Jamiyat | 16:32 / 04.05.2020
12539
6 daqiqa o‘qiladi

Turar joyni sug‘urtalash qanchaga tushadi? Soha mutaxassislari bilan suhbat

«Sardoba» suv omboridagi avariya O‘zbekistonda sug‘urta bozorini rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Kun.uz muxbiri ayni mavzuda mamlakatdagi bir nechta sug‘urta kompaniyalari vakillaridan intervyu oldi.

– Sug‘urtaning afzalliklari haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo‘lmagan odamlarga tushunarli bo‘lishi uchun sodda tilda tushuntirib bersangiz. Deylik, 2000 yilda qurilgan 5 xonali uyi bor. Fuqaro shu uyini 500 ming so‘mga sug‘urta qildirdi. Shu uy suv ostida qoldi, uy uchun qancha kompensatsiya olishi mumkin?

Akramjon Sharobiddinov – «KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi» AJ sug‘urta bo‘yicha direktori:

– Uyni sug‘urta qilishda avvalo uyning qiymatidan kelib chiqiladi. Aytaylik, 100 mln so‘mga uyini sug‘urta qildirdi. Tabiiy ofat natijasida uy batamom zararlansa, qancha miqdorda sug‘urta qilingan bo‘lsa, ya'ni sug‘urta kompaniyasi olgan javobgarlik 100 mln so‘m bo‘lsa, 100 mln so‘m to‘laligicha qoplab beriladi.

Ofat bo‘lganda uy qisman zararlansa, deylik, 5 xonali uyning faqat 2 xonasi zararlansa, shu ikki xonani tiklash uchun ketadigan xarajatlar mustaqil baholovchi tomonidan baholab beriladi. Kompaniya mustaqil baholovchi belgilagan summani mijozga to‘lab beradi.

Ko‘pchilik so‘raydi: sug‘urta kompaniyasi g‘ishti yoki ohagini qilib beradi, xolosmi? Yo‘q, qurish uchun ketadigan usta va boshqa xarajatlari ham qo‘shilib, umumiy summa qoplab beriladi.

Tabiiy ofatlarda juda ham ko‘p ekin maydonlariga zarar yetyapti. Bu ekin maydonlari bo‘yicha ham yetkazilgan zarar qoplab beriladi.

Transport vositalari, chorva mollari, hayvonlar sug‘urtalangan bo‘lsa, ular ham zarar ko‘rganda sug‘urta summasi bo‘yicha zarar qoplab beriladi.

– Deylik, fuqaro 100 mln so‘m qiymatidagi uyni sug‘urta qilgan. Ammo uy sug‘urtasi uchun 100 mln so‘m to‘lamaydi-ku?

Umida Qosimova – «Gross Insurance» MChJ sug‘urta to‘lovlari markazi direktori:

– Mijozlar uyini sug‘urta qilayotganda bazaviy tarif bo‘ladi. U 0,2 foizdan 0,1 foizgachani tashkil qiladi. Sug‘urta qildirayotganida uy narxidan kelib chiqib, 0,1 foiz hisoblab, bizga sug‘urta mukofotini to‘lab beradi. Biz bundan 100 baravar ko‘piga javobgarlikni olamiz.

Gross Insurance’da juda ko‘p sug‘urta turlari bor. Uy-joyga bog‘liq ko‘plab sug‘urta mahsulotlari bor. Ularning hammasi bir-biridan farqlanadi.

Kompaniya 100 mln so‘mga javobgarlikni olayotgan bo‘lsa, mijoz bor-yo‘g‘i 100 ming so‘m to‘lab beradi. Shunda kompaniya bir yil davomida barcha tabiiy ofatlardan, uchinchi shaxs tomonidan yetkaziladigan zararlar bo‘yicha sug‘urta to‘lovlarini amalga oshiradi.

– Fuqaro 100 ming so‘m emas, undan ko‘proq pulga sug‘urtalasa, nima bo‘ladi?

Akramjon Sharobiddinov – «KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi» AJ sug‘urta bo‘yicha direktori:

– Mol-mulk sug‘urtasida sug‘urta kompaniyasi oladigan javobgarlikning eng katta miqdori bozor bahosi bo‘ladi. Aytaylik, uy bozorda 200 mln so‘m turadi. Sug‘urta kompaniyasi uni 500 mln yoki 1 mlrd.ga olishga imkoniyati yo‘q. Chunki uy nimadir bo‘lib zararlansa, uning qiymatidan ortiq to‘lab bera olmaydi. Shuning uchun bozor qiymati doirasida sug‘urta qilinadi.

Sug‘urta summasi 100 mln so‘m bo‘lsa, mijoz sug‘urta uchun shundan 0,1 foizi – 100 ming so‘m to‘laydi. Faqat bir narsani hisobga olish kerak. Sug‘urta kompaniyalari ko‘rsatadigan xizmatlarda ikkita tur bor. Bittasi – imoratlar sug‘urtasi. Ikkinchisi – imoratlarda joylashgan aholining mol-mulki: televizor, muzlatkich, gilam va hokazo.

Sug‘urta qilayotganda imorat binolarini alohida, mol-mulkni alohida sug‘urta qilish mumkin. Shunda zarar yetganda ham imoratga, ham uning ichidagi mulkka to‘lov amalga oshiriladi.

Amaliyotda yong‘in holatlari ko‘p kuzatiladi. Bunda imoratdan ko‘ra, mol-mulk ko‘proq zararlanadi.

Aholiga tavsiya sifatida shuni aytmoqchi edim, uylarini sug‘urta qilganda uy ichidagi mol-mulkni ham sug‘urta qilish kerak. Chunki mol-mulk ham arzon narsa emas. Ofat yuzaga kelganda zarar ko‘rish ehtimoli katta bo‘lgan narsalardan biri.

O‘tgan yili Dehqonobod tumanida kuchli sel keldi. O‘sha joyda «Kafolat» sug‘urta kompaniyasi sug‘urta qilgan. 3 oydan keyin hodisa ro‘y berib, bahor oyining oxirlarida 30dan ortiq xonadonni suv olib ketdi. Kompaniya borib, xonadonlarni o‘rganib, tezlikda sug‘urta zararlarini qoplab berdi. [Keyingi yil esa] hali qish tugamay fuqarolar qo‘ng‘iroq qilishni boshlayapti: «Sug‘urta kompaniyasi, tezroq kelib sug‘urta qilib qo‘ygin, bahor keldi, bizda hodisa bo‘lish ehtimoli bor», deb.

Birinchidan, bizning aybimiz – oxirgi nuqtagacha yetib bormaganimiz. Ikkinchidan, sug‘urta kompaniyasi to‘lab bergach, aholi ham mana bor ekan, ishlaydi, deb ishonch bildirdi.

Sug‘urta kompaniyalarining respublika bo‘yicha 1600dan ortiq bo‘linmalari bor. 7000 nafardan ortiq xodim, 10 ming nafardan ortiq sug‘urta agentlari bor. Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi, sug‘urta assotsiatsiyasi, sug‘urta kompaniyalarining tashabbusi bilan hududlarga kirib boryapmiz.

Tashviqotni yetkaza olsak, shunda aholiga yetkazilgan zararni qoplash imkoniyati bo‘ladi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Mavzuga oid