O‘zbekiston | 21:46 / 04.12.2023
36745
2 daqiqa o‘qiladi

“Baxti Tashkenskiy”ga aloqador ko‘rilgan shaxslardan biri Farg‘onada ushlandi

Rasmiy xabarga ko‘ra, Doston Xalilov Qirg‘izistonga qochayotgan vaqtda, “Do‘stlik” chegara postida qo‘lga olingan.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Farg‘onada huquqni muhofaza qiluvchi organlar Doston Xalilov ismli shaxsni qo‘lga oldi.

Viloyat IIB axborotiga ko‘ra, u avvalroq Toshkentda ushlangan Baxtiyor Qudratullayev (“Baxti Tashkenskiy” laqabi bilan tanilgan) bilan “yaqin jinoiy aloqada bo‘lgan”.

Farg‘ona shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan sudlangan Xalilov Doston Xolbo‘ta o‘g‘li qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasiga qochib o‘tmoqchi bo‘lgan payt, “Do‘stlik” chegara postida qo‘lga olindi, deyiladi rasmiy xabarda.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB
Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Unga nisbatan Farg‘ona shahar IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Qayd etilishicha, Xalilovning ushlanishi Farg‘ona viloyati IIB hamda DXX xodimlari tomonidan uyushgan jinoiy guruhlarning faoliyatiga chek qo‘yish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlarning bir qismi bo‘lgan.

Noyabr oyi oxirida boshlangan bu chora-tadbirlar davomida avvalroq Farg‘onada MMA jangchisi Humoyun To‘xtamurodov va yana 21 kishi ushlangani xabar qilingan edi. To‘xtamurodov o‘z atrofiga turli shaxslarni yig‘ib, Qo‘qonda ikki kishiga tan jarohati yetkazgani aytilmoqda.

Toshkentda esa Baxtiyor Qudratullayevdan tashqari, “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev ham qo‘lga olingandi. Shuningdek, tadbirkor Salim Abduvaliyevga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid