O‘zbekiston | 23:15 / 09.06.2020
93600
21 daqiqa o‘qiladi

«Sho‘rdanak» va «Qalpoq» ijodkorlari YHXB xodimlari haqidagi hazillari uchun uzr so‘rashdi. Aslida nima bo‘lgan edi?

IIV YHXBBning Telegram’dagi kanalida «Sho‘rdanak» va «Qalpoq» hajviy dasturi ijodkorlari xodimlari haqida tayyorlagan yumoristik ko‘rsatuvlaridagi hazillari uchun munosabat bildirgan videolar e'lon qilindi. Aslida holat qanday bo‘lgan edi? Kun.uz muxbiri voqea ishtirokchilari bilan bog‘lanib, ularning fikrlari bilan qiziqdi.

«Uzr so‘ratishni umuman yo‘qotamiz!»

Shoxruh G‘iyosov, IIV axborot xizmati rahbari:

– Rolikni Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tayyorlagan. YHXBBda yangi axborot xizmati tashkil etildi, ular turkum ko‘rsatuvlar tayyorlashmoqchi. Shu maqsadda yosh ijodkorlar yig‘ilgan. Ular tizimga yangilik kiritish, turli hajviy guruhlar bilan hamkorlikda YHXB bilan bog‘liq hazillarini rolik tarzida tayyorlashmoqchi edi.

Shu maqsadda hajviy ko‘rsatuvlarning mualliflarini yig‘ib, ulardan fikr olingan, nima qilsak bo‘ladi, qanday videolar olinsa, jamoatchilikka manzur keladi deb so‘rashgan. Suhbat yozib olingan va unda qatnashganlar hech bir joyda uzr so‘ramagan, faqat o‘tirib suhbatlashishgan.

U yerda boshqalar ham bo‘lgan. Ular bilan birga o‘tirib, gaplashishgan. Sohani yaxshilash uchun nimalar qilishni taklif etasiz, haqiqatan ham “GAI”ni poraxo‘r deb o‘ylaysizmi, soha xodimlarini hajv qilgan ekansiz, shuning o‘rniga kelajakda boshqacha qilsak, qanday bo‘ladi deb suhbatlashilgan. Ular ham rozi bo‘lishgan. YHXBB axborot xizmatining xatosi orqa fonni o‘xshata olmagan, gaplashish tarzi o‘xshamagan, kamera oldiga ijodkorlarning o‘zini o‘tqazib qo‘yishgan.

Montaj vaqtida, rolik qilayotganda esa yana xato qilishgan. Suhbatni to‘liq chiqarish o‘rniga jamoatchilik tomonidan salbiy kutib olingan joyini chiqarishgan. Shunaqa qilsak yaxshi bo‘ladi deb o‘ylagan-da endi. Natijada hammasi mutlaqo teskari bo‘lib ketdi, “Sho‘rdanak” va “Qalpoq” ijodkorlari ham xafa bo‘lishdi.

Buni chiqarishdan oldin aslida men ko‘rib berishim kerak edi. Qaysidir joyda qaysidir rahbar kelib, aqllilik qilgan. To‘xta, mana bu joyini alohida chiqaramiz, degan. Natijada yaxshi niyatda boshlangan ish teskarisiga aylanib ketgan.

Aslida boshqa hajviy dastur mualliflari bilan ham suhbatlashilgandi, endi ular chiqarilmaydigan bo‘ldi. Kecha hamma salbiy fikr bildirdi, hatto Madaniyat vazirligi ham bu narsaga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi degan bayonot bilan chiqdi.

Hajviy chiqishi, tanqidiy maqolasi uchun jurnalistlarni, ijodkorlarni izza qilish maqsadimiz yo‘q. Aksincha, jurnalistlar bemalol murojaat qilsin bizga, blogerlar murojaat qilsin. Nima bo‘lsa, biz ochiqmiz, tayyormiz. Qanday ma'lumot kerak bo‘lsa, beramiz qo‘ldan kelgancha. Hajviy ko‘rsatuv mualliflari bilan sodir bo‘lgan hodisa bo‘yicha ham istalgan ma'lumotni beramiz. Chunki asl holat mutlaqo boshqacha bo‘lgan.

Yana bitta narsa. Uzr so‘ratishni umuman yo‘qotamiz. Bu karantin paytida paydo bo‘lgan an'ana, shuni nazorat qila olmadik. Natijada boshqalar ham shunday qilish kerak ekan degan xayolga borib, bu g‘alati chellenjga aylanib ketdi. Bundan umuman qutulish kerak.

Odam qonun bo‘yicha bir marta jazolanadi. Buzdingmi, shunga yarasha jazo bor. Uzr so‘ratish, u odamni izza qilish, hamma qarindoshining oldida uyaltirish umuman noto‘g‘ri narsa-da. Karantin paytida negadir shu narsa avjiga chiqib qoldi.

Ro‘y bergan holat uchun biz ham rahbariyatdan gap eshitdik. Buning orasiga Yulduz Usmonovani ham qo‘shib tashlashdi. Aslida maqsad boshqacha edi. Biz ham ijodkorlarning oldida uyalib qoldik. Chunki hammaning oldida “ana, uzr so‘rashdi-uzr so‘rashdi” bo‘lib ketib qoldi. Endi o‘zimiz ulardan borib uzr so‘raymiz. Chunki ularni noqulay holatga qo‘ydik. Qarindoshlarining oldida, farzandlarining oldida noqulay qilib qo‘ydik.

«YHXBBdagilar menga Qozog‘istonga borib yashang», deyishdi»

Rahmonali Suropov, “Qalpoq” hajviy dasturi ijodiy guruhi rahbari:

– May oyi boshida respublika YHXBBga borishimni so‘rashdi. Men ularga balki rolik kerakdir, shunga chaqirishayotgandir deb o‘yladim. Keyin xayolimga balki hali to‘lamagan jarimalarim uchun chaqirtirishyaptimikin degan o‘y ham keldi. Har xil xayolga bordim, lekin kechirim so‘ratish uchun chaqirganlari haqida umuman o‘ylamagandim ham.

U yerga borganimda: «Siz nega bizni sharmanda qilib, bunaqa narsa suratga oldingiz», deyishdi.  Bu hajviya bir yil oldin tayyorlangan edi. Telegram kanallari adminlari esa yaqin orada o‘sha qismini kesib, tarqatib yuborishgan. Lekin bizga bundan manfaat yo‘q, bir so‘mlik foydasi yo‘q buni tarqatishdan. Kim tarqatganiniyam bilmayman.

Menga: «Boshlig‘imiz sizni aslida jinoiy javobgarlikka tortish kerak dedi», deyishdi. Men ijodkor bo‘lsam, yumor bilan ishlasam, qanday jinoiy javobgarlikka tortilishim mumkinligini so‘radim. Agar xohlashsa, sudga berishlari mumkinligini aytdim. Jinoiy javobgarlikka tortilishim mumkinligini aytib, telefonda meni so‘roq qilgan xodimni shaxsan tanimayman.

Bundan tashqari, u mendan «Sizningcha, “GAI”lar pul olishadimi?», deb so‘radi. Men esa «Nega olishmas ekan? Hozir bu gapni haydovchilar eshitsa, kulib yuborishadi», dedim. O‘rtada shunaqa gaplar bo‘ldi.

Ular menga noto‘g‘ri harakat qilganimni aytishdi. Men esa bu ogohlantirish demokratiyaga zid ekanini, Qozog‘istonda ham «melisaxonalar» faoliyati bemalol yumor qilinishini ta'kidladim. Ular menga «Unday bo‘lsa, Qozog‘istonga borib yashang», deyishdi.

Bundan tashqari, YXHB xodimlarining ishi og‘ir ekanini aytishdi, men esa davlatdan maosh olgandan so‘ng ishlashlari lozimligini aytdim.

Videoni ko‘rgan bo‘lsangiz, men ulardan kechirim so‘raganim yo‘q. YHXBBga chaqirishganda xodimlar «Boshlig‘imiz Sardoba masalasida ketgan, biz izohingizni unga ko‘rsatamiz», deyishdi. «Men kameraga gapirishni xohlamayman, sizlardan kechirim so‘ramayman», deb ogohlantirdim. Ular videoni faqat boshliqlariga ko‘rsatish uchun suratga olamiz, degan edi.

Kecha video ijtimoiy tarmoqlarda chiqqach, biz bilan suhbatlashgan YHXBB xodimlariga qo‘ng‘iroq qilib nega ommaga tarqatilmaydi, deb va'da bergan bo‘lishlariga qaramay, uni e'lon qilishganini so‘radim. Suhbat davomida ijodiy hamkorlik qilish, birga qandaydir videolavhalar tayyorlash haqida gap-so‘z bo‘lgani yo‘q.

«Videoni faqat boshlig‘imizga ko‘rsatish uchun yozib olamiz, tarqatmaymiz deyishgandi»

Erkin Cho‘liyev, «Sho‘rdanak» hajviy dasturi ijodiy guruhi rahbari:

– «Sho‘rdanak» hajviy dasturidan kesib olinib, IIV YHXBBning Telegram’dagi kanalida e'lon qilingan videolavha karantindan ancha oldin efirga uzatilgan edi. Nima uchun oradan shuncha vaqt o‘tgandan keyin bu YHXBBning e'tiborini jalb qilganidan, to‘g‘risi, bexabarman.

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasidan qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilishavergani uchun karantin cheklovlariga qaramasdan hurmatlarini qilib idoralariga borgandik. Ammo bizni “javobgarlikka tortamiz” yoki boshqa deb qo‘rqitishgani yo‘q. O‘zaro suhbat davomida hech qanday bosim bo‘lgani yo‘q. Bizga sohamizni kulgiga olyapsizlar, bu faoliyatimizga ta'sir qilyapti deb aytishdi.

Suhbat davomida YHXB xodimlariga nisbatan qilgan hazillarimiz uchun o‘zimizni qandaydir aybdorday his qildik, o‘zi bu hazilni qilmasak bo‘larkan degan xayolga bordik. O‘rtada gina-kudurat bo‘lmasligi uchun “Hazillarimiz og‘ir botgan bo‘lsa, bizdan o‘tgan bo‘lsa, uzr, kechirasizlar. Agar bunday hazillarimiz yoqmayotgan bo‘lsa boshqa bunday hazil qilmaymiz”, deb aytdik.

Bu videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborishlarini bilmagandik. Bilganimizda umuman gapirmasdik. Ular chiqarmaymiz, video o‘zimizda qoladi deyishgandi. Kamerani yoqishayotganda sababini so‘raganmiz, “Videoni boshlig‘imizga ko‘rsatamiz”, deb aytishgandi.

Hajviy dasturimizdagi hazillarimizni mamlakatimizda so‘z erkinligi sohasida bo‘layotgan o‘zgarishlar, islohotlarga tayanib tayyorlaganmiz. Niyatimiz bitta – u ham bo‘lsa odamlarga samimiy kulgi ulashish. Siyosat, iqtisod va boshqa sohalarni hajv qilish tanlagan yo‘nalishimizga to‘g‘ri kelmaydi. Biz hajv orqali xalqimizga xush kayfiyat ulashishni oldimizga bosh maqsad qilib qo‘yganmiz. Bu jarayonda odamlarning ko‘nglidagi gaplarni, kundalik turmushda ro‘y beradigan holatlarni olib chiqsak hazillarimiz haqqoniy, hayotiy chiqadi.

Bizning ishimiz bilan jurnalistlarniki, matbuotniki bir-biriga o‘xshash. Matbuot ko‘tarib chiqolmagan illatlarni hajvchilar yumor tili bilan yoritib berishadi. Bu jarayonda badiiy to‘qima va boshqa ijodiy usullardan foydalaniladi. O‘ylaymanki, buning yomon tomoni yo‘q.

Qaysi soha bo‘lmasin, kamchiliklar ustida ishlansa, bu faqat yaxshilikka xizmat qiladi. Shu ma'noda YHXB xodimlarining xalq orasidagi obro‘si, sohaning imijini yaxshilash uchun ijodiy hamkorlik qilishni, hajv tili bilan sohadagi muammolarni ko‘rsatib berishni taklif qilgandim. Bu taklif IIV YHXBBdagilarga ham ma'qul bo‘lgandi.

Kecha bu narsalar tarqalgan vaqtda men s'yomkada edim. S'yomka jarayonidagi tanaffusda shogirdlar ko‘rsatib qolishdi buni. Asabimiz rosa buzildi. Bir amallab s'yomkani oxiriga yetkazib oldik. Mayli, salomat bo‘lishsin, ammo bu ishlari kayfiyatimizga yaxshigina ta'sir qildi. Yurtdoshlarimizning boriga shukr, ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilarning fikrlarini o‘qib biroz o‘zimizga keldik. Odamlar bizni qo‘llab-quvvatlashmaganda, qaytanga tanqid qilib ketishganda bu sog‘lig‘imiz, ruhiyatimizga yaxshigina zarar yetkazgan bo‘lardi. IIV buning uchun javob bera olarmidi keyin? Bu jiddiy masala.

O‘zi bir martagina chaqirishdi. “Bu ishlaring ma'qulmas” bizga deb ogohlantirishdi. Biz ortiqcha talashib o‘tirmadik, xo‘p dedik. Agar xo‘p deb turib yana shu ishni qilganimizdan keyin bu videoni tarqatishganda boshqa gap edi. O‘zimizda qoladi, faqat boshlig‘imiz ko‘rishi uchun yozib olamiz deya ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborishlari dilimizni og‘ritdi.

«Madaniyat va san'at sohasida cheklovlar qo‘yilsa, u hech qachon rivojlanmaydi»

Madaniyat vazirligi ham «Qalpoq» hamda «Sho‘rdanak» hajviy ko‘rsatuvlari ijodkorlari YHXB xodimlari haqidagi hazillari uchun ichki ishlar organlari xodimlaridan kechirim so‘ragani aks etgan videolarga munosabat bildirdi. Unda qayd etilishicha, madaniyat va san'at sohasida cheklovlar qo‘yilsa, u hech qachon rivojlanmaydi.

“Madaniyat vazirligi hajviya, satira, askiya borasida san'at va ijodni chegaralamaslikni ma'qullaydi. Yillar davomida hajviya orqali jamiyatdagi muammo va illatlarni yo‘q qilishga qaratilgan, bu yo‘l orqali turli soha yo‘nalishlarini isloh qilishga ham ko‘maklashilgan. Bu xuddi jurnalist va blogerlarning bir muammoni olib chiqib, uni xal etilishiga qaratilgan mavzularga o‘xshaydi. Shunday ekan, unda nima uchun bu hazillar o‘rinli qabul qilinmaydi, degan savollar ham yo‘q emas.

Agar hajviya biron-bir shaxsga tegishli bo‘lib, uni kamsitilishiga qaratilgan bo‘lsa, Madaniyat vazirligi bunday ijodlarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Zero, xoh hajviya, xoh drama, askiya hamda satira orqali jamiyatdagi illatlarni davolashga qaratilgan mavzular yoki voqealar namoyon etilsa, uni hech narsa bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi.

Tarixga bir nazar solsak, o‘zbek hajviy adabiyoti sermazmun tarixga egadir. Hajv, satira-voqelikni aks ettirishning alohida g‘oyaviy-badiiy prinsipi sifatida barcha sivilizatsiyalashgan xalqlar adabiyoti, shu jumladan o‘zbek xalqining ham og‘zaki va yozma ijodlarida qadimdan katta o‘rin olib kelgan. Ijtimoiy illatlarning kulgili tanqidi bo‘lgan satira o‘zbek xalq ijodida ham keng tarqalgan edi. Nasriddin afandi, Aldar ko‘sa kabi to‘qima obrazlar hajviy, milliy qahramonlar o‘z zamonasining illatlarini xalq orasida askiyalar va hajviyalar bilan namoyish etishgan. Qadimdan xalqni ichida hajviya, satira, askiya kabi yumoristik ijodlar keng tarqalib, ommalashgan.

Xullas, madaniyat va san'at sohasida cheklovlar qo‘yilsa, u hech qachon rivojlanmaydi”.

Jamoatchilik qanday fikrda?

IIV YHXBB tomonidan «Sho‘rdanak» va «Qalpoq» hajviy ko‘rsatuvlari ijodkorlarining tarmoq xodimlarini hajv qilishgani uchun «so‘roq» qilinishgani ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va blogerlar muhokamasiga sabab bo‘ldi. Bu holatni ular ijod erkinligining bo‘g‘ilishi, senzuraning bir ko‘rinishi sifatida talqin qilishmoqda.

“Biz qachon masalalar zamonaviy va qonuniy yo‘l bilan, ya'ni sud orqali hal qilinadigan davrga kelamiz? Qachongacha muammolar uzr so‘ratish, sazoyi qilish kabi qoloq, shubhali, samarasiz va insonni kamsituvchi usullar bilan hal qilinadi?» – deb yozadi bloger Shahnoza To‘raxo‘jayeva.

«Sho‘rdanak» ham uzr so‘rabdi. Biror mavzuga aralashish mumkin emas, shekilli. Ijod erkinligi qayerda qoldi?! U mumkinmas, bu mumkinmas bilan qayergacha boramiz?»deydi jurnalist Fazliddin Sattorov.

«Bugun tarmoqda IIV tomonidan tayyorlangan video tarqala boshladi. Unda “Sho‘rdanak” hajviy guruhi a'zolari IIO xodimlari haqida tayyorlagan yumoristik roliklari sabab o‘tinib kechirim so‘rashgan.

Men yagona tushunmagan narsam — endi ijod uchun ham uzr so‘rash kerakmi? Mutaassiblik emasmi bu? Hazilni shunchaki qabul qilishni qachon o‘rganamiz? Nima GAI xodimlarining hammasi avliyomi? Ular hech ham pora olishmaganmi?

Unda yozuvchi Tohir Malik «Shaytanat» uchun organ xodimlaridan, G‘afur G‘ulom «Shum bola»dagi mullalar epizodi uchun diniy ulamolardan, Abdulla Oripov esa ayrim she'rlari uchun bir nechta qatlam vakillari va mansabdorlardan kechirim so‘rashi kerakmidi? Ijod-ku bu. Nima bo‘lyapti bizlarga. Nega bunday yashin tezligida g‘or asri tomon ketyapmiz? Baraka topgurlar, axir bu shunchaki yumor-ku. Oddiy yumor. Kuldirishdan boshqa maqsad ko‘zlamaydigan ijod turi.

Bu shunchaki ijod erkinligini bo‘g‘ish va senzuralashdir. Videodagi «krokodil ko‘z yoshlari» uslubidagi uzrlar esa uning majburiyligidan dalolat. Sal bag‘rikengroq bo‘laylik. Yumorni bunday og‘riqli qabul qilish noto‘g‘ri do‘stlar. Yo‘qsa, GAI xodimlari haqidagi minglab xalq latifalarini ham taqiqlaylik. Ularni aytgan odamlarni qamaylik.

Aytgancha, qog‘ozga o‘ramay, hajv qilmay, ijod doirasida emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri IIO xodimlarini haqorat qilgan va hatto sudga ham bormagan Yulduz Usmonova salom aytvordila», – deb yozadi bloger Nozim Safari.

“O‘zbekiston Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (YHXBB) «Qalpoq»chilarga uzr so‘rattirib, juda xunuk, mutlaqo mantiqsiz ish qilibdi. YHXBB tizimida umrida pora olmagan halol xodimlar bo‘lishi ham mumkin, bo‘lganda ham ular juda ko‘pchilikni tashkil etishi mumkin, ehtimol bodi-kameralar ishga tushgach, Toshkentda pora oladigan «komandir»lar qolmagandir ham, lekin bu pora oladigan, tamagirlik qiladigan YPX xodimi umuman yo‘q, degani emas. Buni, menimcha, hamma biladi (lekin YHXBBdagi qaysidir vallomat bilmaydi, deb o‘ylayapman endi).

«Qalpoq» ijodkorlarini uzr so‘rashga majbur qilish g‘oyasi YHXBBning qaysi bir o‘ta halol rahbaridan chiqqani noma'lum, lekin uning betakror mantig‘i bo‘yicha endi «Million» kulgu jamoasi a'zolari ham uzr so‘rashi kerak, o‘sha rahbarning mutlaqo tushunarsiz mantig‘i bo‘yicha endi rahmatli Obid Asomovdan ham uzr so‘rattirish kerak — lavhada aytilayotgan «25-kadr» aynan «Million»-u Obidning sahna ko‘rinishlarida kuchliroq aks etgan axir. Eng yomoni shuki, YHXBB tizimida shu topshiriqqa qarshi chiqadigan, hech bo‘lmasa: «GAI paydo bo‘lganidan beri, million yildan beri ko‘rsatiladigan yumor-ku bu», deydigan odam topilmagani. Eng ayanchli odam — yumorni tushunmaydigan, o‘rni kelsa o‘zining ustidan kula olmaydigan odam. U yuksak darajada halol bo‘lishi mumkin, lekin baribir ayanchli u.

«Qalpoq» ijodkorlarini uzr so‘rashga majbur qilganlar, menimcha, «Taksi» filmidagi telbanamo komissar Jiber, «Pushtirang pantera»dagi inspektor Kluzo, «Politsiya akademiyasi» seriali qahramonlari ishtirokidagi lavhalarni ko‘rganda ham kulmasa kerak. O‘shanda ham «huquq-tartibot posboni ustidan bunday kulish, 25-kadr qilish maqsadga muvofiq emas», deb o‘tirsa kerak. Urib turadigan yuragi, tanasida aylanadigan qoni bor robot bo‘lish oson, lekin rostmana odam bo‘lish baribir qiyin ekan”, – degan bloger va jurnalist Muhrim A'zamxo‘jayev.

“Ijodkorlarning hajviy ko‘rsatuvi uchun uzr so‘rattirayotganlarga bugun qarshilik qilmasak, ular ertaga salbiy qahramonlar aks etgan badiiy asarlarga o‘t qo‘yishni boshlashadi.

Bunday dunyoqarashi tor insonlar uchun hammayoqda ularni maqtashlari kerak, hammayoqda faqat yaxshiliklar gapirilishi shart, illatlar va kamchiliklar mutlaqo aytilmasligi kerak. Xuddiki hech kim ularni tanqid qilmasa, tizim o‘z-o‘zidan tozalanib, yaxshilanib qoladigandek.

Yaxshiyam Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom va Said Ahmadlar bugungi kunda ijod qilmayapti. Yo‘qsa turli sohalardagi illatlar hajv qilingan satirik asarlari uchun butun umri uzr so‘rash bilan o‘tib ketar edi.

Aytgancha, Hojiboy Tojiboyevning oilasini ham qidirib boringlar, marhum qiziqchimizning qilgan hazillari uchun farzandlaridan uzr so‘rattirarsizlar balki, agar shu bilan ko‘nglinglar joyiga tushsa.

He, o‘rgildim...

P.S.: ayrimlarning ochiq haqorati uchun jazolash qo‘lidan kelmaganlar, bugun alamini boshqa ijodkorlardan olyaptimi, nima balo. Eng alam qiladigani, bunaqa ahmoqona ishlarning ortidan sohadagi jonkuyar, fidoyi minglab xodimlar ham birdek aziyat chekadi, ularning ham yuzi shuvut bo‘ladi”, – deb ta'kidlagan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Jamshid Niyozov tayyorladi

Mavzuga oid