Suriyadagi urush: sabablar, ishtirokchilar va bugungi vaziyat
Muhim hududlarni nazorat qilolmaydigan rasmiy hokimiyat, vayrona shaharlar, besh milliondan ortiq qochqinlar, diniy bo‘linishlar va maqsadli qurollantirilgan radikalizm. Suriya zamini qanday qilib bu holga kelib qoldi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Suriyada 2011 yildan beri davom etayotgan fuqarolik urushi haqida so‘z yuritdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Suriyadagi harbiy harakatlarni asosan uchta guruhga bo‘lish mumkin: g‘arb koalitsiyasining IShIDni to‘liq mag‘lub etish harakatlari, Suriya hukumati va isyonchi kuchlar o‘rtasidagi ziddiyatlar hamda turli etnik guruhlar o‘rtasidagi o‘zaro nizolar.
Mamlakat aholisining aksariyatini sunniy musulmonlar tashkil etadi, davlatni idora etuvchi elita esa shialardan iborat. Hududi neftga juda boy Suriya – arab dunyosi, Eron, Isroil, Turkiya, AQSh boshchiligidagi kollektiv g‘arb va Rossiya manfaatlari to‘qnashgan nuqta hisoblanadi.
Arab bahori vaqtidagi namoyishlarni qonli bostirgani ortidan sanksiyalarga uchrab, Arab ligasidan chetlatilgan Suriya o‘tgan yili ligaga qayta qabul qilindi – arab dunyosi Bashar Al-Assad o‘z hokimiyatini bundan keyin ham saqlab qolishini tan oldi. Urush davomida rasmiy Damashqni qulashdan Rossiya qo‘shinlari saqlab qolgan edi.
— Suriya fuqarolar urushi qaysi voqealar natijasida boshlandi va asosiy sabablari nima edi?
Farhod Karimov: — Suriya inqirozining boshlanishi 2011 yilga to‘g‘ri keladi. 2010 yilda Tunisda boshlanib, boshqa arab davlatlariga ham yoyilgan Arab bahori Suriyani ham chetlab o‘tmadi. Tinch namoyishlar sekinlik bilan betartiblikka aylandi, buni bostirish uchun Bashar Asad hukumati kuch ishlatdi, to‘qnashuvlar bo‘ldi. 2011 yilda butun Suriyaga yoyildi jarayonlar. 2012 yilda alaviylardan iborat, hukumatga yordam beruvchi “Shabiha” va boshqa qurolli tashkilotlar ko‘chaga chiqqan sunniylarni bostirdi, bir necha ming odam qurbon bo‘ldi. Shundan keyin Suriyada harbiy harakatlar boshlanib, qurolli guruhlar ko‘paydi.
Nega 2011 yilda bu namoyishlar bo‘ldi, Arab bahori aynan Suriyada qattiqroq o‘tdi? 2006-2007 yillarda butun arab davlatlaridagi kabi Suriyada ham qurg‘oqchilik bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligining YaIMdagi o‘rni katta edi, aholining asosiy mashg‘uloti edi. Qurg‘oqchilik natijasida qishloqlarda hayot to‘xtab qoladi, 1,5 mln atrofida aholi shahar va uning atroflariga joylashadi. Shaharlarda ziddiyatlar boshlanadi, hukumatga norozilik kuchayadi. Parallel ravishda Iroqda kollektiv g‘arb tomonidan harbiy operatsiyalar o‘tkazilayotgan edi, ko‘proq iroqliklar Suriyaga qochib o‘tadi. Ishsizlik, betartibliklar ortib ketadi. Hukumatga bo‘lgan norozilik radikallashuvga ham sabab bo‘ladi, bunga diniy motiv beriladi. Shunday bir holat bo‘lib turganda, qo‘shni mamlakatlarda boshlangan Arab bahori beqarorlikni avj oldirib yubordi.
Suriyada shundoq ham sunniy va shialar munosabati yaxshimas. Aholining katta qismi sunniylar, lekin hukmron partiyada ko‘proq shialar edi, shu omil ham noroziliklarga sabab edi. Barcha muammolar jamlanib, hukumatga ishonch yo‘qoldi va Arab bahori davrida hammayoq “yonib ketdi”.
— Urush davrida Suriyada paydo bo‘lgan IShIDning roli va ta’siri qanday edi?
Kamoliddin Rabbimov: — IShIDning Suriyadagi siyosiy zo‘riqish, namoyishlarga aloqasi yo‘q, keyinroq ta’siri kuchaydi. Arab davlatlari yagona axborot hududida yashaydi, ulardagi siyosiy, san’at, adabiyot arboblari bir-birini taniydi. Arab dunyosida eng qudratli OAV – “Al-Jazira”. Arab bahorining birlamchi arxitektori “Al-Jazira”, undan keyin qolgan ijtimoiy tarmoqlar turadi.
Arab bahorining aynan Suriyada og‘ir kechgani – hokimiyatning legitimligi bilan bog‘liq. Suriyada 90 foiz sunniylar, hokimiyatda esa alaviylar, ular standart shialardan ham farq qiladi. Rangli inqiloblar davrida Bashar Asad qattiq kuch ishlatadi va natijada hokimiyatga nafrat kuchayib ketadi. Fuqarolik urushiga tashqi aralashuv kuchayadi, Suriyaga kelganda. Suriya – Eron bilan ittifoqchi davlatlardan biri. Eronning mintaqada ta’sirini pasaytirmoqchi bo‘lgan davlatlar bor, masalan, Saudiya, Misr, BAA, inqilobdan oldin Qatar ham.
— Bu urushda “Baas” partiyasining o‘rni, etnik-siyosiy omillarga ham to‘xtalsak.
Habibulloxon Azimov: — Suriya Fransiyadan 1946 yilda mustaqil bo‘ladi. 1964 yilda “Baas” partiyasi hokimiyatga kelguncha inqiloblar davri bo‘ladi. Partiyaga 40-yillar boshida Mishel Aflak, Zaki Arsuzi tomonidan asos solingan. Hokimiyatga kelgach, ichki bo‘linishlar bo‘ladi partiyada. Natijada 1970 yilga kelib, Hofiz Asad inqilob bilan hokimiyatga keladi. Shundan keyin mazhabiy siyosat yuritiladi, sunniylar siyosiy maydondan ketkaziladi.
Arab bahori Suriyada og‘ir bo‘lganiga sabab – u yerdagi ijtimoiy, siyosiy muammolar edi. Tashqi kuchlar ta’siri esa bu muammoning uzoqroq davom etishiga sabab bo‘lgan.
— Suriya atrofidagi mintaqaviy davlatlar kim tomonda bo‘ldi va nimadan manfaatdor edi?
Bektosh Berdiyev: — Bu inqirozning asl sabablaridan biri – bir asr oldin ro‘y bergan chegaraviy bo‘linish. Usmoniylar imperiyasi davrida ham bu hududlar qat’iy tizimda boshqarilar edi, shunda ham ko‘p qo‘zg‘olon bo‘lgan. Murakkab hudud, turli mazhablar, konfessiyalar o‘rtasida ziddiyatlar bor.
Shu bilan birga, Eronning shia chizig‘i omili ham bor. Bu chiziq Eronni Iroq, Suriya va Livan bilan birlashtirishi kerak edi, bu boshqa arab sunniy davlatlariga yoqmasdi. Shuning uchun bu davlatlar Suriyadagi inqirozdan foydalanib, sunniylarni kuchaytirish harakatiga tushgan edi. Suriyaning geografik joylashuvi muhim, katta loyihalar bor, Qatardan Yevropaga o‘tuvchi gaz trubalar rejasi bo‘lgan. Bashar Asad bu loyihaga ko‘nsa, Rossiya norozi bo‘lardi, unday qilmasa, mintaqa arab davlatlari bilan munosabatlar yomonlashardi.
Umuman, Suriyaning mintaqa arab davlatlari bilan munosabatlari inqirozgacha ham bir tekis bo‘lmagan. Sunniylar davlat hokimiyatiga yaqinlashtirilmagan, alaviy shialar hukumatni nazorat qilardi va bu sunniy davlatlarga ham yoqmasdi. Oxir-oqibat Suriya arab davlatlari va Eron o‘rtasida, sunniylar va shialar o‘rtasida, Turkiya va kurdlar o‘rtasida hamda boshqa nizolar maydoniga aylandi. Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan Usmoniylardan keyin amalga oshirilgan hududiy bo‘lish jarayonida shu narsalar oldindan rejalashtirilgan.
— IShID kabi guruhlarga ham to‘xtalib o‘tsak.
Farhod Karimov: — IShID Suriyada paydo bo‘lmagan. Iroqda shialar ko‘p bo‘lib, lekin hokimiyatda sunniylar edi, keyin hokimiyatga shia kurdlar keladi va davlatning katta hududlari yaxshi nazorat qilinmay qoladi. Natijada turli guruhlar shakllanishi uchun muhit paydo bo‘ladi. 2007 yilda IShID tashkil etiladi, Suriyada 2012 yilda inqiroz kuchaygan paytda Iroq bilan chegaradosh hududlar nazoratsiz qolib ketadi, aholida radikallashuvga moyillik kuchayadi. IShID 2014 yilda Suriyada rasman o‘z faoliyatini boshlaganini e’lon qilgan.
IShIDgacha ham Suriyada bir qancha harakatlar bor edi va bu yerda unga joy yo‘q edi. IShID kirgach, shundoq ham hukumat bilan kurashib turgan guruhlar bundan norozi bo‘ladi, 2016 yilda “Al-Qoida”: “Biz IShID bilan bir emasmiz, dushmanmiz”, deb e’lon qiladi. IShID uchun ichki qo‘llov yo‘qoladi, AQSh boshchiligidagi koalitsiya kiradi, markaziy hukumatga Rossiya yordam beradi, kurdlar qurollantiriladi, Turkiya yordam beradi va natijada IShID siqib chiqariladi.
IShID Suriyada asosan kelgindi aholi hisobiga safini kengaytirgan. Noqonuniy savdo, neft, norkotrafikni yo‘lga qo‘yadi, moddiy resurslarini kengaytirib, faoliyati kengayadi. “Islom fronti”, “Al-Qoida”, kurdlar bilan mojaroga boradi, oxirida koalitsiya kirgach, chiqib ketishga majbur bo‘ladi.
Habibulloxon Azimov: — Bu guruhlar etnik, diniy, mazhabiy mansublik omili asosida shakllangan. Kurdlar Hofiz Asad davrida ommaviy ravishda fuqarolikdan mahrum qilingan. Inqiroz davrida ular ham mustaqil kurd davlatini tuzishga uringan, tashqi kuchlar yordamida. Hofiz Asad hukumati “Musulmon birodarlar” tashkilotiga kuchli bosim qilgan o‘z vaqtida, 30 mingga yaqin tashkilot a’zolari o‘ldirilgani haqida ma’lumotlar bor. Radikal kayfiyatdagi sunniylar ham IShIDga qo‘shiladi, tashqi kuchlar ta’siri bilan guruh faoliyati yuqori darajaga chiqadi.
Suriyadagi qurolli guruhlar Eron, Rossiya, AQSh, Turkiya kabi davlatlar tomonidan bevosita va bilvosita qo‘llab-quvvatlanadi.
Bektosh Berdiyev: — IShID paydo bo‘lgach, Iroq va Suriyadagi kuchlar uni sunniylarning himoyachisi sifatida ko‘rdi. Ikkinchidan, mayda radikal guruhlar unga qo‘shildi. Uchinchidan, katta kuch markazlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, chunki uni qo‘llash ularning manfaatiga to‘g‘ri kelgan. Isroil o‘z atrofida barqaror arab davlatlarini yo‘qotish masalasi ham bor edi va IShID yaxshi vosita edi. IShIDni AQSh va Saudiya Qatar orqali moliyalashtirilgan.
Habibulloxon Azimov: — Inqirozning avj nuqtasi paytida Suriyada 850 ga yaqin guruhlar bo‘lgan, 70 ga yaqini Eron tomonidan moliyalashtirilgan. Qolganlarini boshqa davlatlar moliyalashtirgan.
Kamoliddin Rabbimov: — Arab davlatlari, xususan Qatar va Saudiya Arabistoni hamda g‘arb davlatlari IShIDni Bashar Asad hukumatini yiqitish uchun vosita sifatida ko‘rdi. Lekin keyinroq, guruhnnig ommaviy qatllari va boshqa ishlaridan keyin, guruhga nisbatan munosabat o‘zgaradi, masofa saqlash kuchayadi.
Farhod Karimov: — IShIDga odamlar faqat diniy motiv bilan qo‘shilmagan, unga butun dunyodan jinoyatchilar ham yig‘iladi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, guruh tarkibida 43 ming nafar butun dunyodan yig‘ilgan odamlar bo‘lgan. Shunday bir odamlar yig‘ilgan tashkilot o‘zini islom davlati deb e’lon qilishi arab davlatlariga ham yoqmadi va undan masofa saqlay boshladi.
Habibulloxon Azimov: — IShID tarkibidagi xristianlar “bu urush oxirzamon – Armagedon urushi” deb qatnashgan. Ya’ni ularning ham o‘z diniy nuqtayi nazari bo‘lgan.
— AQSh va Rossiyaning roli haqida nimalar deyish mumkin?
Bektosh Berdiyev: — AQSh boshida turli yo‘llar bilan IShIDni qo‘lladi. G‘arb davlatlari IShIDning Damashqqacha borishini kuzatib turgandi, Rossiya aralashib, guruh Damashqni ololmadi. Rossiya telekanallaridan birida isroillik sobiq razvedkachi “biz boshida IShIDni eng zamonaviy harbiy texnikalar bilan ham qo‘lladik, degandi. Ya’ni IShID Isroil manfaatlariga ham to‘g‘ri kelar edi. IShIDga har bir davlat o‘z manfaati yuzasidan yondashdi. Lekin uning yo‘q qilinishida Rossiyaning harakatlari muhim bo‘ldi.
IShID bahonasida AQSh, Rossiya, Turkiya, Eron Suriyaga kirib oldi. Urush jarayonida Rossiya ikkita katta harbiy baza ochdi. Endi Suriya yaqin orada bu kuchlardan qutula olmaydi.
Habibulloxon Azimov: — Geosiyosiy manfaatlar ham bor. Eron biladiki, Suriyada Bashar Asad hukumati yiqilsa, keyingisi Eron bo‘lishi mumkin. Shu sabab uni qo‘llaydi.
Rossiyaning 1971 yilda Tartusda qurgan harbiy floti katta funksional vazifalarga ega. Bu – Rossiyaning O‘rtayer dengizidagi yagona bazasi. Shuning uchun Suriyadagi tuzum almashishi uning geosiyosiy ta’sirini kesardi.
AQShning ham rejalari bor edi. Jumladan, Suriya shimolida kurd koridori loyihasini yaratish. Kurdlarning mustaqil davlat loyihasini qo‘llashiga sabab – Iroq shimolidagi Kurdiston neft va gazini Suriya orqali tashib ketish uchun yo‘lak bo‘lardi. Lekin bu Turkiyaning hududiy yaxlitligiga tahdid deb ko‘riladi. Shuning uchun Turkiya ham Suriyada bir nechta harbiy amaliyotlarni amalga oshirdi. Turkiyaning aralashuvini to‘g‘ri tushunish kerak, bu – hududiy yaxlitlik masalasi. Suriya bilan 900 km chegarasi bor, 5 mln suriyalik qochoq Turkiyaga o‘tgan.
Farhod Karimov: — Iroq geosiyosiy kuchlar o‘z manfaatiga ko‘ra foydalanadigan joy bo‘lib qoldi. SSSR merosxo‘ri sifatida Rossiya Yaqin Sharqdagi o‘z mavjudligini saqlab qolishi kerak edi, ammo Iroqdan ayrildi, faqat Suriya qoldi. Shuning asosiy e’tiborni Suriyaga qaratdi. Mintaqada mavjudlikni saqlash uchun Rossiyaga moyil kuchlar bo‘lishi kerak edi va bu Bashar Asad bo‘ldi.
Eron omili ham bor. Sunniylar o‘rtasida shia hokimiyatini saqlab turgan Bashar Asadni qo‘llash uchun qo‘lidan kelganini qildi Eron. Suriyadagi Islom inqilobi qo‘riqchilari ham aynan Bashar Asad hukumatini qo‘riqlaydi.
Bundan tashqari, AQSh, Kanada, Avstriya kabi davlatlar koalitsiyasi kirib keldi. Asosiy masala – Suriyada katta energiya resurslari joylashgan. Iroq va Suriyadagi neftni qazib olish oson, juda yaqin joylashgan yer yuzasiga. Ayniqsa, kurdlar joylashgan yerdagi neft konlaridan qazib olib ketish oson, shuning uchun harakat qilishdi ular. Geografik yaxshi joylashgan, Turkiyaga, Saudiyaga, Eronga va boshqa Yaqin Sharq davlatlariga ta’sir qilish mumkin.
