O‘zbekiston | 18:40 / 01.03.2023
17978
7 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorga milliardlar, bolalarga chirigan olma – “bepul nonushta”ning mazasini kim totyapti?

Kegeylida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga chirigan olma yedirgan firma Qoraqalpog‘istondagi qariyb 350 ta maktabga nonushta tarqatishi ma’lum bo‘ldi. U mazkur yo‘nalishda o‘tkazilgan tenderlarda jami 64 lotdan 25 tasini yutgan hamda milliardlab so‘mlik shartnomalarni qo‘lga kiritgan.

Foto: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 avgustdagi tegishli qarori bilan joriy 2022-2023 o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yilgandi. Kegeylidagi holat keytering tashkilotlari tomonidan bolalarni ovqatlantirishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganini ko‘rsatib qo‘ydi.

Bir bolaga 4700 so‘m

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini ovqatlantirish qanday amalga oshiriladi? Hukumatning yuqoridagi qarori bilan “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini keytering usulida tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan.

Mazkur Nizomga ko‘ra, sanitariya-gigiyena me’yorlaridan kelib chiqib, bitta o‘quvchini bir mahal oziq-ovqat bilan ta’minlashning o‘rtacha narxi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda har o‘quv yili uchun tasdiqlanadi. Bunda o‘rtacha narx sanitariya-gigiyena me’yorlarida belgilangan miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlarini tegishli hududdagi mahsulotlarning o‘rtacha bozor narxiga ko‘paytirgan holda aniqlanadi. Ushbu summa hozirgi kunda 4700 so‘mni tashkil etadi.

Keytering xizmatlariga haq to‘lash miqdori barcha xarajatlarni (soliqlar, xodimlarning ish haqi, transport xizmatlari hamda asbob-uskunalarni ta’mirlash va ulardan foydalanish va boshqalarni) o‘z ichiga olgan holda 20 foizgacha miqdorda belgilanadi.

Yegulik qanday holatda yetkazilishi kerak?

Albatta, keytering tashkilotiga bir qator talablar qo‘yilgan. Jumladan, tashkilot tayyor taomlarni qadoqlangan, bir marta ishlatiladigan qutilarda sovitkich moslamasi o‘rnatilgan maxsus avtotransport vositalarida maktablarga yetkazishi zarur.

Keytering tashkiloti uzoq va olis hududlardagi maktablarga qadoqlangan tayyor taomlarni o‘z vaqtida, sifati buzilmagan holda yetkazib berish maqsadida o‘sha yerda joylashgan maktablarning birida tayyor mahsulotlarni saqlashni tashkil etadi. Bunda yetkazib berilgan qadoqlangan tayyor taomlar ularning sifatiga ta’sir qilmagan holda texnik vositalarda (muzlatkich, vakuum moslamalari, ovqat uchun moslangan konteynerlar) saqlanishini ta’minlanadi. 

Qariyb 350 ta maktabga 1 ta firma

Keytering tashkilotlari tender o‘tkazish orqali tanlab olinadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga qarashli 716 ta maktabda 143 ming nafardan ortiq boshlang‘ich sinf o‘quvchisini ovqatlantirish uchun 64 ta lotda tenderlar o‘tkazilgan. Ushbu lotlarning 25 tasida “Tabassum Nukus” MChJ g‘olib bo‘lgan va milliardlab so‘mlik shartnomalarni qo‘lga kiritgan. Bu qariyb 350 ta maktabning bir necha o‘n ming o‘quvchilarini ovqatlantirish degani.

Kegeyli tumanida kamchiliklar aniqlangan – o‘quvchilarga chirigan olma hamda zararkunandalar bilan zararlangan mahsulotlar berilgan maktablarga ham “Tabassum Nukus” MChJ xizmat ko‘rsatadi. 

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 601 mln so‘m ustav kapitaliga ega bo‘lgan “Tabassum Nukus” MChJga 100 foizlik ulush bilan Shahnoza Shamuratova egalik qiladi.

“Tabassum Nukus” MChJ qo‘lga kiritgan lotlardagi maktablar Qoraqalpog‘istonning bir nechta tumanlari hududida joylashgan. Ular orasidagi masofa anchagina. Taomlar sovitkich moslamasi o‘rnatilgan maxsus avtotransport vositalarida maktablarga yetkazilishi zarurligi belgilab qo‘yilgan vaziyatda bitta firma 350 ga yaqin maktabga ushbu talabni bajargan holda nonushta yetkazishi imkonsiz. Shu sababli, Kegeylidagi tekshiruv jarayonida oziq-ovqat mahsulotlari maxsus transportlarda emas, yo‘lovchi tashuvchi mashinalar orqali yetkazib berilgani aniqlangan.

Bolalarni quruvchi ovqatlantirmoqda

Tanlovda ishtirok etib, g‘olib deb topilgan tadbirkorlik sub’yektlaridan ayrimlarining faoliyat turi ovqatlantirish yoki oziq-ovqat bilan bog‘liq emas.

Masalan, o‘tkazilgan tanlovlarda 12 ta lot bo‘yicha g‘olib deb topilib, 100 dan ortiq maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga nonushta yetkazib berayotgan “Alliance Aral-S” MChJning faoliyat turi turar joy binolari qurish deb ko‘rsatilgan.

Bu kabi ma’lumotlar tanlovlarning shaffof va adolatli o‘tkazilganini shubha ostiga qo‘yadi.

Bir kunda milliardlar o‘marilishi mumkin

Kegeylidagi holat Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilarga sifatsiz oziq-ovqat mahsuloti berilgan ilk holat emas: avvalroq To‘rtko‘l va Beruniy tumanlarida ham bolalarga sifatsiz yeguliklar berilgan va bu ota-onalarning noroziligiga sabab bo‘lgandi. E’tiborlisi, mazkur holatda keytering xizmati asosida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi korxona rahbari ota-onalarga kamchilikni bartaraf etishini aytib, uzr so‘rash bilan qutulib qolgan.

Aslida bunday holatlarda jazo keskin bo‘lishi kerak. Chunki, bu masalada bir kungina nazoratning susaytirilishi milliardlarning o‘marilishiga sabab bo‘ladi.

Oddiy hisoblab ko‘rilganida, Qoraqalpog‘istonda bir kunda 143 500 nafardan ortiq bolaning har biriga 4 700 so‘mlik yegulik berilishi kerak. Agar sifatsiz yegulik yetkazib berish evaziga har bolaga ajratilgan mablag‘dan 1500 so‘m o‘marilsa, umumiy hisobda bu 200 mln so‘mdan ortiqni tashkil qiladi. Yangi o‘quv yilidan esa respublika miqyosida bu summa milliardlarga aylanadi.  

Bolalarning haqqi mas’ullarning oshqozoniga tushmasin

Hozircha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bepul ovqatlantirilmoqda. Prezident farmoni bilan 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi.

Gap bolalarni ovqatlantirish haqida ketar ekan, buning nazorati ham jiddiy bo‘lishi kerak. Ayniqsa, keytering tashkilotini tanlab olish uchun o‘tkaziladigan tanlovlar haqqoniy va adolatli o‘tkazilishi zarur. Shunda bolalarning haqqi mas’ullarning oshqozoniga borib tushmaydi.   

Ruslan Saburov
Kun.uz

Mavzuga oid