Baliqchi tumani Navnihol mahallasidagi Ergashevlar xonadonidamiz. 14 nafar a'zosi bo‘lgan katta oila 8 sotix tomorqada limonariy tashkil qilgan.

Izlagan imkon topar, deyishadi. Muallimlikdan nafaqaga chiqqan G‘ofirjon ota va uning farzandlari sharoitdan kelib chiqib, yoqilg‘i yoqib isitilmaydigan limonariydan mo‘l hosil va yaxshi daromad olishmoqda.

G‘ofurjon Ergashev 68 yoshda. Sobiq o‘qituvchi. Turmush o‘rtog‘i Shahzodaxon aya ham o‘qituvchi bo‘lgan. Hozir pensiyada. Ikki qiz va uch o‘g‘ilning otasi. 12 nafar nevarasi bor.

«8 sotix hovlimiz bor. Shu hovliga 4 ta issiqxona tashkil qilganmiz. Ularda 134 tup limon, 6 ta mandarin, 6 ta apelsin daraxt ko‘chatlari bor.

Issiqxonani yog‘ochdan yasaganmiz. Mana shu atrofingizda ko‘rib turgan limonariyda 44 tup limonimiz bor. Shuni yozda bola-chaqa bilan, kelinlar bilan birga mehnat qilib yetishtirdik. Terilgan hosilni yerto‘lada saqlab, bahor oylarida sotishni boshlaymiz.

Limonning sovuqqa chidamli, hosildor Xitoy va Kavkaz navlari ekkanmiz. Hech qanday yoqilg‘i ishlatilmaydi. Kechqurunlari bo‘ladigan ayozlardan saqlash uchun issiqxonaga isiriq solib tutatamiz. Daraxtlarni parvarishlaymiz, o‘g‘itlari berib boriladi.

Bu yil taxminan 2,5 tonna atrofida hosil yetishtirdik. Bu esa taxminan 110–115 million so‘mlik daromad degani. Voyaga yetgan bir tup limon daraxtida 700 donagacha meva bo‘ladi. Taxminan 90 kilogramm hosil beradi.

Men uzoq yillar maktablarda o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. Rus tili va adabiyoti hamda harbiy ta'limdan dars berdim. 2011 yildan boshlab bosqichma-bosqich shu issiqxonalarni tashkil qildik. O‘tgan yilgi daromadimizdan «Damas» mashina oldik. Hozir ikkita «Damas» mashinamiz, bitta «Neksiya»miz bor. Allohga shukur, yashash sharoitimiz yaxshi.