Iqtisodiyot | 22:00 / 26.05.2021
9708
3 daqiqa o‘qiladi

Aktivlar va daromadlar deklaratsiyasiga oid qonun loyihasi tez orada e'lon qilinadi - Akmal Burhonov

Davlat xizmatchilari bilan birga, ularning qaysi toifa qarindoshlariga tegishli mol-mulk va aktivlarni majburiy deklaratsiyalash masalasida hali bir to‘xtamga kelinmagan.

Davlat xizmatchilarining mol-mulklari va daromadlarini deklaratsiyalash haqidagi qonun loyihasi tez orada jamoatchilik muhokamasiga chiqariladi.

Bu haqda Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonov 26 may kungi matbuot anjumanida ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Biz buni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Loyiha xalqaro va xorijiy ekspertlar takliflari asosida qilingan.

Hozir loyiha qaysi bosqichda deyilsa, ushbu qonun qabul qilinganidan keyin samarali va to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashi uchun choralar ko‘rilyapti. Ya'ni tizim yaratish ustida ishlar olib borilyapti.

O‘tgan hafta Kun.uz muxbiriga bergan intervyumda bu haqda atroflicha ma'lumot berdim. Bu borada ishlar to‘xtamagan, bu joriy qilinadi. Siyosiy iroda bor, davlat rahbari tomonidan deklaratsiyalash tizimini tezlashtirish masalasi qo‘yilgan. Bu yerda texnik masalalar turibdi, ya'ni qonun qabul qilinishi bilan tizim ishlab ketishi kerak.

Ikkinchidan, bu yerda kimlarning mol-mulki va daromadi deklaratsiya qilinishi masalasi ham bor. Biz xalqaro tajribani ko‘rganimizda [davlat xizmatchisining] faqat o‘zi va turmush o‘rtog‘i, qaysidir davlatlarda farzandlari ham bor. Bizda hozir mentalitetimizdan kelib chiqib, qaynota-qaynonasi, kerak bo‘lsa qaynukasining mol-mulklari va daromadlarini ham deklaratsiya qilish kerak, degan fikrlar tushyaptiki. Lekin, mulk daxlsizligi masalasi ham bor. Halol insonlar nega kuyovi yoki qaynotasi uchun mulkini hammaga ochiqlashi kerak, degan masala bor.

Bu masala ham bugungi kunda ko‘rib chiqilyapti. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda davlat xizmatchilarining mol-mulklari va daromadlarini deklaratsiyalash to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqariladi», – dedi Akmal Burhonov.

Aksilkorrupsiya agentligi ushbu qonun loyihasini ishlab chiqib, Prezident Administratsiyasiga kiritgani yanvar oyi boshida ma'lum bo‘lgan edi.

Loyihada barcha darajadagi davlat xizmatchilari, xususan prezidentning ham mol-mulklari va daromadlarini deklaratsiyalash taklif etilgan.

Akmal Burhonov kuni kecha Kun.uz'ga bergan intervyusida deklaratsiyalash tartibi 2022 yildan kuchga kirishi kutilayotganini ma'lum qildi.

  • Davlat soliq qo‘mitasi ishlab chiqqan farmon loyihasi qabul qilinsa, 2021 yil 1 iyuldan soliq organlarining boshqaruv xodimlariga o‘z daromadlari va aktivlarini majburiy deklaratsiyalash tartibi joriy etilishi mumkin.

Mavzuga oid