O‘zbekiston | 18:48 / 28.07.2023
14167
3 daqiqa o‘qiladi

4 mlrd so‘mga 16 ta Tracker – Sirdaryo viloyat hokimi o‘rinbosarlari va mahalliy hokimlarga yangi xizmat mashinasi olib beriladi

Sirdaryo viloyatida mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan viloyat hokimi o‘rinbosarlari hamda tuman va shahar hokimlari uchun16 ta Tracker xarid qilishga 4 mlrd so‘m ajratildi. Bu haqda mahalliy kengash qarori qabul qilingan. Ammo viloyat hokimi o‘rinbosarlarida ham, ayrim tuman va shahar hokimlarida ham yangi xizmat mashinasiga muhtojlik yo‘q.  

E-qaror platformasida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashining VI-52-98-9-0-K/23 raqamli qarori e’lon qilindi. Hujjat bilan ayrim “xarajatlarga” viloyat mahalliy budjetining 2023 yilda shakllangan qo‘shimcha manbalari hisobidan 7,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratish nazar tutilgan. 

Qaror ilovasida ajratilgan mablag‘ nimaga yo‘naltirilishi keltirib o‘tilgan. Jumladan, viloyat hokimining o‘rinbosarlari hamda tuman va shahar hokimlariga 16 ta Tracker avtomobilini xarid qilish uchun 4 mlrd so‘m ajratilgan.

Sirdaryo viloyati hokimining 8 nafar o‘rinbosari bor. Ammo ayni paytda ularning ixtiyorida ishlab chiqarilganiga 6 yildan oshmagan xizmat mashinalari mavjud.

Jumladan, viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Raximjon Boboyev 2019 yilda ishlab chiqarilgan Malibu mashinasidan foydalanadi. Viloyat hokimining o‘rinbosarlari – Dilmurod Abdurahmonovda 2022 yilda ishlab chiqarilgan Hyundai Santa Fe, Erkin Mo‘minovda 2018 yilda ishlab chiqarilgan Lacetti, Vohid Ibodullayevda 2022 yilda ishlab chiqarilgan Hyundai Tucson, Bahodir Botirovda 2019 yilda ishlab chiqarilgan Malibu, Shoxruh Isoqulovda 2020 yilda ishlab chiqarilgan UAZ 3163485 xizmat mashinasi bor. Viloyat hokimining bugun ishdan olingan o‘rinbosari Shavkat Zayniddinov 2017 yilda ishlab chiqarilgan Captiva mashinasidan foydalanib kelgan.  

Tuman va shahar hokimlarining ham barchasini yangi Tracker’ga muhtoj deb bo‘lmaydi. Sababi, Shirin va Yangiyer shaharlari hamda Oqoltin va Mirzobod tumanlari hokimlari 2019-2020 yillarda ishlab chiqarilgan Lacetti mashinalaridan foydalanishadi. Sardoba va Guliston tumanlari hokimlarida esa 2019 yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Niva bor.

Ochiq manbalarga ko‘ra, Sirdaryo viloyati hokimligi hamda barcha tuman va shahar hokimliklari tasarrufida jami bo‘lib 107 ta mashina bor. Ularning eng eskisi 1996 yilda ishlab chiqarilgan Mersedes-Bens mashinasi hisoblanadi. 27 “yoshli” ushbu mashinadan Xovos tumani hokimi foydalanadi.

Mavzuga oid