Jamiyat | 19:46 / 17.12.2025
36008
10 daqiqa o‘qiladi

Qalovini topsa, qor ham yonadi: bezoriligi uchun 8 yilga qamalgan Akmal Shukurovni apellyatsiya sudi ozodlikka chiqarib yubordi

Tungi klub oldida tanishini himoya qilishga uringan shaxsga kuchli zarba berib, komaga tushirib qo‘ygan Akmal Shukurov voqea joyidan qochib ketgan va ko‘p o‘tmay Qozog‘istondan ushlab kelingandi. U qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishdan tashqari juda ko‘p miqdorda firibgarlik va bezorilik jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Apellyatsiya sudi tayinlangan 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirdi va uni sud zalidan qamoqdan ozod etib yubordi.

Toshkent shahridagi tungi klub oldida zo‘ravonlik qilgan Akmal Shukurov ozodlikka chiqarildi. Unga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqqan apellyatsiya sudi dastlabki sud hukmini o‘zgartirdi.

Sud ajrimida keltirilishicha, Akmal Shukurov fuqaro I.Sh.ga Germaniya davlatidan 3 ta Mercedes-Benz mikroavtobusini yetkazib berishni va’da qilib, 2022 yil 8 avgustga qadar undan 215 ming yevro miqdorda pul olgan. Biroq va’da qilingan mikroavtobusdan ikkitasini yetkazib bermasdan, I.Sh.ning 191 600 yevro mablag‘ini shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Shuningdek, Akmal Shukurov 2024 yil 17 noyabr kuni tunda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Bootlegger” kafesida o‘zaro kelishmovchilik ortidan tanishi M.A.ni urib, tan jarohati yetkazgan.

2025 yil 16 mart kuni tunda esa u Yakkasaroy tumanidagi “The Tower” mehmonxonasi yonida restorandan chiqqan K.Ye.ga tegajog‘lik qilgan. Ayolning turmush o‘rtog‘i A.X. xotinining sha’nini himoya qilganida Akmal Shukurov erkak va ayolga, shuningdek, voqea joyida bo‘lgan Ye.K.ga zarba bergan. Buning oqibatida X.A. va Ye.K. yengil tan jarohati olishgan.

Bundan tashqari, Akmal Shukurov o‘sha kuni “The Tower” mehmonxonasi yonida uning bezorilik harakatlariga chek qo‘ymoqchi bo‘lgan B.ning yuziga musht tushirib, unga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan. Buning oqibatida 35 yoshli B. bosh miya jarohati, o‘ng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yaqinlari unda tezkor ravishda 5 soatlik miya trepanatsiyasi operatsiyasi o‘tkazilganini, so‘ngra sun’iy komaga tushirilganini aytgan.

Voqea joyidan qochib yashiringan Akmal Shukurov ko‘p o‘tmay Qozog‘istonda qo‘lga olingandi.

JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, Akmal Shukurovga Jinoyat kodeksining:

  • 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, juda ko‘p miqdorda firibgarlik bilan 8 yil;
  • 277-moddasi 3-qismi “g” bandi, bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bezorilik bilan 3 yil;
  • 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi, bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan 5 yil muddatga, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Jinoyat ishini ko‘rib chiqqan apellyatsiya instansiya sudi Akmal Shukurovga jazo tayinlashda aybiga qisman iqrorligi, qilmishidan pushaymon ekanligi, jabrlanuvchilarning moddiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligi, muqaddam sudlanmaganligi, jabrlanuvchilar tomonidan sudlanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo so‘raganligi jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topgan.

Firibgarlik epizodi bo‘yicha, Shukurovning yaqinlari tomonidan Sudlar departamenti Toshkent shahar hududiy bo‘limi hisob raqamiga to‘langan 2 mlrd 694 mln so‘m mablag‘dan 2 mlrd 301 mln so‘mni jabrlanuvchi I.Sh.ga yetkazilgan moddiy zarar hisobiga qaratish belgilangan. Ushbu epizod bo‘yicha yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan deb topilgan. Bezorilik hamda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish epizodlari bo‘yicha jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi qayd etilgan.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudining 2025 yil 9 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra, Akmal Shukurovga Jinoyat kodeksining:

  • 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda (yetkazilgan zarar qoplangani sababli) ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari;
  • 277-moddasi 3-qismi “g” bandi, bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bezorilik bo‘yicha 3 yil muddatga ozodlikni cheklash;
  • 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi, bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bo‘yicha Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llangan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan.

Shu tariqa, Akmal Shukurovga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Uning 2025 yil 21 mart kunidan 2025 yil 9 dekabrgacha qamoqda bo‘lgan 263 kuni jazodan chegirilib, o‘tash uchun 3 yil 3 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan. U darhol sud zalidan qamoqdan ozod qilingan.

Akmal Shukurov muqaddam ham tungi vaqtda kafeda bezorilik qilgan: u 2022 yil 2 sentabr kuni soat 23:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi kafeda fuqaro E.G.ni do‘pposlab, tan jarohati yetkazgan. JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2022 yil 14 dekabrdagi ajrimi bilan tomonlar yarashganligi munosabati bilan Akmal Shukurovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatilgan.

Sud “bag‘rikenglik” qilibdi

Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandida bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyati nazarda tutilgan. Bunday jinoyat uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi. Apellyatsiya sudi shu qilmishi uchun Akmal Shukurovga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llangan holda modda sanksiyasida nazarda tutilmagan (!) ozodlikni cheklash jazosini bergan.

Kun.uz ayni shu modda bilan 2025 yilda ko‘rilgan bir nechta sud hujjatlarini o‘rgandi.

Jumladan, Guliston shahar sudining 2025 yil 5 martdagi hukmiga asosan 22 yoshli Fayozbek Tojiboyev Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Sud hukmiga ko‘ra, u mast holatda Guliston shahridagi savdo do‘koni ro‘parasida o‘ziga oldindan tanish bo‘lmagan fuqaroni urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Sirdaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 11 apreldagi ajrimiga ko‘ra, birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirilib, Fayozbek Tojiboyevga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Sirdaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2025 yil 25 iyundagi ajrimi bilan esa apellyatsiya instansiyasining ajrimi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Mavsumiy ishchi bo‘lgan, muqaddam sudlanmagan Fayozbek Tojiboyev shikoyatida aybiga iqrorligini, jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini, unga yetkazilgan zarar qoplanganini aytib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan. Biroq sud negadir unga Akmal Shukurovniki kabi modda sanksiyasida nazarda tutilmagan ozodlikni cheklash jazosini bermasdan, ozodlikdan mahrum qilish jazosida qoldirgan. Taftish sudi jazoni yengillashtirish uchun asoslar mavjud emas deb hisoblagan va keltirilgan shikoyatni rad etgan.

Yana bir holatda Tomdi tuman sudining 2025 yil 16 maydagi hukmiga ko‘ra, 1992 yilda tug‘ilgan Saidjon Kamolov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llangan holda 2 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Ushbu ish tafsiloti ham Akmal Shukurovniki bilan bir xil: muqaddam sudlanmagan Saidjon Kamolov Navoiy shahrida o‘ziga oldindan tanish bo‘lmagan fuqaro bilan tortishib, uning yuziga musht tushirgan. Zarba oqibatida jabrlanuvchi asfaltga qulagan va og‘ir tan jarohati olgan. Buni ko‘rgan Saidjon Kamolov voqea joyidan yashiringan.

Navoiy viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 26 iyundagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan. Saidjon Kamolov apellyatsiya shikoyatida aybiga iqrorligini, jabrlanuvchining unga nisbatan da’vosi yo‘qligini, yetkazilgan zararni qoplaganini, oilada yolg‘iz boquvchi (!) ekanini aytib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan. Hatto jabrlanuvchi ham sudlanuvchining voyaga yetmagan farzandlari borligini, unga nisbatan da’vosi yo‘qligini aytgan. Biroq hukm o‘zgarmagan.

Navoiy viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2025 yil 7 oktyabrdagi ajrimi bilan Saidjon Kamolovning taftish shikoyati ham rad etilgan. Ya’ni, Akmal Shukurovga qo‘llangani kabi “imtiyoz” negadir bu sudlanuvchiga ravo ko‘rilmagan.

Yuqoridagi har ikki holatda sudlanuvchilar faqat bitta, ya’ni bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan ayblanib, qamoqda qolgan. Akmal Shukurov esa Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha aybli deb topilsa ham ozodlikka chiqarilgan. Bu O‘zbekistonda sud tizimida qalovini topsa qor ham yonishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid