Trampning Kremlga bosimi ortidan Putin Pasxa sulhini e’lon qildi, Ukraina muzokaralarda Vashingtonga besh bandli talablar paketini yubordi. Londonda o‘tishi belgilangan muzokaralar Kiyevning hududiy yon bermaslik pozitsiyasidan keyin barbod bo‘ldi. Osiyoda esa uxlab yotgan Pokiston–Hindiston vulqoni otiladigandek. Lavrov Markaziy Osiyoda Yevropa faolligidan nolidi.
Joriy haftaning xalqaro maydondagi mavzulari muhokamasi – Kun.uz’ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida tahlil qilindi.
Hindiston-Pokiston ziddiyat nega aynan shu vaqtda qo‘zg‘aldi, kutilmalar qanday?
Shuhrat Rasul: Bu konfliktni Britaniyaning bir merosi sifatida ko‘rishimiz kerak. 1947 yilgacha Hindiston Britaniyaning eng katta koloniyasi bo‘lgan. 1947 yilning avgust oyida uchta davlatga bo‘lindi, bular: Hindiston, Bangladesh va Pokiston. Mana shu bo‘linish jarayonida Kashmir muammosi paydo bo‘lgan. Teraktni amalga oshirganlar “Kashmir qarshilik harakati” va bu guruh haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. E’tiborlisi, qariyb 300 nafar mahalliy musulmon aholi yaralanganlar uchun ixtiyoriy qon topshiribdi.
Hindiston hozirda suv shartnomasini to‘xtatib, Pokistonga boruvchi suvlarni to‘smoqchi. Lekin suv omborlar bu suv zaxiralarini doimiy ushlab turolmaydi. Shunga qaramay, hozirda sug‘orish mavsumi boshlanyapti va Pokiston qishloq xo‘jaligi uchun suv juda zarur.
Bunday konfliktlar 49 yildan beri o‘nlab marta bo‘lgan. Lekin hech qachon katta urushlar bo‘lmagan va bu ziddiyat ham ma’lum haftalardan keyin avvalgilari kabi o‘z yechimini topadi.
Oybek Sirojov: Hindiston–Pokiston o‘rtasidagi murakkablik shundaki, har ikkala davlatda ham yadroviy qurollar mavjud va bu yadroviy urush boshlanib ketishi ehtimolini kuchaytiradi. Undan tashqari, ba’zi tahlil markazlari tadqiqotida yozilishicha, 2015 yilda Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi Kashmir muammosi bilan bog‘liq voqealar o‘rganilgan va o‘shanda 2025 yilda xuddi shunday voqea sodir bo‘lib, yadroviy urushgacha borishi mumkin degan tahlillar e’lon qilingan.
Ikki davlat o‘rtasidagi konflikt Markaziy Osiyoga ham salbiy ta’sir qiladi. Masalan Rossiyani ham, Xitoyni ham, hattoki G‘arbni ham qiziqtiradigan Transafg‘on yo‘llari bevosita Pokiston va Hindiston bilan chambarchas bog‘liq. Demak, u hududlardagi beqarorlik bu loyihalarni real hayotga tatbiq etish, jumladan, investorlar topishni so‘roq ostiga qo‘yadi.












