Jahon | 15:29 / 10.05.2023
25723
8 daqiqa o‘qiladi

Parad arafasidagi zarbalar va Kreminna atrofidagi ukrain harbiylari. Urush suratlari

Ukrainada urushning 440-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Moskvada G‘alaba paradi o‘tkazildi. Unda ishtirok etish uchun yetti xorijiy davlat rahbari, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari yetakchilari tashrif buyurdi. Ukraina Markaziy Osiyo yetakchilari Moskvadagi paradda ishtirok etishini «do‘stona bo‘lmagan qadam» deb atadi.
  • G‘alaba paradi avjiga chiqqan mahalda Yevgeniy Prigojin navbatdagi videosini e’lon qilib, unda 9 May — «bobolarning» G‘alaba kuni ekanini aytdi va Rossiyaning kelajagi bog‘liq bo‘lgan qandaydir «xushchaqchaq chol»ni tilga olib, «u hammasi yaxshi ekanini aytayotgani», aslida esa u «o‘taketgan ahmoq bo‘lib chiqishi mumkinligi»ni aytgan.
  • Bundan tashqari, Prigojin muntazam armiyaning Baxmut atrofida «Vagner» otryadlari qanotini himoyalashga mas’ul bo‘lgan bo‘linmasi o‘z pozitsiyalarini tashlab qochganini aytgan. Shuningdek, Prigojinning tasdiqlashicha, uning yollanma jangchilari Baxmutdan ketsa, vatanga xiyonatda ayblanish tahdidi ostida qolganini ma’lum qilgan.
  • 9 may tongida Rossiya qo‘shini Ukraina bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘lladi. Dniproda raketa parchalari turar joy binosiga tushib, bir ayolni yaraladi. Kiyevda 15 raketa urib tushirilgan, jabrlanganlar yo‘q.
  • Voronej oblastidagi harbiy aerodrom yaqinida 9 may kuni «noma’lum uchish obekti» urib tushirildi. Astra nashri yozishicha, gap Baltimor aerodromi haqida bormoqda, go‘yoki bu yerga Moskvadagi G‘alaba paradi boshlanishi arafasida hujum qilishga urinish sodir bo‘lgan. Telegram-kanal ma’lumotiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari raketani urib tushirgan. Mahalliy rasmiylar hodisa haqida xabar berishmagan.

Kun kadri. Chasiv Yardagi uy hovlisidagi qabr

Chasiv Yar o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lgan tinch aholi vakilining qabri — bu shahar o‘tgan yil yozidan buyon janglar ketayotgan Baxmutdan 13 kilometr g‘arbda joylashgan. Rossiya qo‘shini muntazam ravishda Chasiv Yar bo‘ylab zarba bermoqda, chunki Baxmutdagi Ukraina garnizoni ta’minoti aynan shu shahar orqali amalga oshiriladi. 9 may kuni Chasiv Yar atrofida Agence France-Presse (AFP) jurnalisti Arman Soldin halok bo‘ldi.
Iryna Rybakova / AP / Scanpix / LETA

Ukraina bosqini fonidagi G‘alaba paradlari

Sovetlarning T-34 tanki Moskvada Qizil maydonda harbiy texnikalar karvoni boshida. Bu yil poytaxtdagi parad oldindan rejalashtirilganidek kechmadi: 3 may kuni Kremlga dronlar hujumi ro‘y berishidan oldinroq ham Rossiya hukumati qator marosimlarni, masalan, «O‘lmas polk» va aviashouni bekor qilgandi. Harbiy texnikalar soni ham qisqartirildi — Qizil maydondan jami T-34-85 rusumli uchta tank o‘tdi, bularning bari 1950-yillarda ishlab chiqarilgan.
Pelagiya Tixonova / Agenstvo «Moskva» / AP / Scanpix / LETA
Noviy Arbatda harbiy texnikalar karvoni o‘tishini kutayotgan moskvaliklar. O‘tgan yillarda bo‘lgani kabi, Qizil maydonga faqat taklifnoma bilan kirish mumkin edi, bunday taklifnomalar urush faxriylari, amaldorlar va ayrim taniqli shaxslargagina beriladi. Moskva aholisi va may bayramlarini o‘tkazish uchun shaharga kelganlar harbiy texnikalar kolonnasini faqat Kremldagi bayramdan keyin ular Moskvani tark etayotganidagina jonli ko‘rishi mumkin. Foto: «Meduza»
Velikiy Novgorod shahrida yashovchilar sovet armiyasi serjanti Fyodor Tretyakov hamda Ukrainada halok bo‘lgan Rossiya armiyasi leytenanti Renat Gaysinning portretlarini ko‘tarib o‘tishmoqda
Anton Vaganov / Reuters / Scanpix / LETA
Pravoslav ruhoniysi Omsk aholisiga sovetlar harbiy avtomobili ZIS-5 kuzovidan (uni «trextonka» deb ham atashadi) salom yo‘llamoqda. Foto: AP / Scanpix / LETA
Rossiya va Estoniyani ajratib turuvchi Narva daryosining Rossiya tomondagi qirg‘og‘ida joylashgan Ivangorod shahrida g‘alaba paradi atayin Estoniya chegarasi yaqinida o‘tkazilib, Rossiya madhiyasi balandlatib qo‘yildi. Bayram arafasida Estoniya tomonga qaratilgan ekran va sahna o‘rnatildi. Ekranga joy ochish uchun Ivangorod qal’asi oldi ko‘p asrlik daraxtlardan tozalangan. Bunga javoban Narvaning o‘zidagi qal’a devorida 9 may kuni «Putin — harbiy jinoyatchi» yozuvi tushirilgan banner paydo bo‘ldi. Rossiya tomoni plakatni olib tashlashni so‘radi, ammo Narva meri Katri Rayk bu Estoniya qonunlariga zid kelmasligi va politsiya ruxsati bilan o‘rnatilganini ma’lum qildi. Bu fotosurat Narvada olingan.
Yevgeniy Feldman / «Meduza»
Yevgeniy Feldman / «Meduza»

Luhansk oblastidagi ukrain askarlari

Ukrainalik harbiy rossiyaliklarning anneksiya qilingan Luhanskdan taxminan 100 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan Kreminna shahri atrofidagi pozitsiyalarini tankka qarshi qo‘l granatomyotidan (RPG) o‘qqa tutmoqda
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Ukraina QK jangchisi Kreminna yaqinidagi pozitsiyada ukrainlar zirhli transportyori (BTR) o‘tishini kuzatmoqda
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Kreminna yaqinidagi front chizig‘ida okopda turgan ukrain askari
Libkos / AP / Scanpix / LETA

Frontning turli nuqtalaridagi ukrain harbiylari

Ukraina bo‘ylab navbatdagi yoppasiga zarbalar

Kiyev ustida urib tushirilgan Rossiya raketasi portlashidan keyingi tutun. Kiyev shahar harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, 9 may kuni erta tongda RF armiyasi Kiyev bo‘ylab 15 raketa uchirgan — ularning bari havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilgan. Jabrlanganlar va jiddiy vayrongarchiliklar haqida xabar berilmagan.
Sergei Supinsky / AFP / Scanpix / LETA
Dniproda 9 may kungi zarbalardan shikastlangan uylardan biridagi kvartira. Dnipropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, RF armiyasi shaharga jami sakkizta raketa uchirgan. Havo hujumidan mudofaa tizimi ularning barchasini urib tushirgan, ammo raketalardan birining qoliqlari turar joy binosiga tushib, bir ayolni yaralagan. 9 may kuni Kiyev va Dnipropetrovsk oblastlaridan tashqari Cherkass oblastiga ham zarba berilgan — bu yerda hech kim halok bo‘lmagan va jabrlanmagan.
Mykola Miakshykov / Ukrinform / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев

Mavzuga oid