Jahon | 20:31 / 22.08.2025
3356
7 daqiqa o‘qiladi

G‘azo shahrida rasman ocharchilik boshlandi va bu kengayib boradi - IPC hisoboti

BMT qo‘llovidagi IPC kuzatuv guruhining ma’lum qilishicha, G‘azoda 514 ming falastinlik ocharchilikdan aziyat chekmoqda. Bu ko‘rsatkich sentabr oxiriga borib 641 ming kishiga yetishi kutilmoqda. BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari G‘azodagi ocharchilikni - Isroil hukumati harakatlarining natijasi va urush jinoyati deb atadi.

G‘azo shahri va uning atrofidagi hududlarda rasmiy ravishda ocharchilik boshlangani aniqlandi va bu holat kengayib borishi kutilmoqda. Bu xulosani (pdf) 22 avgust kuni BMT bilan hamkorlikda ishlovchi Oziq-ovqat xavfsizligi bosqichlarini integrallashgan tasnifi (Integrated Food Security Phase Classification) IPC tashkiloti e’lon qildi. Mazkur baho sektorga ko‘proq yordam kirishiga ruxsat berish uchun Isroilga bosimini kuchaytirishi kutilmoqda.

IPC ma’lumotiga ko‘ra, 514 ming kishi, ya’ni G‘azodagi falastinliklarning chorak qismi ocharchilikdan aziyat chekmoqda. Bu ko‘rsatkich sentabr oxiriga borib 641 ming nafarga yetishi kutilmoqda.

Ularning 280 ming nafari G‘azo shahri hududini qamrab oluvchi shimoliy qismda joylashgan. IPC ushbu hududni Isroil bilan Hamasning qariyb ikki yillik urushi ortidan «ocharchilik holatida» deb tasnifladi.

IPC standartiga ko‘ra, G‘azo shahri «asosli dalillar bilan ocharchilikning 5-darajasida» turibdi / Foto: IPC xaritasi

Reuters nashrining yozishicha, bu IPC tomonidan Afrikadan tashqarida ilk bor ocharchilik qayd etilishi bo‘ldi. Tashkilot ocharchilik sharoitlari kelgusi oy oxiriga borib markaziy va janubiy hududlardagi Deyr al-Balah hamda Xon-Yunusga ham tarqalishini prognoz qilmoqda. Shuningdek, IPC shimoliy hududlarda vaziyat G‘azo shahridagidan ham og‘irroq bo‘lishi mumkinligini aytdi, biroq yetarli ma’lumot yo‘qligi tufayli aniq tasnif bera olmadi.

IPC juma kuni e’lon qilingan tahlilida faqat G‘azo, Deyr al-Balah va Xon Yunus hududlarini qamrab olganini ma’lum qildi. Janubiy Rafah esa deyarli aholi yashamagani bois hisobga olinmadi.

Isroil bu hisobotni tarafkash deb rad etdi. Isroil Tashqi ishlar vazirligi IPC tadqiqoti asosan Hamas taqdim etgan qisman ma’lumotlarga asoslanganini, yaqin orada kiritilgan oziq-ovqat yuklari hisobga olinmaganini aytmoqda.

«G‘azoda hech qanday ocharchilik yo‘q», – deyiladi Isroil Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Foto: Reuters

Hudud ocharchilik sifatida tasniflanishi uchun — aholining kamida 20 foizi o‘ta keskin oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekishi, har uch bola ichidan biri og‘ir darajada to‘yib ovqatlanmasligi va har kuni har 10 ming kishidan kamida ikki nafari ochlik yoki ovqatlanish yetishmovchiligi hamda kasalliklardan vafot etishi kerak.

IPC ilgari ocharchilikni faqat Somali, Janubiy Sudan va Sudanda qayd etgan. Hali «ocharchilik» to‘liq mezonlariga to‘g‘ri kelmasa ham, IPC ayrim uy xo‘jaliklari ochlik, nochorlik va o‘lim holatida yashayotganini qayd etishi mumkin.

Xalqaro tanqidlar

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azodagi ocharchilikni «inson qo‘li bilan yaratilgan falokat, axloqiy ayblov va insoniyatning o‘z vazifasini bajarmagani» deb atadi. U zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga, Hamas qo‘lida qolayotgan barcha garovdagilarni ozod qilishga va humanitar yordamga to‘siqsiz kirish imkonini ta’minlashga chaqirdi.

«Odamlar ochlikdan o‘lyapti. Bolalar halok bo‘lyapti. Harakat qilishi kerak bo‘lganlar esa buni bajarmayapti... Bu vaziyatning jazosiz davom etishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», – dedi Guterrish.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Turk esa G‘azodagi ocharchilik Isroil hukumati harakatlari natijasi ekanini ta’kidladi va ochlikdan o‘lim urush jinoyatiga tenglashishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Foto: Reuters

«Bu G‘azo tarixidagi eng yomon, eng og‘ir bosqich – faqatgina ushbu urushda emas, balki butun tarixda. Biz juda murakkab vaziyatdamiz. O‘zimizni juda charchagan, juda holdan toygan va bemor his qilyapmiz. Biz oziq-ovqat olishimiz shart, aks holda nima bo‘lishini tasavvur ham qila olmaymiz», deya G‘azo NNTlari tarmog‘i direktori Amjad Shavaning so‘zlarini keltirmoqda The Guardian nashri.

Britaniya, Kanada, Avstraliya va ko‘plab Yevropa davlatlari ham inqiroz «tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajaga yetdi», deya bayon qildi. AQSh prezidenti Donald Tramp ham o‘tgan oy G‘azoda ko‘plab odamlar ochlikdan aziyat chekayotganini aytgandi. Bu fikr uni Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan vaqtincha qarama-qarshi qo‘ygan. Netanyahu ochlik yo‘qligini ta’kidlab, oziq-ovqat tanqisligida Hamasni ayblab kelmoqda.

Urush quroliga aylangan «yordam»

Isroil ayni vaqtda barcha G‘azoga kirish nuqtalarini nazorat qiladi. BMT esa uzoq vaqtdan beri yordam G‘azoga kirishi va urush hududi bo‘ylab tarqatilishida to‘siqlar mavjudligidan shikoyat qilib keladi. Bunda Isroil va tartibsizliklarni ayblaydi. Isroil esa o‘z navbatida, Hamasni yordamni o‘g‘irlayotganlikda ayblaydi. Hamas bu ayblovni rad etadi.

Foto: Anadolu

Bu haftaReuters/Ipsos birgalikda e’lon qilgan so‘rovda amerikaliklarning 65 foizi AQSh G‘azodagi ochlikdan aziyat chekayotganlarga yordam berishi kerak, deb hisoblashini bildirgan.

Isroil uzoq yillardan beri o‘zining eng kuchli ittifoqchisi AQShga harbiy yordam va diplomatik qo‘llab-quvvatlashda tayanib keladi. AQSh jamoatchiligi orasida qo‘llab-quvvatlashning pasayishi Isroil uchun tashvishli belgidir. Chunki u nafaqat G‘azodagi Hamas bilan, balki mintaqadagi asosiy raqibi – Eron bilan ham hal qilinmagan mojarolarga duch kelmoqda.

Ma’lumot uchun, Isroil armiyasi 20 avgust kuni G‘azo shahrini to‘liq egallash va Hamasni butunlay yo‘q qilish maqsadida yangi urush boshladi. Ayni shu kunlarda esa Netanyahu Hamas qabul qilgan sulhni «ko‘rib chiqayotgani» va muzokaralar stoliga qaytishini bildirdi.

Foto: AFP

Genotsid ayblovlari va xalqaro tanqidlar Netanyahu hukumatining qarashlariga ta’sir qilmayapti. Shu kunga qadar Isroilning hujumlari oqibatida G‘azoda 62 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi, ularning 20 mingga yaqini bolalar.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mavzuga oid