Jamiyat | 10:33 / 15.01.2021
23940
6 daqiqa o‘qiladi

Urganchdagi manfaatlar to‘qnashuvi: avtomobillar texnik ko‘rigini IIV YHXB mansabdoriga aloqador firma amalga oshirmoqda

Urganch shahri va Urganch tumanida transport vositalari «AVTO TRANS SER» MChJ tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Ushbu korxona ta'sischilaridan kamida bir nafari Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mansabdor shaxsiga aloqador bo‘lishi mumkin.

1 yanvardan Xorazmda transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish tadbirkorlik sub'yektlariga topshirildi. Natijada majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun to‘lanadigan pul miqdori qariyb uch barobar oshgan.

Hammasi nimadan boshlandi?

2017 yil 22 dekabrda Vazirlar Mahkamasining «Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 1010-sonli qarori qabul qilingandi.

Qarorning 2-bandiga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalari tadbirkorlik sub'yektlari – yuridik shaxslar tomonidan majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilangan.

Qaror ijrosini ta'minlash maqsadida 2021 yil 1 yanvardan Xorazm viloyatining barcha shahar va tumanlarida YHXB organlari tomonidan transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish to‘xtatildi. Haydovchilarga esa texnik ko‘rik faqat tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan o‘tkazilishi haqida ko‘rsatma berilmoqda. Xorazm viloyati YHXB texnik nazorat bo‘limi bergan ma'lumotga ko‘ra, bu haqda vazirlikning ichki buyrug‘i bor.

Bu qanday oqibatlarga olib keldi?

Birinchi navbatda texnik ko‘rikdan o‘tish narxi keskin oshdi. Misol uchun, qonunchilikda DYHXX (Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati) organlari tomonidan texnik ko‘rik xizmati uchun olinadigan qiymat 22,3 ming so‘m qilib belgilangan. Xorazm viloyatidagi tadbirkorlik sub'yektlari esa texnik ko‘rikdan o‘tkazish qiymatini 60-65 ming so‘m miqdorida belgilagan, ya'ni narx qariyb 3 barobar oshdi.

Texnik ko‘rikdan o‘tkazish faqat tadbirkorlik sub'yektlariga yuklatilganmi?

Yo‘q. Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 31 yanvardagi 54-sonli qarori bilan qabul qilingan «Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ning 2-bandida haydovchilar texnik ko‘rikdan 3ta joyda o‘tishi mumkinligi belgilangan.

«Bunda jismoniy shaxslar — M1 toifadagi (yengil) transport vositalari egalari o‘z transport vositasining texnik holati va uskunalari muvofiqligini baholash uchun o‘z tanloviga ko‘ra, DYHXX organlari, TXS (texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalari) yoki (tadbirkorlik) sub'yektlarga murojaat qilishlari mumkin» ekani belgilangan (qavs ichidagi izohlar Kun.uz’niki).

Bu Nizom o‘z kuchini yo‘qotmagan va hozir ham amalda. U DYHXX organlarida ham texnik ko‘rikdan o‘tish mumkinligini, haydovchilarda tanlash imkoniyati borligini ko‘rsatmoqda. 

Tanganing ikkinchi tomoni

Hozirgi vaqtda Urganch shahri va Urganch tumanida istiqomat qiluvchi haydovchilarning transport vositalari «AVTO TRANS SER» MChJ tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Bu korxona Urganch shahri va Urganch tumani YHXB binosiga tutash hududda joylashgan hamda M1 toifadagi yengil avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish narxini 65 ming so‘m etib belgilagan.

Internetdagi ochiq manbalardan «AVTO TRANS SER» MChJ to‘g‘risida ma'lumot olishga urinib ko‘rdik. Ma'lum bo‘lishicha, korxona 2018 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, texnik sinovlar va tahlillar faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ustav fondi miqdori 18,3 mln so‘mni tashkil qiladi.

Firmaning uch nafar ta'sischisi bor:

1. Ro‘zmetova Feruza Baxtiyarovna – ustav fondidagi ulushi 34 foiz;

2. Sherliyev Adilbek Atabekovich – ustav fondidagi ulushi 33 foiz;

3. Babajanov Alisher Kamiljanovich – ustav fondidagi ulushi 33 foiz.

Kun.uz to‘plagan norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ta'sischilar ro‘yxatidan o‘rin olgan Sherliyev Adilbek Atabekovich IIV YHXXBning Imtihon va ro‘yxatga olish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlovchi podpolkovnik Sherliyev Murodbek Atabekovichning yaqin qarindoshi, aniqrog‘i akasi hisoblanadi. Ta'sischilardan qolgan 2 nafari ham mansabdorning qarindoshi bo‘lishi mumkinligini Kun.uz manbalari orqali aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

Sherliyev Murodbek

O‘zini «AVTO TRANS SER» MChJ ta'sischilardan biri Ro‘zmetova Feruzaning eri va shu korxona soliq maslahatchisi deb tanishtirgan Umid Safarovdan izoh oldik.

«AVTO TRANS SER» MChJ 2019 yildan beri texnik ko‘rik xizmatini ko‘rsatib kelmoqda. Albatta tadbirkor sifatida o‘z xarajatlarimiz bor: soliqlar, ishchilarning maoshi, yangi uskunalarni sotib olish va hokazo. Texnik ko‘rik narxini shulardan kelib chiqqan holda 65 ming so‘m qilib belgilaganmiz. Boshqa viloyatlar bilan taqqoslab ko‘ring, bizniki ancha arzon.

Turmush o‘rtog‘im Feruza Ro‘zmetovaning podpolkovnik Murodbek Sherliyev bilan qarindoshligi yo‘q. Adilbek Sherliyev haqida ma'lumotga ega emasman, uni anchadan beri ko‘rmaganman», dedi u.

YHXB organlari nima uchun texnik ko‘rikdan o‘tkazishni to‘xtatib qo‘ygani, qonun bo‘yicha ularda ham bunday huquq borligi, bu haydovchilar uchun ancha arzon va qulay bo‘lishi, bundan tashqari, DYHXX yuqori lavozimidagi shaxsiga aloqador bo‘lgan korxonaning texnik ko‘rikka jalb qilinishini qanday tushunish mumkinligi, bu manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkinligi haqidagi savollarni Xorazm viloyati YHXB mansabdor shaxslariga bermoqchi edik. Ammo barcha urinishlar besamar bo‘ldi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid