Hindiston Kashmirdagi teraktda 26 sayyoh o‘ldirilishida Pokistonni ayblab, 65 yil oldin imzolangan suv bitimining amal qilishini birinchi marta to‘xtatib qo‘ydi. Pokiston rasmiylari buni “suv urushi akti” deb atadi. Kun.uz muxbiri mojaroga oid savollar bilan siyosiy tahlilchilar Islom G‘afforov va Hamza Boltayevga murojaat qildi.

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat – dunyodagi eng xavfli muzlatilgan urushlardan biri. Ayniqsa Kashmir mojarosi bu qarama-qarshilikning markazida turadi. Boshqa nizolardan farqi, bu ikki davlat ham yadro quroliga ega.

Cho‘g‘i so‘nmagan ziddiyat 22 aprel kuni yana Kashmirda alanga ola boshladi. Chorshanba kuni qurollangan terrorchilar Hindiston nazoratidagi Pahalgamda aksariyati hindistonlik bo‘lgan sayyohlar guruhini o‘qqa tutdi, natijada kamida 26 kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq kishi yaralandi.

Terakt uchun mas’uliyatni “Lashkari Taiba” nomli terrorchilik guruhi tarkibiga kiruvchi “Qarshilik fronti” o‘z zimmasiga olgan. Hindiston esa hujumda Pokistonni ayblamoqda. O‘zaro aviaqatnovlar va savdo to‘xtatildi, vizalar bekor qilindi, diplomatlardan ketish talab qilindi. Eng jiddiysi, ikki davlat o‘rtasida 1960 yilda tuzilgan suv bitimi bir tomonlama, Hindiston tomonidan to‘xtatildi. Pokiston tomoni buni urush ochish bilan teng deb baholamoqda.

Siyosatshunos Islomxon G‘afforovga ko‘ra, bu hududdagi keskinlik 2019 yilda Hindiston tomonidan Jammu va Kashmirning avtonomiyasi bekor qilinganidan boshlangan. Shundan keyin hudud boshqaruvi to‘g‘ridan to‘g‘ri Nyu-Dehli tomonidan amalga oshirib kelinmoqda, bu esa kashmirliklar va Pokiston hukumatining noroziligiga sabab bo‘lib keladi. “Teraktlarni ana shu noroziliklarning bir ko‘rinishi deyish mumkin”, deydi u.

“Mart oyida Pokiston hududida, aprelda esa Eronning Pokiston bilan chegaradosh Balujiston viloyatida ham teraktlar bo‘lib, pokistonliklar va xitoyliklar otib o‘ldirilgan edi. Bu teraktda Islomobod Hindiston maxsus xizmatlarini ayblagan va Nyu-Dehli o‘z navbatida buni rad etib chiqqan edi. Bu voqealardan ikki tomon bir-biri bilan uchinchi kuchlar orqali ziddiyatga kirishayotgandek tasavvur uyg‘onmoqda”, deydi Islomxon G‘afforov.

Mintaqani tadqiq qiluvchi siyosatshunos Hamza Boltayevning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston rasmiylari hozirgacha Pahalgamdagi teraktga Pokiston kuchlarining aloqadorligini ko‘rsatuvchi biror dalil taqdim etmagan.

“Kashmirning ham Hindiston, ham Pokiston nazoratidagi qismida turizm yaxshi rivojlangan. Hudud aholisi daromadlarida turizm muhim o‘rin tutadi. Terakt natijasida turizm oqimi kamayishi mahalliy aholining iqtisodiy holatiga ta’sir qiladi. Qolaversa, hududda xavfsizlik choralari yuqori darajaga ko‘tariladi, bu esa turli masalalardagi cheklovlarni ko‘paytiradi. Cheklovlar esa mintaqaga qo‘shimcha iqtisodiy zarar bo‘ladi.