O‘zbekiston | 19:25 / 01.03.2023
32091
2 daqiqa o‘qiladi

«Erkin OAV muhitini yaratish – propagandaga eng yaxshi javob» - Blinken

Entoni Blinken Rossiya propagandasi joylarda kuchli mahalliy nashrlar qanchalik ahamiyatga ega bo‘lishini ko‘rsatayotganini qayd etdi. U bu mavzuni prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ham muhokama qilgan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Toshkentdagi matbuot anjumanida tashqi propagandaga qarshi samarali kurash olib borishda mahalliy nashrlar katta o‘rin tutishini qayd etdi. U bloger Nikita Makarenkoning O‘zbekiston Rossiya propagandasi mahalliy aholida shakllantirgan fikrni o‘zgartirishda katta bosim his qilayotgani, AQSh bu borada O‘zbekistonga qanday yordam berishi mumkinligi haqidagi savoliga javob qaytardi.

«O‘ylashimcha, bu [propaganda] juda ham kuchli, faol va yaxshi ta’minlagan mahalliy OAVning ahamiyati qanchalik yuqoriligini ko‘rsatmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muhokamamizda ham bu haqda gaplashdik. Qisman Rossiya yoki boshqa manbalar tomonidan kelayotgan dezinformatsiyaga qarshi turish borasida… dasturimiz doirasida mustaqil OAVni qo‘llab-quvvatlash tarafdorimiz. Hukumat bilan bevosita munosabatlarimizda biz OAV bemalol ishlashi uchun va mustaqil ovozlar paydo bo‘lishi uchun imkoniyatlar yaratishga chaqiramiz. Turli ma’lumotlarning borligi va aholining o‘ziga tanlash imkoniyatini yaratish haqida aytib kelamiz.

Darhaqiqat, Rossiya bu yerda va dunyoning boshqa qismlarida sezilayotgan juda kuchli va mustahkam propaganda va dezinformatsiya tizimini yaratgan. Va bunga eng yaxshi javob, albatta, haqiqatan ham erkin, mustaqil, ochiq OAV uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish, bu haqiqatlarni odamlarga yetkazish va ularga o‘z qarorlarini qabul qilish imkonini beradi», deya Blinkenning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid