Chet elga sayohat qilish maqsadida “Lastochka Planeta” MChJga (“Drujba Travel”) to‘lov qilgan o‘nlab fuqarolar aldandi: firma mansabdorlari na pulni qaytargan, na sayohatni tashkillashtirib bergan. Aldanganlar orasida sayohat uchun 15 ming dollardan ortiq pul to‘laganlar ham bor. Pulini qaytarib berishni so‘raganlar hatto tahdidga uchraganini, firma vakillari “ko‘cha bolalarini olib kelib bosim qilganini” aytmoqda.

Toshkent shahridagi “Lastochka Planeta” MChJ chet elga sayohatga jo‘natish va’dasi bilan o‘nlab odamlarni aldadi. “Drujba Travel” nomi ostida faoliyat yuritgan turagentdan jabrlangan fuqarolar Kun.uz’ga murojaat qildi. Ular sayohat uchun to‘lagan pullari qaytarib berilmayotganini aytmoqda.

Murojaatchilardan biriga ko‘ra, u Sharm ash-shayxga 22 kishi sayohatga borishi uchun “Drujba Travel”ga 15 700 dollar to‘lagan. Biroq firma xodimlari turli bahonalar bilan ularni sayohatga yubormay, aldab kelgan.

“18 iyul kuni “Drujba Travel” turfirmasi xodimi Nigora Azizovaga 22 kishiga Sharm ash-shayxga tur qilib berishi uchun 15 700 dollar berdik. Shundan keyin turimizni qilib bergani yo‘q. Mana, 2 oy bo‘libdiki qo‘ng‘iroqlarimizga ham javob bermaydi. 19 avgust kuni Sharm ash-shayxga uchishimiz kerak edi, uchmadik. Telefonimizni ko‘tarmasdan qochib yuribdi. Pulimizni qaytarib ber desak, qaytarib bermayapti. Birinchi 7 300 dollarni berganman, keyin 4 200 dollardan 2 marta to‘lov qilganmiz. Nigora Azizovaga shaxsan o‘zim qo‘lim bilan berganman”, deydi fuqaro Saidamir Asqarxo‘jayev.

“Drujba Travel”ga aldanib qolgan fuqarolarning ayrimlari do‘stlari, ba’zilari oila a’zolari, ota-onasi va farzandlari bilan sayohatga bormoqchi bo‘lgan. Ammo bu orzu-havas va xursandchilik uzoqqa cho‘zilmagan.

“Drujba Travel”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari faol ravishda yuritilgan. Hatto firma o‘z xizmatlarini taniqli bloger va san’at sohasi vakillariga ham reklama qildirgan. “Biz ana shu reklamalarga ishonib borgandik”, demoqda murojaatchilar.

“Avgust oyining boshida 8 kishi Sharm ash-shayxga oilaviy bormoqchi bo‘ldik. Ijtimoiy tarmoqlarda “Drujba Travel”ning reklamasini ko‘rib, 12 avgustda Yakkasaroydagi filialiga bordik. U yerda operator Sevinch Nosirova bizga tur paket taklif qildi. O‘sha tur paket bo‘yicha biz 8200 dollarga shartnoma imzoladik. Avans sifatida 5 000 dollar berdik. Keyin 3 sentabr kuni qolgan summani berish uchun Shayxontohurdagi filialiga borib, direktor Nigora Azizovaga 3 200 dollar berdik. 7 sentabr kuni uchishimiz kerak edi, lekin 6 sentabr kuni ham bizga bilet bilan voucher taqdim qilishmadi. 6 sentabr kuni filialga borganimizda operator qiz Sevinchning o‘zi o‘tirgandi. Soat tungi 1:00 gacha kutdik, na direktor aloqaga chiqdi, na operator bizga vaucher taqdim qildi”,