O‘zbekiston | 22:44 / 12.12.2020
11438
11 daqiqa o‘qiladi

Karantin davrida nima uchun prokurorlarga stiker berilib, advokatlarga berilmadi? – Huquq faoli pandemiya davridagi muammolar haqida

O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida 2020 yilda inson huquqlarini himoya qilish va erkinliklarini ta'minlash borasida kuzatilgan ijobiy holatlarni e'tirof etgan holda bu boradagi muammolar, jumladan, pandemiya sharoitida kuzatilgan huquqsizliklar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shu bilan birga u karantin cheklovlari paytida prokurorlar va advokatlarning huquqlari teng bo‘lmagani, jazoni ijro etish muassasalari mahkumlariga bo‘lgan munosabat haqida ham gapirdi.

– O‘tib borayotgan 2020 yil O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida qanday ijobiy o‘zgarishlar bilan yodda qolmoqda?

– 2020 yil butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham og‘ir yil bo‘ldi. Pandemiya sharoitida odamlarning harakatlanishi ma'lum darajada cheklandi. Albatta, bu cheklovlar xavfsizlik nuqtayi nazaridan qilindi. Shunga qaramasdan, ko‘ryapmizki, insonlarga salomatlikdan ham, nondan ham muhim narsalar bor ekan. Bular – co‘z erkinligi va inson huquqlari masalasi.

OAV orqali ko‘ryapmizki, Yevropa davlatlarida, xususan, Buyuk Britaniya va Germaniyada katta-katta norozilik chiqishlari bo‘lmoqda. Odamlar bizning ozodligimiz, harakatlarimiz, huquqlarimiz cheklanmasin, degan chaqiriqlar bilan chiqishmoqda. Demak, huquq – bu insoniyat uchun eng muhim masala. Aytaylik, bugun Liviyada odamlar jon saqlash ilinjida, Efiopiya va Somaliga o‘xshash davlatlarda esa qorin to‘ydirish dardida yurgan bo‘lsa, rivojlangan mamlakatlarda inson huquqlarini ta'minlash orzusida yuribdi va o‘z huquqlari uchun kurash olib borishmoqda.

O‘zbekistonda [2020 yilda inson huquqlarini himoya qilish sohasida] ijobiy harakatlar ko‘zga tashlanyapti. Lekin bu jarayon to‘lqinsimon, ya'ni bir ko‘tarilish-tushish bosqichida. Aytaylik, amaldorlarimizning siyosatimizga xos bo‘lmagan bayonotlar berib qo‘yayotgan holatlarini ham ko‘ryapmiz. Buning orqasidan o‘zlari yaxshigina “tarsaki” yeyishmoqda.

– Pandemiya butun insoniyat uchun kutilmagan balo, sinov bo‘ldi. Tabiiyki, bu jarayonda dunyo bo‘ylab inson huquqlarining buzilishi ham kuzatildi. Sizlarga aynan pandemiya sharoiti, joriy etilgan karantin cheklovlari ortidan huquqlari buzilgan shaxslar aynan nimalardan ko‘proq shikoyat qilishdi?

– Keling, shartli ravishda men aytay, bizda pandemiyadan ham og‘ir davrlar bo‘lgan. Men yaqin o‘tmishimizni nazarda tutyapman. Chunki insonlarning birlamchi huquqlarini ta'minlash masalasida og‘ir yillarni boshdan kechirdik. Deylik, majburiy mehnat, bolalar mehnati deymiz va boshqalar. Shu nuqtayi nazardan pandemiyadan og‘irroq paytlar ham bo‘lgan.

Lekin pandemiya paytida stixiyali-majburiy o‘zimizni cheklashga harakat qildik. Odamlar birinchi navbatda ichki ishlar idoralari, Milliy gvardiya va osoyishtalikni saqlashga mas'ul boshqa organlar bilan o‘zlarining o‘rtasida kelib chiqqan tushunmovchiliklar ortidan kelib chiqqan holatlar yuzasidan murojaatlar bilan chiqishdi.

Masalan, aytaylik, pandemiya sharoitida jamoat osoyishtaligini saqlash – juda murakkab masala. Ushbu holatda bilib yoki bilmay insonlarning huquqlarini buzib qo‘yish, erkinliklarini cheklab qo‘yish mumkin. Bunday vaziyatda ikkinchi tomon, albatta, o‘zining huquqini talab qilishga haqli.

Abdurahmon Tashanov

Shu nuqtayi nazardan tartibga solish, osoyishtalikni saqlash bilan bog‘liq jarayonda inson huquqlari buzilish holatlarini ko‘plab kuzatdik, bizga bu borada ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. O‘z navbatida biz mazkur murojaatlarda keltirilgan vajlar bo‘yicha davlat hokimiyati idoralariga murojaat qildik.

Lekin, afsuski, hozirgi paytda juda ko‘plab nodavlat va jamoat tashkilotlari karantindan chiqib, faoliyatini avvalgiday yo‘lga qo‘yayotgan bir paytda Oliy sud va boshqa sud-huquq idoralari haligacha yopiq turibdi, karantin qoidalariga amal qilgan holda avvalgi rejimda o‘z ish faoliyatlarini davom ettirmoqda. Holbuki, karantin choralari yumshatilganiga ancha bo‘lib qoldi. Bundan esa ko‘pchilik norozi bo‘lmoqda. Bosh prokuratura yoki Oliy suddagilarning joni jon-da, bizniki baqlajonmi, deganday istehzoli e'tirozlar bo‘lmoqda. Chunki odamlarning Bosh prokuratura va Oliy sud singari idoralarga murojaat qilish ehtiyoji har qachongidan ham kuchaygan. Menimcha, bu idoralar ham tez orada qanaqadir darajada karantin choralarini yumshatishlari kerak.

– Tahririyatimizga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qog‘oz shaklidagi murojaatlarni qabul qilmay qo‘ygani, karantin payti bo‘lishiga qaramasdan, ayrim ishlar jadallashtirilgan tarzda sudlarda ko‘rilgani, ammo taraflardan biri sud majlislarida ishtirok etmagani haqida ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan. Siz faoliyat yuritayotgan tashkilotga bu borada qandaydir murojaatlar bo‘ldimi?

– Shaxsni sud qilish jarayonida uning huquqlari himoyasini ta'minlash – inson huquqlarining birlamchi vazifalaridan bittasi. Ya'ni biz Xabeas korpus institutini joriy qildik deb maqtandik. Jasliqni yopdik deb gapirib yuribmiz. Lekin aytaylik, sudlarda fuqarolarning himoyalanish huquqini ta'minlay olmas ekanmiz, inson huquqlari himoyasi zo‘r bo‘lib ketdi deb aytishga, menimcha, unchalik haqqimiz yo‘q.

Chunki karantin davrida ma'muriy sudlar bo‘ladimi, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar bo‘ladimi, sud majlislarida shaxslarni advokatlar bilan ta'minlash darajasi juda pasayib ketdi, huquqiy himoyasi deyarli yo‘q holatlar ham ko‘paydi. Bu bo‘yicha Advokatlar palatasi o‘zining chiqishlarini qildi, advokatlarning o‘zlari ham ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilishmoqda, fuqarolar ham bu borada uchrayotgan muammolarni ko‘tarishmoqda.

Aytaylik, prokurorlarga karantin paytida harakatlanish huquqini beruvchi stikerlar berildi-yu, Xabeas korpus sharoitida nega u bilan teng bo‘lgan himoyachining uyidan chiqishiga ruxsat berilmadi? Bunday ijtimoiy notengliklar, ijtimoiy adolatsizliklar, albatta, fuqarolarda noroziliklarni keltirib chiqaradi va biz buning bir qismini ko‘rdik. Umid qilamizki, bundan keyin karantin cheklovlarini belgilovchi respublika komissiyalari masalaning shu jihatlarini inobatga olishadi.

– Keyingi paytda Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning huquqlarini ta'minlash bo‘yicha qandaydir ijobiy o‘zgarishlarga erishildi, deb ayta olamizmi? Qaysi muammolar haligacha mavjud va yechimini topishi kerak deb hisoblaysiz?

– Men Ombudsman instituti bilan hamkorlikda jazoni ijro etish muassasalarida bo‘ldim. Haqiqatan ma'lum darajada o‘zgarishlar bor. Bu nimalarda ko‘rinadi? Ayniqsa, mahkumlarga nisbatan munosabat anchayin o‘zgargan. Masalaning birinchi navbatda sub'yektiv tomoniga e'tibor berish kerak, sababi hamma obektiv xulosalar shundan kelib chiqadi. Eng muhimi, prezident boshchiligida amalga oshirilayotgan siyosatga hamohang ravishda JIEM boshliqlarining mahkumlarga nisbatan munosabati, muomalasi o‘zgargan.

Endi obektiv jihatdan qaraydigan bo‘lsak, aytaylik, yotoq joylari, boshqalari ancha yaxshilangan. Shu bilan birga o‘ziga yarasha muammolar ham ko‘p. Masalan, qamoqxonalarda muntazam, sistematik qiynoqlarning kamayishi juda katta yutuq. Men hali tergov izolyatorlarida deyotganim yo‘q yoki ichki ishlar organlarida deyotganim yo‘q. Bunaqa desam yolg‘onchi bo‘laman, sababi birgina Kun.uz sayti ham bu boradagi qator muammolarni yoritib kelmoqda.

Shu bilan birga qamoqxonalar haqidagi ma'lumotlarning ochiqlanishi, qamoqxonalarga oid ma'lumotlarning davlat sirlari ro‘yxatidan chiqarilishi juda ham katta voqea bo‘ldi. Sababi shu paytgacha qamoqxonalarni umuman bir tuman ichidagi, ko‘rib bo‘lmaydigan, ko‘z ilg‘amaydigan joy deb bilardik. Vaholanki, hozir biz jurnalist sifatida ham, huquq himoyachisi sifatida ham qamoqxonalarga kirib, mahkumlar bilan gaplashyapmiz. O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalaridagi sharoitlar mamlakatning taraqqiyot darajasiga mos. Albatta ularni yuksak darajada rivojlangan Finlyandiya, Norvegiya qamoqxonalari bilan solishtirib bo‘lmaydi, bu noto‘g‘ri.

Lekin hukumat muammolar borligini tan olmoqda. Muammoni hal qilish uni tan olishdan boshlanadi. Biz shartli ravishda 30 yil deyapmiz, undan avvallari ham O‘zbekistonda qiynoqlar bilan bog‘liq muammolar borligini tan olmaganmiz, bu masalalar yaqin-yaqingacha hal qilinmasdi. Bugun muammolar tan olinib, mas'ullar ko‘proq tanqid qilinyaptimi, demak, nimadandir umid qilsak bo‘ladi.

Endi hozirgi vaqtda kimlargadir sharoit yomonlashayotganga o‘xshab ko‘rinishi mumkin. Qolaversa, O‘zbekistonda so‘z erkinligi mustahkamlanib borayotgan bir vaziyatda hamma muammolar haqida gapirmoqda, yozmoqda. Bu jarayonni kuzatganda go‘yoki atrofimiz faqat muammolar bilan to‘lib-toshgandek ko‘rinadi. Lekin aslida so‘z erkinligi berilmasa, hamma narsa muzlatilgan bo‘lganda, bu muammolar ochilmasdi, xuddiki hamma sohalarda ishlar badastirdek tuyulardi. Demoqchi bo‘lganim, hamma sohalarda oldinga siljish bor, muammolar ham bor. Biroq yechimini kutayotgan muammolar shu qadar ko‘pki, ularni o‘ylayversak, nekbin va xolis bo‘lolmay qolamiz.

Xalqimizning asrlar sinovidan o‘tgan quyma naqllari, maqollari bor. Shulardan birida “Do‘st achitib gapirar” deyiladi. Qarang, do‘st deyilyapti. Do‘stlargina seni tanqid qiladi degan ma'noda aytilyapti. Biz, albatta, xalqimizga va u saylagan hukumatga do‘stmiz. Hamisha do‘stlik qo‘lini cho‘zamiz. Do‘stlik qo‘lini cho‘zishimiz doimiy ravishda kichkina-kichkina “tarsaki”, tanqidlardan iborat. Inson huquqlari bugungi kabi yig‘ilishlarda emas, balki har kuni har joyda gapirilishini xohlaymiz. Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish kunini faqat 10 dekabrda nishonlash, yil oxirida sohaga aloqadorlar bir joyga to‘planib, fikr almashish bilan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Inson huquqlarining toptalayotgani, erkinliklari chegaralanayotgani haqida har kuni, har soatda gapirilishi, eslanishi kerak. Kerak bo‘lsa, madhiya darajasida eslanishi kerak. Chunki rivojlangan davlatlarda inson huquqlari bilan bog‘liq lozunglar binolarning peshtoqida turibdi, mansabdorlarning xizmat xonalarida turibdi va ko‘chalarga ham ilib qo‘yilgan. Biz ham O‘zbekistonda shunday kunlar kelishini istardik.

Mavzuga oid