Jahon | 17:45 / 12.09.2021
25424
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQSh O‘zbekistondagi afg‘onistonlik uchuvchilarni evakuatsiya qiladi 

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida afg‘on uchuvchilari va ularning oila a'zolarini Amerikaning Dohadagi harbiy bazasiga ko‘chirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ammo Afg‘oniston armiyasining Surxondaryoga olib o‘tilgan 46ta samolyoti va vertolyoti taqdiri hozircha noma'lum.

O‘zbekiston hududida vaqtincha bo‘lib turgan afg‘onistonlik harbiy uchuvchilar 12 sentabr kuni amerikaliklarning Dohadagi harbiy bazasiga olib borib joylashtirilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar bergan.

Afg‘on qochqinlari vaqtincha Dohada yashab turishadi, ularning keyingi manzili keyinroq ma'lum qilinadi. Hozircha ularning qanchadir qismi AQShga olib ketilishi borasida ma'lumot yo‘q.

Qariyb bir oy muqaddam harbiy harakatlar vaqtida Afg‘oniston harbiy havo kuchlari samolyotlari va vertolyotlari orqali afg‘on uchuvchilari va ularning oila a'zolari O‘zbekiston hududiga qochib o‘tgandi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, Surxondaryodagi aeroportga 22 harbiy samolyot va 24 vertolyot orqali jami 585 kishi kelgan. Olib o‘tilgan harbiy texnikalar qatorida PC-12 rusumli yengil motorli samolyotlar, Amerikada ishlab chiqarilgan Black Hawk rusumli hamda Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-17 rusumli harbiy vertolyotlar ham bor.

Ma'lumotlarga ko‘ra, kuzatuv davomida afg‘onlarning Embraer-314 rusumli samolyoti o‘zbeklarning MiG-29 rusumli samolyoti bilan to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan.

Hozircha harbiy texnikalar Amerikaga topshirilishi yoki Afg‘onistonga qaytarilishi borasida qaror qabul qilinmagan.

Hokimiyatga kelgan toliblar afg‘on uchuvchilarining mamlakatni tark etishiga, shuningdek, ularga biror davlat boshpana berishiga norozilik bildirgan.

«Bu uchuvchilar o‘z mamlakatiga qaytishlari kerak, Afg‘oniston ularga muhtoj. Biz mamlakatimizni endigina tiklashni boshlayapmiz. Dunyo ahli Afg‘onistonni qayta qurish va xalqimizning iqtisodiy farovonligiga to‘sqinlik qilmasdan, bizga yordam berishi kerak», degan harakat rasmiysi Suhayl Shahin matbuot anjumani vaqtida.

Bundan tashqari, «Tolibon» olib qochilgan aviatsiya texnikalarini ham qaytarishni talab qilgan.

WSJ nashrining qayd etishicha, afg‘on armiyasi uchuvchilari toliblarning asosiy dushmanlari sanalgan, uchuvchilar urush vaqtida ularning pozitsiyalariga bombalar yog‘dirib, eng ko‘p talafot keltirgan. «Tolibon»ning sobiq hukumat amaldorlari va harbiy xizmatchilariga amnistiya e'lon qilganiga qaramay, uchuvchilar o‘z hayoti va yaqinlari hayoti uchun xavotirda va mamlakatga qaytishni istashmagan.

  • Avgust oyi oxirida WSJ O‘zbekiston AQShni «Tolibon» bosimi tufayli afg‘on uchuvchilarini chiqarib yuborishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirgani to‘g‘risida xabar qilgandi.
  • Sentabr oyi boshida Reuters O‘zbekistondagi lagerda bo‘lib turgan, AQSh dasturlari doirasida o‘qitilgan afg‘on uchuvchilari Afg‘onistonga qaytarib yuborilishlaridan qo‘rqayotgani haqida reportaj tayyorlagandi. «Agar bizni Afg‘onistonga qaytarishsa, ular (toliblar) bizni o‘ldirishi 100 foiz aniq», degandi uchuvchilardan biri. Reuters lager tasvirlarini ham e'lon qilgandi.

Mavzuga oid