O‘zbekiston | 10:26 / 07.11.2023
31417
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyati prokurori lavozimidan ozod qilindi

2020 yil noyabr oyidan Navoiy viloyati prokurori bo‘lib ishlab kelgan Baxtiyor Ahmedov Bosh prokuraturaga ishga o‘tkazilgan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Navoiy viloyati prokurori Baxtiyor Ahmedov Bosh prokuraturaning Ijtimoiy sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat prokuraturasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Azamat Mirzayev esa Navoiy viloyatining yangi prokurori bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Baxtiyor Ahmedov 1976 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent davlat yuridik institutini huquqshunos mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

1998–2001 yillarda Yangiyer shahar prokuraturasi ish o‘rganuvchisi, yordamchisi, katta tergovchisi, 2001–2002 yillarda Sirdaryo viloyati prokuraturasi ichki ishlar idoralarida Tergov va surishtiruv ustidan nazorat qilish bo‘limi prokurori vazifasini bajaruvchi, bo‘lim prokurori, 2002–2006 yillarda Sirdaryo viloyati prokurorining voyaga yetmaganlar haqidagi qonunlar ijrosi ustidan nazorat bo‘yicha katta yordamchisi sifatida ishlagan.

2006–2008 yillarda Prokuratura organlarida tergovni nazorat qilish boshqarmasi tarkibidagi axborot tahlil bo‘limi prokurori bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. 2008–2017 yillarda Sirdaryo viloyati prokuraturasida turli lavozimlarda ishlagan. Ahmedov 2017–2018 yillarda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i, 2018–2019 yillarda Navoiy viloyati prokurorining o‘rinbosari, 2019 yildan 2020 yilga qadar Sirdaryo viloyati prokurori o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2020 yil 26 noyabrda Navoiy viloyati prokurori lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid