O‘zbekiston | 16:41 / 13.04.2023
11860
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Jahon bankidan 296 mln dollar qarz oldi

Jahon banki bilan imzolangan 4 ta qarz bitimidan biri ijtimoiy obektlarda energiya samaradorligini oshirish, yana biri barqaror o‘rmonchilikka oid.

Foto: Reuters

O‘zbekiston Jahon banki bilan 296 mln dollar miqdorida 4 ta bitim imzoladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Jahon banki bilan O‘zbekistonda ijtimoiy obektlarda energiya samaradorligini oshirish uchun 143 mln dollar, barqaror o‘rmonchilik va o‘rmon landshaftlarini tiklash loyihasi uchun 142 mln dollarlik qarz bitimlari imzolangan.

“Shuningdek, ikkinchi loyiha doirasida tadbirlar va konsultativ xizmatlarni moliyalashtirish uchun yana 2 ta: 8 mln va 3 mln dollarlik grant bitimlari imzolandi.

Ushbu bitimlar yurtimizda yashil energiyadan keng foydalanish hamda ekologik toza muhitga erishishga xizmat qiladi”, - deydi Jamshid Qo‘chqorov.

Ijtimoiy obektlarda energiya samaradorligini oshirish uchun 143 mln dollarlik qarz bitimi “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasi doirasida imzolangan.

Aprel oyi boshida Jahon banki ishtirokidagi “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori imzolangandi.

Hujjatda loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan O‘zbekistonga 143 mln dollar qarz ajratilishi nazarda tutilgandi.

Shunday qilib, bu qarz mablag‘lari O‘zbekistonga 30 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan ajratilgan.

Loyiha doirasida maktabgacha, maktab va sog‘liqni saqlash sohalarida 800 dan ziyod muassasalarni modernizatsiya etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, loyiha qurilish mollarini (issiqlik izolyatsiya materiallari, quvurlar, eshik va oyna romlari, qurilish materiallari) va uskunalarni (qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, isitish tizimi, isitish qozonlari va h.k.) sotib olish; qurilish-montaj ishlari; energiya audit xizmatlarini ham o‘z ichiga oladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining xabar berishicha, Jahon banki delegatsiyasi bilan uchrashuvda “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi ham muhokama qilingan.

2020 yilda qabul qilingan prezident qaroriga muvofiq, bu loyiha doirasida Farg‘ona, Andijon, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida bir qator ishlar amalga oshirilyapti.

Xususan, 2020–2024-yillar davomida bu 5 ta viloyatning 21 ta tumanlaridagi 306 ta mahallalarda bazaviy infratuzilma va ijtimoiy soha obektlarini yangilash va bu bilan 1,3 million nafarga yaqin aholining turmush darajasini yaxshilash reja qilingan. Bu maqsadlar uchun 183,6 mln AQSh dollari yo‘naltirilyapti.

Mavzuga oid