Jamiyat | 14:31 / 04.07.2025
28493
5 daqiqa o‘qiladi

Stolda pichoq, uning oldida mast odam, xodim telefon “titib” o‘tiribdi – Buxorodagi hodisada kim antiqahramon?

Buxoroda shifokor pichoq bilan o‘ziga zarar yetkazmoqchi bo‘lgan erkakni zararsizlantirib, qahramonlik ko‘rsatdi. Biroq erkakni mastlik darajasini aniqlash uchun narkolog huzuriga olib kelgan mayor va katta leytenant ushbu holatni beparvolik bilan kuzatib turdi. Ulardan biri – telefon “titib” o‘tirgan, vaziyat jiddiyligini ko‘rib turgan holda hatto o‘rnidan turgani ham yo‘q. Hozirda xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tomoshabin mayor

So‘nggi kunlarda IIB xodimlari bilan bog‘liq bir nechta voqea OAV e’tiboriga tushdi: Andijonda keksa yoshdagi odam profilaktika inspektorini pichoqlab o‘ldirgan bo‘lsa, Buxoroda mast erkak o‘ziga jarohat yetkazmoqchi bo‘ldi. Biroq har ikki holatda pichoqli erkaklarni xodimlar zararsizlantira olmagan.

Buxoro shahrida sodir etilgan holatda mast erkak stol ustida turgan pichoqni olib, o‘ziga jarohat yetkazishga uringan. Buni ko‘rib turgan IIB xodimlari shunchalik beparvo bo‘lganki, hatto ulardan biri o‘tirgan o‘rnidan turmagan ham. Shu payt xonaga kirib kelgan narkolog vrach Elbek Dilov chaqqonlik va sovuqqonlik bilan mast erkak qo‘lidagi pichoqni tortib olgan va uni zararsizlantirgan. IIB xodimlaridan biri erkak qo‘lidagi pichoq yerga tushib ketgachgina uning yoniga yugurib borgan. Ikkinchisi esa shunda ham o‘rnidan turmay voqeani tomoshabin sifatida kuzatishni davom etgan.

Xizmat tekshiruvi tayinlandi

IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat 2 iyul kuni sodir bo‘lgan. Buxoro shahrining Losha mahallasida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan B.N. mast holatda uyida janjal qilgan. Holat yuzasidan voqea joyiga chiqqan profilaktika inspektorlari mayor D.Avezov va katta leytenant E.Muhamedov mastlik holatini aniqlash hamda huquqbuzarlik holatini rasmiylashtirish maqsadida erkakni Buxoro viloyati narkologiya dispanseriga olib kelgan.

Narkolog ko‘rigidan o‘tkazish jarayonida mast erkak ichki ishlar organlari xodimlarining o‘ta mas’uliyatsizligi tufayli stol ustida turgan oshxona pichog‘ini qo‘lga kiritib o‘ziga jarohat yetkazish bilan tahdid qilgan. Narkolog vrach Elbek Dilovning o‘z vaqtida, jasorat bilan amalga oshirgan harakati natijasida fuqaro zararsizlantirilib, og‘ir oqibatga olib kelishi mumkin bo‘lgan fojianing oldi olingan.

Xozirda, profilaktika inspektorlari mayor D.Avezov hamda katta leytenant E.Muhamedovga nisbatan Ichki ishlar vazirligi tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Shuningdek, narkolog vrach Elbek Dilov jamoat tartibini saqlashda ko‘rsatgan jasorati uchun Buxoro viloyati IIB boshlig‘ining buyrug‘i bilan rag‘batlantirilgan.

Xodimlar hushyor emas...

OAV e’tiboriga tushayotgan ko‘p hollarda xodimlarning hushyor emasligi ko‘zga tashlanmoqda. Joriy yil 19 may kuni Toshkent shahridagi Yunusobod dehqon bozorida ruhiy kasal erkak yonidagi pichoq bilan ichki ishlar xodimining bo‘ynini jarohatlab, uni o‘ldirib qo‘yishiga bir baxya qolgandi. Andijonda esa shunga o‘xshash holatda profilaktika inspektori halok bo‘ldi. Agar shifokor jasorat ko‘rsatmaganida Buxorodagi holat ham og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Buxorodagi keysga e’tibor qaratilsa, xodimlar jiddiy qarshilikka uchragan deb ham bo‘lmaydi.

Bu kabi holatlar xavfni baholash va unga qarshi tayyor turishda xodimlarda psixologik hamda jismoniy uquv yetishmayotganligini ko‘rsatmoqda. Shu sababli Ichki ishlar vazirligi rahbariyati huzurida shaxsiy tarkibning jangovar jismoniy tayyorgarligini oshirish, qurol va maxsus vositalardan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan.

Yig‘ilishda jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotida xodimlarning xizmat vazifalarini bajarish vaqtida o‘zini o‘zi himoya qilish bo‘yicha maxsus jismoniy tayyorgarlik usullarini yetarli darajada o‘zlashtirishi zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan. Shaxsiy tarkib haftaning belgilangan kunlari jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga qatnashishi ustidan nazorat kuchaytirilib, bu borada barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy o‘rnak bo‘lishlari asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid