O‘zbekiston | 20:41 / 24.09.2024
16768
3 daqiqa o‘qiladi

“5 oktyabrdan Umra turfirmalari amaldagi litsenziyasi bilan ishlay olmaydi” – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

2024 yil 5 oktyabrdan “umrachi” sayyohlik firmalariga Turizm qo‘mitasi bergan litsenziyalar o‘z kuchini yo‘qotadi. Bunday firmalar endi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan yangi litsenziya olishi kerak. Lekin “vakolatli organ” hozirgacha yangi litsenziya shartlarini e’lon qilmagan. Jamoatchilik talablar kuchaytirilishi ortidan Umra “monopoliyasi” qaytishidan xavotirda.

Foto: Kun.uz

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bayonotiga ko‘ra, 2024 yil 2 iyulda qabul qilingan qonun bilan joriy yil 5 oktyabrdan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya beruvchi vakolatli organ sifatida belgilangan.

Bu yuqoridagi qonunga ko‘ra, joriy yil 5 oktyabrdan Turizm qo‘mitasi tomonidan Umra ziyoratini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyalar avtomatik ravishda to‘xtatilishini bildiradi”, dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ziyorat turizmi bo‘limi xodimi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Shu sababli 2024 yil 5 oktyabrdan boshlab Umra ziyorati xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha Turizm qo‘mitasining litsenziyasi asosidagi faoliyat noqonuniy hisoblanadi. Bu yuridik shaxslarga BHMning 200 baravari (75 mln so‘m) miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Lekin hozircha sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organga aylangan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning o‘zida litsenziya berish uchun tartib-taomillar yo‘q.

Yaqin kunlarda Vazirlar Mahkamasining qarori chiqadi, shu asosida qaror shartlarini bajarganlarga litsenziya beriladi. Qarorda turfirmalarga qanday shartlar borligi haqida ma’lumotga ega emasmiz”, — dedi Diniy qo‘mita xodimi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda turfirmalar uchun majburiy ravishda qo‘yiladigan “garov puli” miqdori 1 million AQSh dollari etib belgilanishi kutilayotgani haqida yozilgandi. Qo‘mita vakili loyiha bilan tanish emasligini aytdi. Ma’lumot uchun, normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portali (regulation.gov)da hozircha bunday loyiha mavjud emas.

Umra monopoliyasi qaytadimi?

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Musulmonlar idorasi Haj-Umra ziyoratini uzoq yillar davomida o‘z monopoliyasi ostida ushlab keldi. Buning ortidan yuz minglab fuqarolar ziyorat uchun yillab navbatlar kutishga majbur bo‘lgan edi.

2022 yilga kelib, jamoatchilik talabi bilan Umra safarini sayyohlik firmalari orqali ham tashkil etishga qisman ruxsat berildi. Shundan so‘ng ziyorat yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi turfirmalar soni keskin oshdi. Raqobat natijasida narxlar bozor tamoyillari asosida shakllandi.

Keyinroq hukumat qarori bilan 2023 yil 1 noyabrdan Umra tadbirlarini tashkil etuvchi turfirmalarning ishi qiyinlashtirildi.

Xususan, ularga litsenziya olish uchun 100 ming dollardan kam bo‘lmagan mablag‘ni bank rekvizitiga zaxira qilishi, diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis va musulmonlar idorasidan guruh rahbari olishi kabi qator shartlar qo‘yildi.

Bunga ham ko‘nib ishlayotgan turfirmalarning “cheklanmagan muddatga olgan” litsenziyasi endi yana tugatiladi. Sohaga yaqin faollarning bildirishicha, Diniy qo‘mita endi turfirmalar uchun litsenziya shartlarini yanada qiyinlashtirishi kutilmoqda.

Mavzuga oid