O‘zbekiston | 13:12 / 18.05.2026
7156
6 daqiqa o‘qiladi

 “Drujba”da yongan Zeekr voqeasi: sud avtomobil egasi foydasiga 450 mln so‘m undirishni belgiladi

2025 yil aprel oyida Toshkent markazida Zeekr 001 avtomobili zaryadlash paytida yonib ketgandi. Sud yong‘inga mashinani ta’mirlatishda yo‘l qo‘yilgan xatolik sabab bo‘lgan deb topdi va javobgar “E-GO MOTORS” MChJdan da’vogar Mirzayev Hotambek foydasiga jami 450 mln so‘m undirish haqida qaror qabul qildi. Sud qarori hali kuchga kirmagan, taraflarga shikoyat kiritish tartibi tushuntirilgan.

O‘tgan yilning aprel oyida Toshkent markazida qimmatbaho Zeekr 001 avtomobili yonib ketgandi. Kun.uz voqea tafsilotlarini o‘rgangandi. Ma’lum bo‘lishicha, bu holat – elektromobil haydovchilari va servis mutaxassislari ehtiyot bo‘lishi lozim bo‘lgan bir nuqtani yuzaga chiqaradi.

Voqea xronologiyasi

Ish hujjatlarida ko‘rsatilishicha, 10 aprel kuni tungi 01:44 da Hotambek Mirzayev o‘ziga tegishli Zeekr 001 avtomobilini quvvatlash uchun “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyining yonidagi avtoturargohda joylashgan Tok Bor brendiga tegishli stansiyaga keladi. 01:46 da zaryadlash uchun start tugmasi bosiladi. Bu paytda elektromobilning quvvati 7 foiz bo‘lgan. Mirzayev mashinasini qoldirib, uyiga ketadi. Soat 03:51 da stansiya elektromobilga quvvat berishni to‘xtatadi va sessiya yakunlanadi. O‘sha paytda mashinadan tutun chiqishi yoki nosozlik alomatlari kuzatilmagan.

Oradan 3 soatga yaqin vaqt o‘tgach, 7:30 lar atrofida elektromobilning old qismidan tutun chiqishi kuzatilgan va mashina yona boshlaydi. Baxtsiz hodisani ko‘rgan atrofdagi odamlar Favqulodda vaziyatlar vazirligiga xabar beradi.

2 oy oldingi ta’mirlash

Bu keysning muhim jihatlaridan biri – mashinani ta’mirlatish bilan bog‘liq. 2025 yil 25 yanvar kuni Zeekr'ning egasi Hotambek Mirzayev avtomobilini “EGO-Motors” MChJga tegishli “Voyah Service Center”ga olib boradi. Bunga avtomobilning quvvati 50 foizdan pasayganda birdaniga 0 foizga tushib ketayotgani sabab bo‘ladi.

Avtomobil batareykasini diagnostika qilganimizda haydovchi o‘rindig‘ining tagidagi bir hujrasi 3,73 v'ga tushib ketgani, qolgan hujralar 4 v ekanini ko‘rdik. 7 fevral kuni batereykadagi disbalans bo‘lgan 3,73 hujrani 4 v'ga balans qilib, 9 fevral kunigacha 2 kun tekshirib test qildik. Mashina taxminan 17:50 larda egasiga taqdim etildi”, deyiladi xizmat ko‘rsatish markazining rasmiy izohida.

Servis markazining izohida aytilishicha, markaz xodimlari Zeekr'ning bu holatga kelishiga doimiy ravishda Fast DC charger, ya’ni yuqori quvvatdagi zaryadlash moslamalaridan foydalanish sabab bo‘lganini Hotambek Mirzayevga tushuntirishgan; bundan keyin mashinani 7 kW AC o‘zgaruvchan sekin zaryadlash stansiyasida quvvatlash kerakligini aytib, ogohlantirishgan.

Ekspertiza xulosasi

 

2025 yil 12 avgust kuni jabrlanuvchi Hotambek Mirzayev Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markaziga murojaat qiladi. Uning arizasiga muvofiq, ekspert ishni “Taqdim qilingan elektr o‘tkazgichlarda qisqa tutashuv alomatlari mavjudmi?” hamda “Ushbu yong‘inning kelib chiqishiga avtomobilning litiy-ion batareyasi yacheykalarini almashtirishning aloqasi bo‘lganmi?” degan savollar yuzasidan ko‘rib chiqadi.

Ekspert xulosasiga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan avtomobildan olingan elektr o‘tkazgichlarda qisqa tutashuvga xos alomatlar topilmagan. Chilonzor TETK boshlig‘ining ma’lumotnomasida ham 2025 yilning 10 aprel kuni soat 00:00 dan 08:00 gacha yong‘in sodir bo‘lgan hududdagi transformator punktlarida avariyaviy holatlar, tarmoqda kuchlanish ortib ketishi kuzatilmagani keltirilgan.

Avtomobil 2022 yil 14 iyun kuni ishlab chiqarilgani, yong‘in sodir bo‘lgunga qadar qariyb 3 yil foydalanilgani hisobga olinib, baxtsiz hodisaning yuz berishida ishlab chiqarishdagi nuqsonlarning aloqasi yo‘qligi qayd etilgan. Bundan tashqari, Zeekr'ning qo‘llanmasida elektromobilni Fast DC charger'da zaryadlashga taqiq qo‘yilmagan.

Har qanday litiy-ion batareyada professional moslashtirish talab kilinadi: yacheykalarning ichki qarshiligi, yoshi va salohiyati tenglashtirilgan bo‘lishi kerak. Qisman almashtirish ko‘plab ishlab chiqaruvchilarning tavsiyalariga zid. Shuning uchun qayta yig‘ishda to‘liq diagnostika va BMC (batareyani boshqarish tizimi) kalibrovka amalga oshmagan bo‘lishi mumkin. Yuqoridagilardan kelib chiqib, yong‘in litiy-ion batareyani qisman almashtirish va disbalansni to‘liq bartaraf qilmaslik natijasida kelib chiqqan”, deyiladi ekspertiza xulosasida.

Sud qarori

2026 yilning 8 may kuni mazkur ish Toshkent shahar Yakkasaroy tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi. Sud hujjatiga ko‘ra, birlamchi ekspertiza xulosasida noaniqliklar mavjudligi hisobga olinib, qayta kompleks ekspertiza tayinlanadi. 2026 yil 3 apreldagi qayta ekspertiza xulosasi quyidagicha bo‘lgan: “Ushbu davlat raqami 01H711NB, kuzov raqami L6T79T2E1NP025052, rangi qora bo‘lgan, “ZEEKR 001BWE 4 WD” rusumli avtotransport vositasida sodir bo‘lgan yong‘inga avtomobil ishlab chiqarishdagi korxonaning aloqasi bo‘lmagan, balki ushbu yong‘in akkumulyator batareyasida ta’mirlashdan keyin yacheykalarning ichki qarshilik va sig‘im bo‘yicha nomutanosibligi saqlanib qolgani sababli yuzaga kelgan mahalliy qizish (I²R yo‘qotishlar) va ichki qisqa tutashuv natijasida rivojlangan termik tarqalish jarayoni oqibatida kelib chiqqan”.

Sud da’vogar Mirzayev Hotambek Kudratbek o‘g‘lining javobgarlar “E-GO MOTORS” MChJ va Djalilov Rixsivayjon Axmadjanovichga nisbatan yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish haqidagi da’vo arizasini qisman qanoatlantirdi. Javobgar “E-GO MOTORS” MChJdan da’vogar Mirzayev Hotambek Kudratbek o‘g‘lining foydasiga 391 mln 753 ming so‘m yetkazilgan zarar, vakil yordami uchun 20 mln so‘m xarajatlar, ekspertiza uchun 13 mln 663 ming so‘m xarajatlar, 25 mln so‘m ma’naviy zarar uchun konpensatsiya va 41 ming so‘m pochta xarajatlari undirish haqida qaror qabul qilindi.

Sud qarori hali kuchga kirmagan, taraflarga shikoyat kiritish tartibi tushuntirilgan. 

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid