O‘zbekiston | 16:43 / 19.12.2025
23321
8 daqiqa o‘qiladi

“Uchta O‘zbekistonni boqadigan gaz”, iste’fo talabi va sirli tayinlov – Alisher Sultonov faoliyatiga nazar

O‘zbekiston energetika sektorining uzoq yillik rahbari Alisher Sultonov lavozimidan ozod etildi. 58 yoshli sobiq amaldorning nima uchun ishdan bo‘shatilgani va uning o‘rnini kim egallashi hozircha ma’lum emas. Kun.uz oxirgi 10 yillikda energetika sohasidagi eng muhim lavozimlarda ishlagan siyosatchining faoliyatiga nazar tashlaydi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Alisher Sultonov kim?

Alisher Saidabbosovich Sultonov 1967 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1989 yilda Mojayskiy nomidagi harbiy-muhandislik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatiga e’tibor qaratsak, energetika tizimining aksariyat tarmoqlarida ishlaganini ko‘rish mumkin.

Xususan, Sultonov 1996−1998 yillarda “O‘zneftqaytaishlash” kompaniyasida bosh mutaxassis lavozimida ishlagan. 1998−1999 yillarda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi qurilishida bosh mutaxassis, 1999−2002 yillarda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi Sho‘rtan qurilishi boshqarmasida boshliq bo‘lgan. 2002−2013 yillarda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasiga rahbarlik qilgan. O‘sha yillari G‘uzorning “Sho‘rtan” futbol klubi o‘z tarixidagi eng yaxshi natijalarni qayd etgan.

Alisher Sultonov 2013−2015 yillarda “O‘zbekneftgaz” raisi o‘rinbosari, 2015 yil avgustidan 2018 yil sentabriga qadar kompaniya raisi edi. U 2017 yil noyabrida bosh vazir o‘rinbosari – geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari etib tayinlangan.

2019 yil fevralida energetika sohasida yagona davlat siyosatini yurituvchi organ – Energetika vazirligi tashkil etilib, “O‘zbekenergo”, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zbekgidroenergo”ning davlat vakolatlari mazkur vazirlikka o‘tkazilgan edi. O‘shanda Alisher Sultonov yangi vazirlikning birinchi rahbari etib tayinlandi va 3 yil davomida – 2022 yilning aprel oyigacha mazkur lavozimda ishlaydi. Uning vazirlikdan ketishi “sog‘lig‘idagi muammolar” bilan izohlangan edi.

2023 yilda Sultonov O‘zbekiston prezidentining neft-gaz, kimyo va energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlayotgani ma’lum bo‘ldi, lekin yangi tayinlov haqida rasmiy xabar e’lon qilinmadi.

2025 yil o‘rtalariga kelib, Prezident administratsiyasiga rahbar tayinlanishi ortidan, Sultonovning prezident maslahatchisi maqomi bekor qilinib, u prezident vakili lavozimiga tushirilgan edi. 16 dekabr kuni esa, siyosatchi lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi. Rasmiy xabarda iste’fo sababiga aniqlik kiritilmagan.

Hukumat kortejidagi avariya

2018 yil 20 avgustida, o‘sha paytda bosh vazir o‘rinbosari va “O‘zbekneftgaz” raisi bo‘lgan Alisher Sultonov bosh vazir Abdulla Oripov bilan birga Bekoboddan Toshkentga qaytishda jiddiy yo‘l-transport hodisasiga uchraydi. O‘shanda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan Damas haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, kortejga urilgandi.

Sultonovda chap son suyagi chiqishi, chanoq kosachasi yopiq sinishi, ko‘krak qafasi 7-10 qovurg‘alari yopiq sinishi, bosh tepa sohasi lat yeyishi qayd etiladi. Shundan so‘ng siyosatchi sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab uzoq vaqt davolangani aytiladi.

“Gazimiz uchta O‘zbekistonni boqa oladi”

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 1 trln 867 mlrd kub metrga baholangan edi. O‘shanda joriy qazib chiqarish hajmlarida bu zaxiralar kamida 34 yilga yetishi ma’lum qilingan. O‘sha yilning fevral oyida energetika vaziri sifatida “Amerika ovozi”ga intervyu bergan Alisher Sultonov “gazimiz uchta O‘zbekistonni boqa oladi”, deya ta’kidlaydi. Aynan shu jumla sobiq amaldorni omma orasida yanada tanitgan deyishimiz mumkin.

