O‘zbekiston | 13:39 / 22.09.2023
7122
4 daqiqa o‘qiladi

“Madaniy meros obektlari xususiylashtirilishi mumkin emas” - Madaniy meros agentligi

Madaniy meros agentligi Toshkent markazidagi O‘zA va “Sharq” nashriyoti binolari auksionga qo‘yilganiga munosabat bildirdi.

Foto: Sputnik / Aktan Temirkanov

O‘zA va “Sharq” nashriyotiga tegishli Toshkentdagi binolar (umumiy yer maydoni 3,02 gektar, bino maydoni 56,5 ming kv.m.) yaxlit kompleks sifatida xususiylashtish uchun ommaviy auksionga qo‘yilgani ma’lum qilingandi. Bunga Madaniy meros agentligi munosabat bildirdi.

Agentlikka ko‘ra, “Sharq” nashriyoti matbaa korxonasi AJ binolari (Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi, 41-uy manzilida joylashgan) Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatiga madaniy meros obekti sifatida kiritilgan.

“Obekt 1979-1983 yillarda qurilgan jami 14 ta bino, 2 ta bino qismi hamda 5 ta inshootdan iborat bo‘lib, umumiy maydoni 60 736,0 m2 ni tashkil etadi.

“Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq, davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros obektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi belgilangan”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Bundan tashqari, agentlik “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga asosan, moddiy madaniy meros obektlari, arxiv hujjatlari, davlat muzeylari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, shu jumladan xiyobonlar va botanika bog‘lari xususiylashtirilmaydigan davlat mulklari etib e’tirof etilganini qo‘shimcha qilgan.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Madaniy meros agentligi tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ushbu madaniy meros obektini auksion savdolaridan olib tashlash yuzasidan 21 sentabr kuni ogohlantirish berildi”, – deyiladi agentlik xabarida.

Avvalroq, binolar sotuvga qo‘yilgani uchun “Sharq” nashriyoti Uchtepa tumani Katta Xirmontepa ko‘chasida joylashgan yangi binoga ko‘chirilishi ma’lum qilingandi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, bunga bino va ishlab chiqarish uskunalari ma’nan eskirgani, ta’mirtalab va yaroqsiz holatga kelgani sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga, Mirobod tumani Buyuk Turon ko‘chasida joylashgan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) shaharning Mirobod tumani Matbuotchilar ko‘chasida joylashgan Matbuot uyiga ko‘chirilishi xabar qilingan.

Binolar zamonaviy shaharsozlik talablariga mos keluvchi yagona mulkiy majmuaga aylantirilishi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk turon ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosi ham xususiylashtirilgan edi. Bino sotuvga qo‘yilgan paytda madaniy meros obektlari ro‘yxatida turgan. Ta’sischisi sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li bo‘lgan Metropol guruhi ushbu davlat mulkini sotib olgani 2021 yil 17 iyunda e’lon qilingan, xuddi shu kundan e’tiboran bino hukumat qarori bilan madaniy meros obektlari ro‘yxatidan o‘chirilgan. Bino 2023 yil yozida buzib tashlandi, o‘rnida yirik mehmonxona qurilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid