish jamoatchilik nazoratiga, shaffoflikka qarshi qadam.

Undan ko‘ra, YPX o‘z safini professional, halol kadrlar bilan to‘ldirsin, toki ularga hech qanaqa kamera xavf bo‘lmaydi, ochiqlikdan qo‘rqmaydi. Bu holat esa jamoatchilik ko‘zidan qochishga urinishdan boshqa narsa emas.

“YPX xodimlarini tasvirga olish – jamoatchilik nazorati instrumenti”

Shahnoza Soatova, adliya vazirining maslahatchisi, bloger:

— YPX xodimlarini foto-videosuratga olib, uning roziligisiz tarmoqqa joylash va tarqatish taqiqlanmoqchi. Biror oylar avval IIV vazir o‘rinbosari ichki ishlar xodimlarini videoga olib tarqatish javobgarlikka sabab bo‘lishini aytgandi. Bunga asos qilib 118-son Prezident qarorini keltirdi. O‘shanda ham jamoatchilikning noroziligi bo‘lgan, IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov vaziyatni yumshatib, gap “taklif kiritish” haqida ketayotganini aytgandi, “ushbu taklif ishlab chiqilgach, loyiha shaklida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi... Shunda ham to‘liq taqiq bo‘lmaydi, lekin qandaydir chegaralar qo‘yiladi” degandi.

O‘shal kun keldi. To‘liq taqiq qo‘yishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi. Endi savol: Prezident va hukumat qarorlari qonundan ustun bo‘la oladimi?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi:

  • “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir”. (29-modda)

Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun:

  • O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har kim axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqiga ega. (4-modda)
  • Ochiqlik va oshkoralik, hamma erkin foydalanishi mumkinligi va haqqoniylik – axborot erkinligining asosiy prinsiplaridir. (5-modda)
  • Axborot ochiq va oshkora bo‘lishi kerak, maxfiy axborot bundan mustasno. (9-moddada maxfiy axborot turlari sanaladi, YPX xodimlari faoliyati bu ro‘yxatda yo‘q)
  • O‘zbekiston Respublikasida senzuraga va axborotni monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. (8-modda)

“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra ichki ishlar organlari “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan tartibda o‘z faoliyatini olib borishi kerak.

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplaridan biri.

“Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, jamoatchilik nazoratining asosiy prinsiplaridan biri jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ommaviyligi va ochiqligi hisoblanadi.

YPX xodimlarining xatti-harakatlarini suratga olish va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish jamoatchilik nazorati instrumenti aslida.

Qonunlarda shuncha ruxsat berib, ochiqlik kafolatlanib turgan sharoitda qonunosti hujjatlari bilan ochiqlik va shaffoflikka taqiq qo‘yishga urinishni nima deb baholash mumkin?

Albatta, IIV bu ishni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, qonun bilangina taqiqlashi mumkin, lekin amalda Parlament bunaqa normani o‘tkazmaslik ehtimoli yuqori.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi esa jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan ekan, unga jamoatchilik jiddiy qarashi kerak.

Umuman, ushbu cheklovlarni belgilash YPX xodimlari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni isbotlash imkonini cheklaydi, ilgari mavjud bo‘lgan nazoratsizlik, “limit”ni bajarish uchun yoppasiga reydlar orqali jarimalarga tortilishlar, protokollar sonining oshishiga xizmat qiladi, deb qo‘rqaman.

“YPXga ishonch pasayadi, bu tizimdagi vijdonli xodimlarga nisbatan adolatdan emas”

Baxtiyor Sheraliyev, biolog, Hujayra.uz loyihasi muallifi:

— Fikrimcha, YPX yoki umuman IIB xodimlarini xizmat vaqtida videotasvirga olishni cheklash – tizimdagi noqobil yoki vazifasiga noo‘rin kelib qolgan, noprofessional kadrlarning tizimga dog‘ tushiruvchi harakatlari ommaga yoyilishining oldini olish maqsadida qilinmoqda. Lekin ko‘rib turibmizki, kasalni yashirgan sari uning isitmasi baribir kasallikni oshkor qilmoqda. Tizimdagi xodimlar professional bo‘lsa, nega videoga olishlaridan qo‘rqishmoqda? Balki kasallikni yashirish o‘rniga uni davolash vaqti kelgandir?

Odamlar nega videotasvirga olmoqda, chunki ayrim xodimlarning noprofessionalligi, ba’zi holatlarda mavjud qonunlarga mutlaqo amal qilmasligi haydovchilarga ma’lum. Yuqorida aytganimdek, hukumat oddiy aholining huquq va erkinliklarini cheklash yo‘llarini izlash o‘rniga, tizimdagi kadrlarning professionalligi ustida ko‘proq bosh qotirsa foydadan xoli bo‘lmas edi. YPX ham, IIB ham xalqqa xizmat qiladi, xalq ularga emas.

Bu kabi harakatlar O‘zbekistondagi endi-endi nish urayotgan so‘z erkinligini cheklash, shu bilan birga jamiyatdagi jamoatchilik nazorati kabi qiyosi yo‘q institutning fundamental asoslariga bolta urishdan boshqa narsa emas. Odamlar IIB xodimlari so‘roq qilgani olib kirib ketgan fuqarolarning o‘lik holda qaytarilgani kabi voqealarni hali unutgani yo‘q. Hukumat bunday qaror bilan oddiy odamlar orasida YPX va IIBga nisbatan ishonchni keskin tushirib yuboradi. Bunday qarorning qabul qilinishi oddiy xalqqa, shu bilan birga o‘sha sohada faoliyat yuritayotgan vijdonli xodimlarga nisbatan adolatli emas.

“YPX xodimlarining shoxi bormidiki, ularni videoga olib tarqatish mumkin bo‘lmasin?!”

Umid Gafurov, Trolluz loyihasi muallifi:

— Har qanday davlat xizmatchisi xalqqa xizmat qiluvchi shaxs hisoblanadi. Xizmat faoliyatiga xalal qilmasdan uni videoga olish normal holat deb hisoblayman, chunki har bir davlat organi va uning har bir xodimi jamoatchilik oldida hisobdor bo‘lishi shart. Shu jumladan YPX xodimlari ham.

Agar videoga olayotgan shaxs YPX xodimlarining xizmat faoliyatiga to‘sqinlik qilsa yoki video orqali ularga tuhmat qilsa, buning uchun shundog‘am qonunlarda javobgarlik ko‘zda tutilgan. Voqelikni buzib ko‘rsatgan yoxud xodimlarni obro‘sizlantirishga uringan shaxslarni ana shu qonun me’yorlari asosida hozir ham bemalol javobgarlikka tortish mumkin.

Ko‘pincha internetda tarqaladigan YPX xodimlari bilan bog‘liq videolarda xodimlarning o‘zi qoidalarni bilmasligi aks etadi. Shuningdek, videoga oluvchilar YPX xodimlari noto‘g‘ri o‘rnatilgan yo‘l belgilari asosida uning javobgarlikka tortishga uringani, ushbu belgilar qayerda joylashgani haqida boshqalarni ogohlantirishni istashadi. Bu orqali haq-huquqlarini o‘rganayotganlar ham bor.

O‘ziga to‘g‘ri bo‘lgan xodimlar kameradan qo‘rqmaydi va hayotda buni ko‘rib turibmiz. Qolaversa, YPX xodimlarning shoxi bormidiki, ularni videoga olib tarqatish mumkin bo‘lmasin?! Shunday ekan, bu jarayonni taqiqlashga urinish absurddan boshqa narsa emas.

Vazirlik nima deydi?

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov tanqidlarga quyidagicha javob qaytardi.

— [...] Masalaga oydinlik kiritsak.

1. Hozirgi kunda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda yoritishga “ixtisoslashib olgan” ijtimoiy tarmoq faollarining deyarli barchasini harakatlari amaldagi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunga zid. Ya’ni har qanday ma’lumot, faqat tekshirilib, xolisligiga ishonch hosil qilinganidan so‘ng, axborot sifatida tarqatilishi shart.

Bu qoidaga rioya etilyaptimi? Aksariyat holda, yo‘q. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining faoliyati tasvirlangan videolavhalar, aynan ziddiyatli, shov-shuvli yoki xodimni obro‘sizlantiruvchi sharhlar bilan, ikkinchi tomonning munosabatisiz ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilishi davom etmoqda.

Ha, siz to‘g‘ri tushundingiz. Kiritilayotgan yangi normasiz ham noxolis axborot tarqatish noqonuniy. Qani ayting-chi, barcha ijtimoiy tarmoq faollari xolislikka rioya qilyaptimi? To‘g‘ri, axborotga aniqlik kiritib, uni xolis tarqatish, ushbu kontentga ommaning qiziqishini keskin pasaytirib yuboradi, bu esa tomoshalar soni qisqarishiga, pirovardida daromadni kamayishiga olib keladi. Lekin, kim aytdi, davlat organi xodimini obro‘sizlantirish orqali daromad topish, bu ochiqlik, deb?

2. Orqaga qaytish, jamoatchilik nazoratini bo‘g‘ish bo‘layotganligini iddao qilayotgan ijtimoiy tarmoq faollariga savol, sizga kim jamoatchilik nazoratini olib borishingizga to‘sqinlik qilmoqda? Xodimning faoliyatiga xalaqit bermagan holda tasvirga oling, noqonuniy harakat bo‘ldi desangiz, munosabat so‘rang, shikoyat qiling, xolis axborotni qo‘lga kiritganingizdan so‘ng, tarqatish masalasini ko‘taring. Kim sizga xalaqit beradi? To‘g‘ri ozgina ko‘proq ishlash kerak, izlanish kerak, surishtirish kerak. Lekin, kim aytdi, axborot tarqatish faoliyati, oson daromad manbai, deb?

3. Ko‘chada ataylab ziddiyatli vaziyatlarni uyushtirish, xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, hattoki buni targ‘ib qilish, qoidani buzib alamzada bo‘layotgan haydovchilarning jazavalari, salbiy yoki noqonuniylikka urg‘u berilgan yozuvlar yohud kontekstdan yulib olingan sharhlar va hokazo salbiy kontent, ochiqlikmi? Yoki aynan shu mazmundagi videolavhalarga “zakaz” berib, ularni sotib olish va tarqatish, ochiqlikmi? Kim bu savollarga javob beradi?

Fikr qilishingiz uchun, mana bu raqamlarga ahamiyat bering, 2021 yilda ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq 707 ta salbiy axborot tarqatilgan bo‘lsa, ularni tekshirish natijasiga ko‘ra, bor-yo‘g‘i 55 tasi o‘z tasdig‘ini topgan. Aytishingiz mumkin, ha, buyam bir ishda, tasdiqlanmagan bo‘lsa, kaftdek munosabat berib qo‘ying, shuni o‘zi bo‘ladi-da, deb.

Lekin bu qonunsizlikning oqibati-chi? Hech bir fuqaro haqiqatni bilmasdan turib yozgan salbiy kommentariyasini o‘chirmaydi, ijtimoiy tarmoq faoli o‘sha xodimni obro‘sizlantirishga olib kelgan kontentini olib tashlamaydi, xodimning yaqinlari yoki farzandlaridan borib, men noto‘g‘ri qilibman, deb, uzr so‘ramaydi.

Qani bu yerda ochiqlikning bo‘g‘ilishi? Qonunga rioya qilishni talab qilish, ochiqlik ta’minlanishini tartibga solish bo‘yicha norma ishlab chiqish, orqaga yo‘lmi?

Yangi norma, yuqorida bayon etilgan noqonuniy axborot tarqatish faoliyatga barham berib, haqiqiy shaffoflikni ta’minlashga qaratilganligi ayni haqiqat. Buni inkor etishga harakat qilmang. Ochiqlik bu qonunsizlik emas. Qonunni talab qilishdan oldin, qonunga rioya qilishni o‘rganish kerak.

Bu masala yuzasidan qo‘shimcha savollar bo‘lsa, marhamat, men bilan bog‘laning.

YPX xodimlarining foto va videosini internetda tarqatishni taqiqlashga oid taklif muhokamasi 29 martga qadar davom etadi.

Mavzuga oid