O‘zbekiston | 07:20 / 31.12.2020
24736
4 daqiqa o‘qiladi

Bir tomorqada 30–40 xil gul: Oltinko‘llik gulchilar oilasi xonadonida

Oltinko‘l tumani Cho‘ntak mahallasidagi Temirovlar xonadonida qish faslida ham bahoriy muhit hukmron. Oila 10 sotix tomorqasida gul yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan.

Xonadon sohibi Abdumajid aka Temirov 57 yoshda. Turmush o‘rtog‘i bilan ikki o‘g‘il va bir qizni voyaga yetkazgan. Ularning barchasi bundan 10 yil oldin gul yetishtirishga qiziqib qolishgan.

Ayniqsa, ikki o‘g‘il – Ashurali va Jasurbek gulchilik bilan shug‘ullanish orqali yaxshigina daromad olish mumkinligidan yaxshi xabardor.

Oila sohibi xonadonidagi birinchi issiqxonani 1987 yilda qurgan ekan. Dastavval bodring va pomidor yetishtirilgan, keyinchalik uy sharoitida parvarishlanayotgan gullar issiqxonaga olib kirilgan va ularni ko‘paytirish orqali gulchilik tarmog‘i kengaytirilgan.

Hozirga kelib oila a'zolari oltita issiqxonada qishin-yozin 30–40 xil gul yetishtirishadi.

«Gulchilik sohasida ish boshlaganimizga 10 yil bo‘ldi. Bu ish havaskorlikdan boshlangan. Avvaliga oilamiz a'zolari bilan havasga gul yetishtirganmiz. Keyin gulchilikni kengaytirganmiz. Hozirda 10 sotix yerda 6 ta issiqxonamiz bor. 30–40 xil gul yetishtiramiz.

Oila a'zolarimizdan tashqari 3–4 nafar yordamchi olganmiz. Gulni yetishtirish xuddi chaqaloqni parvarish qilish, unga mehr berish bilan barobar. Gulga mehr qo‘yasiz, ular rivojlanib, yaxshi o‘sadi.

Gul urug‘lari asosan avgust–sentyabr oylarida sepiladi. Mart–aprel oylarida tayyor bo‘lib, bozorga olib chiqiladi. Savdomiz asosan mart oyida boshlanadi», – deydi Jasurbek Baratov.

Issiqxonalar ko‘mir bilan isitilar ekan. 6 ta issiqxonaga bir qish mavsumida 6 tonna ko‘mir ishlatiladi.

Isitish tizimi uch qavat sellofan tortilgan «termos» uslubidan iborat. Birinchi qavati – termos; u tepadan tushayotgan sovuqni qaytarish uchun. Ikkinchi qavati – xona haroratini ushlab turish uchun. Uchinchi qavati esa, xonadagi issiqlik chiqib ketmasligi uchun.

Gulchilarning aytishicha, sentyabr oyida tuvaklarga chirindi solinadi va qalamchalar ekiladi. Qalamchalar 13 kundan 1 oygacha tomir oladi.

«Gul ham og‘ir mehnat talab qiladi. Daromadi shunga yarasha yaxshi. Buning orqasidan uy solyapmiz, mashinalar olyapmiz. Bitta issiqxonadan 10–15 million so‘m daromad olish mumkin.

Oltita issiqxonamizning har birida 5–6 mingtadan gul bo‘ladi. Bular – asosan issiq o‘lkalarning gullari. Sharoitini yaratib berganimiz uchun bizda ham ko‘karib, yashnab turadi.

Biz yetishtirgan gullar O‘zbekiston bo‘ylab sotiladi; Qozog‘iston va Qirg‘izistonga eksport bo‘ladi», – deydi Jasurbek Baratov.

Gul parvarishlovchilardan biri Gulchehraxon Omonovani suhbatga tortdik.

«Biz bu yerga 10 kilometr uzoqlikda bo‘lgan Maslahat qishlog‘idan kelamiz. 5-6 ta qiz bilan. Ba'zan 10 kishilashib ishlaymiz. Bu yerda ishlasangiz, dilingiz yayraydi.

Avgust–sentyabr oylarida urug‘ini sepamiz. Bahorgacha ko‘chat chiqarib, mart–aprel oylarida O‘zbekistondagi xonadonlarga, qolaversa gul do‘konlariga gullar chiqaramiz. Qishin-yozin 12 oy ish bo‘ladi bu yerda», – deydi u.

Temirovlar xonadonidagi barakaning boisi, fikrimizcha, bu – mehnatsevarlik, birdamlik va yerga bo‘lgan mehr. Mana shu uch omil oila xonadoniga to‘kinlik olib kiryapti.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Mahmudov

Mavzuga oid