Amalda nima bo‘ldi? Gaz qazib olish hajmi 2019 yildagi 60,7 mlrd kub metrdan 2024 yilda 44,6 mlrd kub metrgacha yoki 26,5 foizga kamaydi. Qisqarish tendensiyasi 2025 yilda ham davom etyapti. Natijada 2023 yildan boshlab qazib olishdagi taqchillik Turkmaniston va Rossiyadan gaz import qilish hisobiga qoplana boshlandi. Shu tariqa, O‘zbekiston tabiiy gaz eksportchisidan, tabiiy gazning sof importyoriga aylanib qoldi. Afsuski, mavjud qazib olish ko‘lami uchta O‘zbekiston tugul, bitta O‘zbekistonning ehtiyojlarini qondirishga ham yetmayapti.

Deputatning iste’fo talabi

2021 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sobiq deputati Doniyor G‘aniyev energetika sohasidagi muammolarni qattiq tanqid ostiga olib, vazirlik rahbariyatidan iste’foga chiqishni talab qilgandi.

“Bugun O‘zbekiston bo‘ylab energiya inqirozi kechmoqda. Aynan o‘ta og‘ir kechgan 2020 yildan so‘ng, har yilgidan-da sovuq kelgan qish mavsumida inqiroz barchani qiynamoqda! Bu holat nafaqat aholi orasida keskin norozilik, ijtimoiy inqirozni keltirib chiqarmoqda, balki iqtisodiy faollikni susaytirmoqda hamda mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Eng achinarlisi, energetika sohasidagi muammolar oxirgi yillarda olib borilgan barcha ijobiy o‘zgarishlarni “yuvib yuboryapti”. Savollar ko‘p, javob esa ko‘pdan beri yo‘q… Savollarga javob bera olmayotgan rahbarlar esa doimgidek jim.

Aslida bu holatga biz deputatlar ham qisman aybdormiz, chunki Energetika vazirligining rahbariyatini o‘zimiz tasdiqlab berganmiz. Mamlakatdagi bu holatda energiya inqirozi yuz berishiga sabab bo‘lgan rahbarlar iste’fosi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. Aslida demokratik davlatlarda bunday inqirozlar ortidan rahbarlar o‘z ixtiyori bilan iste’fo beradi. Lekin bunday qila olish uchun birinchi navbatda rahbarda oriyat bo‘lishi kerak. Bizning energetika soha rahbarlarida esa energetika ta’minoti kabi oriyat hissi ham “inqirozda”, – deya yozgandi Doniyor G‘aniyev o‘zining Telegram'dagi kanalida.

Gaz qazib olishni 62 mlrd kubga kim yetkazadi?

Kuni kecha lavozimidan olingan Alisher Sultonov O‘zbekiston–2030 strategiyasida belgilangan “tabiiy gaz qazib olish hajmini 62 mlrd kub metrga yetkazish” vazifasining ijrosi uchun eng asosiy mas’ullardan biri edi – ushbu strategiya qabul qilingan paytda u prezident maslahatchisi sifatida faoliyat yuritayotgandi.

Bu vazifani bajarish uchun ishlab chiqarish hajmi keyingi 5 yil ichida kamida 1,5 barobarga oshishi kerak. Ushbu strategik vazifa kimga yuklatilishi hozircha noma’lum. Gaz taqchilligi muammosini hal qilishga yordam berishi kerak bo‘lgan M25 konidagi avariyadan keyin, loyihaning kelgusi taqdiri ham ochiq qolyapti.

Umuman olganda, Alisher Sultonovning O‘zbekiston energetika sektori rahbari sifatidagi faoliyati hali ko‘p tahlil qilinadi. Chunki sohada oxirgi 10 yillik davrning ko‘plab yutuqlari bilan bir qatorda, milliardlab dollar sarflangan, ammo kutilgan natijani bermayotgan loyihalari va bahsli qarorlari ham talaygina.

Mavzuga oid