Turkiya uchun ham muhim, asosiy xavf Suriyadan keladi Turkiyaga. Ichkaridagi separatistlarni qo‘llovchilar shu chegara hududlarda joylashgan, shu sabab vaqti-vaqti bilan harbiy operatsiyalar o‘tkazib, bufer hudud yaratib turadi. Bashar Asad va Erdo‘g‘an o‘rtasida kelishmovchilik ham shundan kelib chiqqandi. Ammo Suriya nazoratsiz holatga kelgan, shuning uchun Turkiya harbiy operatsiyalar o‘tkazib turadi.
Fors ko‘rfazi arab davlatlari uchun ham muhim bu joy. Musulmonlar, aynan arablar yashaydi. Arab birligini saqlash uchun Suriya Ko‘rfaz arab davlatlari ta’sirida bo‘lishi kerak, shu sabab Eron kirib kelishining oldini olish uchun arab davlatlari ta’sir qiluvchi kuchlar izlab yurishadi ichkaridan.
Suriyada hozir Rossiyaning, Turkiyaning, AQSh koalitsiyasining harbiy bazasi bor. AQShning bazasi nisbatan kichik, Tramp davrida askarlarning aksariyati olib ketildi. Eron esa “Hizbulloh” va korpus vakillari orqali Suriyadagi mavjudligini saqlab turibdi.
— Hozir Suriyada qanday holat?
Kamoliddin Rabbimov: — Bashar Asad tuzumini Rossiya saqlab qoldi. Agar 2015 yilda Rossiya aralashmaganida, Bashar Asad hukumati 2016 yilga kelib qulashi mumkin edi.
4-5 yildan beri boshqa arab davlatlari va Suriya munosabatlari me’yorlasha boshlagan. Lekin bu jarayon nihoyasiga yetgani yo‘q. 2023 yilda Arab davlatlari ligasiga Suriya qayta taklif etildi, lekin Qatar qo‘llamadi buni, ammo vetosini ham qo‘ymadi. Ko‘pgina arab, musulmon davlatlari fuqarolar urushida Suriya hukumatining ishlarini qoraladi, Arab bahoriga nisbatan munosabat ham o‘zgardi. Arab bahori arab davlatlarining zaiflashuvi, AQSh, Isroilning ta’siri ortishiga sabab bo‘ldi, degan qarashlar ham bor.
Lekin asl muammo – ichki ijtimoiy, iqtisodiy tomondan, korrupsiyaning yuqoriligi, hokimiyat sirkulyatsiyasi yo‘qligidan edi. Umuman olganda, arab dunyosidagi avtoritarizm – asosiy sabab. Ular demokratiyada yashash orzusidan voz kechgani yo‘q. Siyosiy tuzumning normallashuvi og‘riqlarsiz bo‘lmaydi. Kelajakda arab bahorining keyingi to‘lqinlari ham bo‘ladi.
Bektosh Berdiyev: — Suriyadagi vaziyat ikki xil omilga bog‘liq. Birinchisi AQShning Suriyaga munosabati, agar AQShda Suriyaga nisbatan ijobiy munosabat bo‘lsa, boshqa davlatlar ergashadi. Ikkinchisi esa Asad hukumatining G‘arb davlatlari tomonidan qo‘yilgan shartlarga yon berishi. Kerak bo‘lsa, Erondan uzoqlashishga tayyor bo‘lishiga bog‘liq.
— AQSh bu urushga arab davlatlari xohishi bilan kirdimi yoki Eron omili sababmi?
Bektosh Berdiyev: — Obama davrida davlat kotiblaridan biri Jon Kerri biz Bashar Asad hukumatining strategik nuqtalariga aviazarbalar bermoqchimiz, deganida senatorlar qancha mablag‘ ketadi, AQSh sarflaydimi deb so‘ragan. Shunda Kerri 20 mlrd dollar ketadi, buni arab davlatlari to‘lab beradi, deb ochiq aytib qo‘ygandi.
Habibulloxon Azimov: — Kuvaytga Iroq bostirib kirganida ham, AQShga Kuvaytni ozod qilib bergani uchun 38 mlrd dollarni Saudiya to‘lab bergan. Ya’ni AQShning tarixiy tajribasida bo‘lgan bu.
Farhod Karimov: — Asosiy yordam so‘rab murojaat qilish arab davlatlarining o‘zidan bo‘lgan.
Kamoliddin Rabbimov: — Yuqori nuqta ham bor. Bir tomonda kollektiv G‘arb va AQSh, ikkinchi tomonda Xitoy va Rossiya. Xitoy neft importyori, Rossiya eksportyor. Suriya inqirozi davrida kollektiv g‘arbdan mustaqil 3-4 ta yirik neft sotuvchi davlat bor edi: Eron, Rossiya, Venesuela va boshqalar. Xitoyning barqarorligi uchun mustaqil neft sotuvchilar ko‘p bo‘lishi kerak, Rossiya ham o‘z neftini bemalol sotishi uchun G‘arbdan mustaqil neft sotuvchilar bo‘lishi lozim. Suriya yiqilib, keyingi navbat Eronga bo‘lsa, bu Rossiya va Xitoy uchun katta strategik muammo bo‘lar edi. Xitoy bu mojaroda qatnashmasa ham, manfaatlari yuzasidan Bashar Asad tarafida bo‘ldi.
Farhod Karimov: — Suriyada tinchlik o‘rnatish qiyin, bugun davlat 4 qismga bo‘linib ketgan. To‘g‘ri 70 foizdan ortiq yerlar Bashar Asad nazoratida, lekin asosiy neft-gaz zaxiralari bor joylarning 80 foizi Asad nazoratida emas, kurdlar yerida. Iqtisodiyotni ko‘tarish uchun energiya resurslari bor, lekin undan foydalanish imkoni yo‘q.
Bundan tashqari, turli terrorchi guruhlar bor, ba’zi hududlarni nazorat qiladi. Bashar Asadga qarshi isyonchi kuchlar ham bor, ularni ham moliyalashtirib turishadi, ayrim strategik joylarni egallab turibdi.
Yana bir masala: O‘rtayer dengizidagi asosiy portlar Suriya hukumatiga qaramaydi, Rossiya, G‘arb yoki boshqa davlatlar egallagan. Shunday bir holatda davlatni birlashtirib, taraqqiy ettirish juda qiyin. Urushlar tugasa ham, hududlarni markaziy hukumatga qaytarish masalasi turadi, 10 yil oldin dunyo kuchlari bu yerlarni bo‘lib olgan. Bashar Asad ketib boshqa hukumat kelsa ham, shunchaki berib qo‘yilmaydi. Shuning uchun yaqin kelajakda ravnaq etishi qiyin.
— Arab davlatlari ligasiga Suriyaning yana taklif qilinayotgani sabablari nimada?
Habibulloxon Azimov: — Arab davlati bo‘lgan Suriyani yillar davomida yakkalab qo‘yish boshqa arab davlatlariga muammolar chiqaradi. Birinchidan, Suriyada Eronning ta’siri ortadi. Ular tushundiki, Asad hukumatini yiqitib bo‘lmaydi, shu sabab mintaqada yolg‘izlanib qolishiga ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Yolg‘iz qo‘ysa, Eron ta’siri kuchayib, mintaqada mazhabiy muammolar paydo bo‘lishi mumkin.
Suriya hududiy yaxlitligini ta’minlash uchun Turkiyadan foydalanishi kerak. Chunki Turkiya doim biz Suriya hududiga da’vo qilmaymiz, deydi harbiy operatsiyalarida. AQSh esa u yerda mustaqil kurd davlati tuzmoqchi, bu Suriya uchun yo‘qotish bo‘ladi. Shuning uchun Turkiya bilan hamkorlik qilishi kerak bo‘ladi, oradagi muammolarni yechib.
— Suriyaning istiqboli haqida nima deyish mumkin?
Kamoliddin Rabbimov: — Mojaroning qaynoq nuqtasi o‘tib bo‘ldi. Mintaqa davlatlari Suriya qayta chayqalishidan manfaatdor emas.
Suriya – qattiq jarohat olgan, bir necha o‘n yil ortga uloqtirib tashlangan davlat. Bir necha mln aholi chiqib ketdi, ishga yaroqli bo‘lgan suriyaliklar boshqa davlatlarda yashayapti, ko‘pchiligi qaytmoqchi emas. Suriyani tiklash uchun bir necha yuz mlrd dollarlar kerak bo‘ladi. Bunday pulni G‘arb bermaydi, Rossiya bermaydi, arab davlatlari esa berishi mumkin, lekin shartlari bo‘ladi, ammo bunday shartlarga Asad hukumati tayyor emas.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
21:45 / 25.12.2024
Asad asirasi: diktatorning xotini Moskvadan ketmoqchi
21:08 / 25.12.2024
The Telegraph: Suriya sobiq prezidentining rafiqasi Asma Asad leykoz tufayli boshqalardan izolyatsiya qilindi
20:48 / 25.12.2024