O‘zbekiston | 14:59 / 28.08.2021
30923
6 daqiqa o‘qiladi

Talabalar shaharlarga qaytmoqda. Ijara to‘loviga yordam bo‘yicha prezident farmoni qanday ijro etiladi?

2021/22 oliy o‘quv yili bakalavriat va magistratura talabalari uchun an'anaviy (oflayn) shaklda 6 sentyabrdan boshlanadi. Shu kunlarda yuz minglab talabalar Toshkent shahri va viloyat markazlariga o‘qishni boshlash uchun qaytmoqda.

Talabalar – shaharlar ko‘rki. Ammo shaharlar talabalarni yana odatiy muammo – turar joy izlash va qimmat narxlar bilan kutib oladi.

Shu yil 20 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyalash borasida farmoni qabul qilingandi.

Unga ko‘ra, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta'lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi aytilgan.

Xo‘sh, 1 maydan amalga kiritilgan farmon ijrosi yangi o‘quv yilida qanday tartibda ijro etiladi?

Kun.uz muxbiri Oliy ta'lim vazirligi matbuot xizmati rahbari Sardorbek Usmonov bilan bog‘landi va mavzu bo‘yicha qator savollarga javob oldi.

Sardorbek Usmonov

— Sardorbek aka, farmon o‘tgan o‘quv yilining so‘nggi oylari uchun ham amal qilgan. Lekin o‘qishlar onlayn tarzda tashkil qilingani uchun ko‘pchilik bu yordamdan foydalanmagan. Xo‘sh, yangi o‘quv yilidan uning ijrosi qay tartibda ta'minlanadi?

— Haqiqatan ham farmonda yotoqxona bilan qamrab olinmagan, ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi belgilangan.

Farmon bilan kiritilgan yangi tartiblar may oyidan boshlab ijro etilib kelinmoqda.

Shu o‘rinda yana bir muhim jihatni eslatishim kerak: bu imtiyoz faqat davlat oliy ta'lim muassasalarida tahsil oladigan talabalarga taalluqli.

Yakuniga yetgan o‘quv yili oxirida 43 ta davlat oliy ta'lim muassasalaridan kelib tushgan arizalarga muvofiq may-iyun oylari uchun 3163 nafar talabaga 920 milliondan ziyod mablag‘ davlat budjeti tomonidan to‘lab berildi.

Raqamlardan ko‘rinadiki, o‘tgan o‘quv yilida imtiyoz uchun talabgor bo‘lganlar soni ko‘p bo‘lmadi. Qaysi talaba rasmiy ijara shartnomasi bilan kelib murojaat qilgan bo‘lsa, ularning barchasiga mablag‘lar to‘lab berilgan. Yangi o‘quv yilida ham shu tartibga amal qilinadi.

Vazirlik davlat oliy ta'lim muassasalari rektorlari va filiallar direktorlariga farmon ijrosi bo‘yicha barcha kerakli tavsiyalarni bergan.

Yangi o‘quv yilidan boshlab imtiyoz uchun murojaat qilgan va kerakli hujjatlarni taqdim etgan talabalarga kompensatsiyalar albatta to‘lab beriladi.

— Talabalarning ijara to‘loviga ko‘maklashishda ular qaysi tartibda saralab olinadi?

— Talaba o‘zi ta'lim olayotgan fakultetga, oliy ta'lim muassasalarida tashkil etilgan bo‘limga yozma ariza bilan murojaat qilishi kerak.

Mas'ullar bir hafta muddatda ariza beruvchining ma'lumotlari ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini o‘rganib chiqadi.

Umuman olganda, ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi ehtiyojmand oila farzandlari, imkoniyati cheklangan shaxslar, oliygohning akademik va jamoat hayotida faollik va o‘rnak ko‘rsatgan talabalar uchun qo‘llanadi. Shu vaqtning o‘zida quyidagi mezonlarga e'tibor qaratiladi:

Birinchi navbatda, ariza beruvchi talabada davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk (kvartira) ijara shartnomasi mavjud bo‘lib, bu shartnoma rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak.

Ikkinchidan, talaba ijara shartnomasida ko‘rsatilgan manzilda yashashi kerak. Bu manzil ota-onasiga tegishli bo‘lmasligi kerak.

Keyingi mezon bu — ariza beruvchi talaba kam ta'minlangani yoki oila a'zolari xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgani.

Yana bir mezon – ariza beruvchining og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar toifasiga mansubligi.

Va so‘nggi muhim mezon – ariza beruvchining oliy ta'lim muassasasida o‘rnak ko‘rsatgani va faol bo‘lgani.

— Talabalarga ijara to‘lovi uchun ko‘maklashishda to‘lovlar qaysi tartib va muddatda o‘tkazib beriladi?

— Talaba tahsil olayotgan davlat oliy ta'lim muassasasi rektori (filial direktori)ning buyrug‘iga muvofiq buxgalteriya bo‘limi tomonidan talabgorning yozma roziligiga asosan ijara haqining bir qismini qoplash uchun beriladigan mablag‘lar uning plastik kartasiga pul o‘tkazish yo‘li bilan har oyda o‘tkazib boriladi.

— Imtiyoz uchun talabalarni saralab olish jarayonida korrupsiya holatiga yo‘l qo‘yilmasligi qanday nazorat qilinadi? Umuman, jarayonning umumiy nazorati kimning zimmasida?

— To‘lovlar to‘g‘ri to‘lanishining doimiy nazorati oliy ta'lim muassasasining rektori (filial direktori), Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari), bosh buxgalter va bosh auditor zimmasiga yuklatilib, jamoatchilik nazorati ostida amalga oshiriladi.

Shuningdek, jarayon ustidan umumiy nazorat Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti hamda vazirlik va idoralarning ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.

— Bu tizimning kutilganidek ishlab ketishida xatosiz va uzluksiz ishlaydigan mexanizm yaratildi deb ayta olasizmi?

— Albatta.

— Ma'lumotlaringiz uchun rahmat.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Mavzuga oid