Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Buvaydadagi maktab direktori ishga qayta tiklanadigan bo‘ldi
Pedagoglar dam olish kunlarida ham navbatchilikka majburlangani haqidagi Kun.uz xabaridan so‘ng, Mehnat inspeksiyasi ularga 2 hissa ish haqi to‘lab berish bo‘yicha ish beruvchiga yozma ko‘rsatma berdi. Voqea ortidan ishdan olingan maktab direktorining faoliyati qayta tiklanadigan bo‘ldi.
Foto: Kun.uz
Farg‘onaning Buvayda tumani 37-maktabda rasman ishlanmaydigan bayram kunlarida ham pedagoglar tun-u kun navbatchilikka majburlangani holati yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi o‘rganish olib bordi.
Natijalarga ko‘ra, xodimlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq ikki hissa miqdorida ish haqi to‘lab berish bo‘yicha ish beruvchiga yozma ko‘rsatma kiritilgan. Mehnat qonunchiligi talablarini buzgan maktab direktoriga nisbatan MJtKning 49-moddasi (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish)ga asosan javobgarlik chorasi ko‘rilgan.
“Mehnat qonunchiligi buzilishini, shuningdek ularning kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida yuqori turuvchi tashkilotga taqdimnoma kiritildi”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Avvalroq mana shu vaziyatlar fonida Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi direktor ishdan ozod qilinganini ma’lum qilgandi. Mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Nilufar Amanniyazovaning Daryo.uz nashriga aniqlik kiritishicha, boshqarma maktab direktorini lavozimidan bo‘shatishda mehnat qonunchiligini buzgan.
“Maktab direktori bilan suhbatlashilganda mehnat shartnomasi bekor qilinganidan xabari yo‘qligini bildirdi. Ish beruvchi direktor bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda qo‘pol qonunbuzilishga yo‘l quygan. Inspeksiya nafaqat o‘qituvchilar mehnat huquqlarini himoya qiladi, balki maktab direktori ishga tiklanishini ham ta’minlaydi”, degan inspeksiya rahbari.
Qolaversa, Amanniyazova dam olish va bayram kunlari ishga jalb qilishda xodim roziligi olinishi kerakligi hamda qonunchilikka muvofiq to‘lovlarni ham amalga oshirish lozimligini aytgan.
Ma’lumot uchun, amaldagi Mehnat kodeksining 209-, 210-moddalariga ko‘ra, xodimlarni dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb qilish taqiqlangan. Buning uchun yuqorida aytilganidek yozma rozilik yoki tashkilot rahbarining ichki buyrug‘iga roziligi sifatida chekilgan imzolar kerak bo‘ladi. Bunday kunlarda xodimlarni faqatgina hujjatda belgilangan maxsus vaziyatlarda ishga chaqirish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘onada o‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikka majburlagan topshiriq vazirlik va hukumatdan tushgani ma’lum bo‘lgandi. Kun.uz'dagi hujjatlarga ko‘ra, mazkur holat boshqa viloyatlarda ham kuzatilgan bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
17:27 / 09.01.2026
Respublika bo‘yicha navbatchilikka chiqqan o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lanadi – manba
16:05 / 06.01.2026
Farg‘onada o‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikda turishga majburlagan maktab direktori ishdan olindi
16:35 / 05.01.2026
Buvaydadagi maktabda o‘qituvchilar tun-u kun navbatchilikda turishga majburlanyapti
15:47 / 27.12.2025