O‘zbekiston | 16:27 / 26.03.2022
19802
6 daqiqa o‘qiladi

“YPX xodimlarini tasvirga olishni taqiqlashning jamiyat va fuqarolar uchun qanday foydasi bor?” – media-huquqshunos Madina Tursunova

Aftidan, endi jurnalistlar «O‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim, ammo sizlarga ko‘rsata olmayman...» degan mavzuda insho yozishlariga to‘g‘ri keladi.

Fotokollaj: Kun.uz

O‘zbekistonda xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimlarini foto va videoga olib, ularning ruxsatisiz internetda tarqatish taqiqlanishi ko‘zda tutilgan hukumat qarori loyihasi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Legalclinic yuridik klinikasi yuristi Madina Tursunova ham bu borada fikr bildirdi.

“Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qaror loyihasi e’lon qilindi.

Madina Tursunovaning fikricha, barcha loyihalar jamoatchilik muhokamasiga tuzatish kiritish zarurligi asoslanmagan holda havola qilinadi.

“Nega? Asos qani? Tuzatish kiritishning jamiyat va fuqarolar uchun qanday ijobiy ta’siri bor? Hech kimga keraksiz va hech kimni qiziqtirmayotgan jamoatchilik nazorati nima bo‘ladi?  

Xodimning behush holdagi fotosi tarqalgan vaziyat yuz bergandi, ammo tartibbuzarni topishdi va MAVJUD ma’muriy va jinoiy javobgarlik normalari doirasida jazolashdi.  

YPX xodimlariga bunday ustuvor huquq berilishining sababi nimada? Nima uchun jamoatchilik nazorati hamda jamoatchilik qiziqishi, noroziligiga sabab bo‘lib kelayotgan huquqni himoya qilish tizimi faoliyatining ochiqligini ta’minlash masalasi hisobga olinmayapti?  

Aftidan, endi kech va qo‘shimchani zudlik bilan qabul qilishadi, ammo bir nechta AMMOlar bor, qo‘shimcha yuqoriroq yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarga ziddir. Ha, yuqori minbarlarda turib gapirilayotgan ochiqlik va korrupsiyaga qarshi kurash siyosatiga zid.  

1. Taqiqlashning sababi nimada? YPX xodimlari xizmatni ko‘chada, ya’ni shaxsiy hayot daxlsizligini himoya qilish tamoyillari amal qilmaydigan jamoat joylarida olib boradi.  

2. Xodimlar xizmat vaqtida nimadan qo‘rqishadi? Agar barcha harakatlari qonun doirasida bo‘lsa, nima uchun xodimni tasvirga olish va bu tasvirni joylashtirish mumkin emas? Kimni kimdan himoya qilishmoqchi?  

3. Huquqiy demokratik davlatlarda huquq-tartibot organlari va amaldorlarga nisbatan alohida qoidalar va ularning shaxsiy hayotini himoya qilish darajasi amal qiladi, chunki bu yerda jamoatchilik nazorati ta’minlanishi shart, boshqa yo‘li yo‘q. Bizda esa xodimni xizmat vaqtida tasvirga olish taqiqlanmoqda. Odatdagidek, qonuniy hujjatga hech qanday aniqlik kiritmasdan, istisnolarsiz, tushuntirishlarsiz tuzatish kiritilmoqda.  

4. Loyihada «YPX xodimining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holatda olingan foto va video tasvirlarini uning ruxsatisiz Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirmaslik» ko‘zda tutilgan. YPX xodimlarining faoliyati shunchalik maxfiymi?  

Agarda loyiha mualliflari yodlaridan chiqargan bo‘lsa, Konstitutsiyaga ko‘ra fuqarolar axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqiga ega, maxfiy axborotgina bundan mustasno. Bundan tashqari, faqat QONUNga asoslanib axborot olish va tarqatishni taqiqlash mumkin – qonunosti hujjati, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan emas, QONUNga asosan!  

«Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunda ham xuddi shunday deyilgan: «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanish, agar mazkur axborot qonunda belgilangan tartibda davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar jumlasiga kiritilgan bo‘lsa, cheklab qo‘yiladi». 

Xuddi shu qonunga ko‘ra yuridik va jismoniy shaxslar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni olish va tarqatish uchun to‘liq konstitutsion huquqqa ega. Bundan tashqari, davlat «korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha choralar ustuvorligi», «fuqarolarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari ustuvorligi», «ochiqlik va shaffoflik»ni korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy tamoyillar deb e’lon qilgan. 

«Inson-hokimiyat» yoki «YPX xodimi-fuqaro» munosabatlarida inson manfaatlari va huquqi ustun turishi kerak, ammo bu safar emas...  

YPXni o‘z ichiga olgan IIV korrupsiyaga qarshi kurashda bevosita faoliyat ko‘rsatuvchi davlat organi hisoblanadi.  

Darvoqe, OAV ham korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qonunchilik bajarilayotgani ustidan jamoatchilik nazoratini olib boradi. Endi esa, tasvirga olish mumkin, joylashtirish mumkin emas, hozirda eng ko‘p o‘qiladigani – bu Internet-nashrlar, Internet-OAV!  

Aftidan, endi jurnalistlar «O‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim, ammo sizlarga ko‘rsata olmayman...» degan mavzuda insho yozishlariga to‘g‘ri keladi. 

Va so‘zim so‘ngida ichki ishlar xodimlarining xizmat burchlarini o‘zlarining so‘zlari bilan eslatib o‘tmoqchiman: «Xalq manfaatlariga xizmat qilish». Ko‘zlari bog‘langan, quloqlariga paxta tiqilgan xalqqa xizmat qilish esa oson, shunday emasmi...”, deya fikr bildirgan yurist.  

Avvalroq Kun.uz mavzu yuzasidan ijtimoiy tarmoq faollari bildirgan e’tirozlarni havola etgandi

YPX xodimlarining foto va videosini internetda tarqatishni taqiqlashga oid taklif muhokamasi 29 martga qadar davom etadi.

Mavzuga oid