Ukraina TIV Armaniston, Qozoğiston, Qirğiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Özbekiston rahbarlarining 9 may kuni Moskvadagi Qizil maydonda ötkazilgan Ğalaba paradidagi iştiroki yuzasidan bayonot berdi.

«Iştirokçilarga öninçi yildirki Rossiyaning Ukrainaga qarşi asossiz tajovuzkor uruşida qatnaşayotgan harbiy texnikalari namoyiş etildi», – deyilgan bayonotda.

Ukraina TIV qayd etişiça, «harbiy jinoyatlarda ayblanib qidiruvga berilgan» Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin öz nutqida «ukrainlarning öldirilişi, ukrain şahar va qişloqlari vayron qilinişi, ukrain bolalarining öğirlanişi hamda Ukrainaning bosib olingan hududlari aholisiga qarşi qatağonlarni oqladi».

«Marosimdan bir kun oldin RF ukrain zaminiga yanada köproq ölim va köproq vayrongarçiliklar keltiriş uçun Ukraina böylab 25 ta qanotli raketa, jumladan 15 tasini Kiyevga qarata uçirdi», – deyilgan bayonotda.

Bayonotda uşbu mamlakatlar rahbarlarining iştiroki «Ukrainaga nisbatan döstona bölmagan qadam sifatida baholangan. «Biz uşbu xorijiy mamlakatlar rahbarlarining Yevropada Ikkinçi jahon uruşi davridan buyon misli körilmagan uruşni boşlagani bilan maqtanayotgan harbiy jinoyatçi yonida turib ommaviy tadbirda iştirok etişini Ukrainaga nisbatan axloqsiz va döstona bölmagan qadam, öz hayoti va ozodligi uçun kuraşayotgan ukrain xalqiga nisbatan iltifotsizlik körinişi sifatida qaraymiz», – deyilgan bayonotda.

Şuningdek, unda 78 yil muqaddam natsizm ustidan qozonilgan ğalabaga Markaziy Osiyo va Kavkaz xalqlari beqiyos hissa qöşgani ta’kidlanadi: «Ular endi Kreml tomonidan natsizm ustidan ğalaba qozonganlar bilan heç qanday aloqador bölmagan soxta aksiyada iştirok etiş uçun foydalaniş taqdiriga loyiq emas».

Paradda nutq sözlagan Vladimir Putin «yana bir bor Rossiyaga qarşi haqiqiy uruş oçilgani»ni aytib, özi tomonidan Ukrainada boşlangan uruşni Rossiya davlatçiligi kelajagi bilan boğladi. Şu bilan birga, u an’anaviy qadriyatlar, rusofobiya haqida ham gapirdi va «Donbass aholisini himoya qiliş»ga va’da berdi.

Öz navbatida, Ukraina hukumatini Putin «jinoiy rejim» deb atadi, Ukrainani qöllayotgan Ğarbni esa mojaro qözğaşda aybladi. «Tizginsiz ambitsiyalar, takabburlik va tiyiqsizlik muqarrar ravişda fojialarga aylanadi. Ukraina xalqi hozir boşdan keçirayotgan falokatning sababi aynan şu. U davlat töntarişi va uning asosida şakllangan ğarb xöjayinlarining jinoiy rejimining garoviga aylandi, ularning şafqatsiz, xudbin rejalarini amalga oşirişda savdo vositasi böldi», – dedi RF prezidenti.

MDH davlatlari rahbarlarining iştirokini u «ajdodlarimizning jasoratiga minnatdorlik munosabati» deb atadi: «Ular birgalikda kuraşdilar va birgalikda ğalaba qozonişdi – SSSRning barça xalqlari umumiy Ğalabaga hissa qöşişdi».