Jinoyatga aylangan “oilaviy zo‘ravonlik”, jazosi og‘irlashtirilgan jinsiy tajovuz – ayollar va bolalar himoyasi kuchaytiriladi
Kecha senatorlar tomonidan xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun jazo choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ma’qullandi. Qonun bilan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo‘yicha jazo choralari kuchaytirilyapti. Oldinroq Saida Mirziyoyeva ushbu qonunni qabul qilish oson bo‘lmaganligini, kurash hamma uchun qiyin kechganligini bildirgandi.
Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qullandi.
Qonun bilan 5 ta kodeks va 10 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ulardan eng muhimlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Jinoyat kodeksida:
– ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlashni (115-modda) 60 mln so‘mgacha jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolash taklif etilmoqda. Bu turdagi jinoyat uchun amalda 15 mln so‘mgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilangan;
– nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish (118, 119-moddalar). 1-qismi uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi uchun 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi taklif etilyapti. Amalda 1-qismi 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi esa 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi;
– shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik uchun (121-modda) 1-qismi 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish; 2-qismi 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, 3-qismi og‘irlashtiruvchi holatlarda 5 yildan 8 yilgacha qamoq ozodlikdan mahrum qilish ko‘zda tutilmoqda. Amalda 1-qismida 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 2-qismida 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish belgilangan;
– 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish (128-modda). Bu turdagi jinoyatni qilgan shaxs endilikda 1-qismi 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 3-qismi 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. Amalda bu jinoyat 1-qismi 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, 3-qismi 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
– 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik uchun (129-modda) 1-qismi 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, 3-qismi – agar o‘sha harakatlar zo‘rlik ishlatib yoki qo‘rqitib sodir etilgan bo‘lsa – 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazo belgilash taklif etilmoqda. Amalda 1-qismi 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 2-qismi 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish belgilangan;
– pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish (130-modda). Bu jinoyat turi uchun 3-qism (voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etish) 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish taklif etilyapti. Amalda bu jazo muddati 3-5 yilni tashkil etadi.
Bundan tashqari, oilaviy zo‘ravonlik harakatlari uchun yangi jinoyatlar tarkibi va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Unga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlik–xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish huquqini, sog‘liqni saqlash yoki mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkka va shaxsiy ashyolarga qasddan shikast yetkazish, ushbu shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish 6mln so‘mdan 21 mln so‘mgacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar bu harakatlar og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, 3yildan 12 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda:
– haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish turidagi jazo kiritilmoqda va uni tayinlash hamda bajarish tartibi belgilanmoqda;
– aliment bo‘yicha majburiyatlarga ega bo‘lgan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish qo‘llanilmaydi;
– voyaga yetmagan, mehnatga layoqatsiz shaxslar va ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni
sodir etgan shaxslarga nisbatan “haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilish” tarzidagi jazo turi joriy etilmoqda;
– shahvoniy shilqimlik- shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul bo‘lgan, uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlar qilish uchun 600 ming so‘mdan 2,1 mln so‘mgacha jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq qo‘llaniladi;
– ota-onaning o‘z voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmasligi 1,5 mln so‘mdan 3mln so‘mgacha jarimaga sabab bo‘lishi mumkin;
– oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun 3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq belgilanmoqda.
Mavzuga oid
22:39 / 13.11.2024
Samarqandda maktab o‘quvchisini zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi ushlangan – Bosh prokuratura
12:03 / 13.11.2024
Samarqandda maktab o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlandi
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
20:57 / 31.10.2024