O‘zbekiston | 19:08 / 19.07.2022
35399
11 daqiqa o‘qiladi

YTHlar bo‘yicha fojiali raqamlar: Davlat nimalar qilmoqchi?

O‘zbekistonda ko‘chaga chiqqan odamning YTHga uchrab o‘lishi ehtimoli rivojlangan davlatlarga qaraganda 3 barobarga yuqori. YTHlarni kamaytirish bo‘yicha 2018-2022 yillardagi konsepsiyadan keyin endi 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dastur tasdiqlandi. Dasturdagi asosiy jihatlar, xususan Toshkentda kutilayotgan yangiliklarni sanab o‘tamiz.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda avtomobillar ancha kamligiga qaramay, avtohalokatlar va ulardagi o‘limlar sonining haddan tashqari ko‘pligi uzoq yillardan beri og‘riqli muammo bo‘lib qolmoqda.

O‘tgan yili respublikada inson jarohatlanishi bilan bog‘liq YTHlar soni uch yillik tanaffusdan keyin yana 10 mingdan oshdi, halok bo‘lganlar soni yana 2,5 mingga yaqinlashdi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 784 kishi avtohalokat qurboni bo‘lgan, bu – o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 127 taga yoki 14 foizga kam. Jarohatlanganlar soni 2842 nafardan 2775 nafarga tushgan. Bunday noodatiy va keskin ijobiy o‘zgarishning sabablari borasida hozircha izoh berilgani yo‘q; eslatib o‘tamiz, fevral oyida prezident yo‘l harakati xavfsizligi masalasida selektor o‘tkazgan edi (bu haqda quyiroqda).

Halokatli YTHlarning 54 foizi sub’yektiv omillar hisobiga ro‘y bergan bo‘lsa (23 foiz holatda tezlikni oshirish sabab bo‘lgan), 46 foiz avariyalar yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq. Ya’ni jarohatlanishga olib kelayotgan har ikkita YTHdan bittasi haydovchi va piyodaga bog‘liq bo‘lmagan obektiv sabablarga ega.

Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, 2010 yilda O‘zbekistonda har 100 ming aholiga 11,3 nafar YTH qurboni to‘g‘ri kelgan va mamlakatning bu boradagi natijasi Ozarboyjon (11,4), Latviya (11,8), Litva (12,1), Moldova (13,2), Ukraina (15,4) va Belarus (21,9)dagidan yaxshiroq bo‘lgan. Lekin keyingi 10 yilda vaziyat o‘zgarib, O‘zbekiston yo‘llardagi o‘limlar soni bo‘yicha bu 6 ta davlatning barchasidan ilgarilab ketdi.

Mintaqaning qator davlatlari avtohalokatlar oqibatidagi o‘limlar sonini qisqartirish bo‘yicha O‘zbekistonga qaraganda ancha samaraliroq siyosat olib bordi. O‘zbekiston 10 yil ichida bu shartli yettilikda birinchi o‘rindan oxirgi o‘ringa tushib qoldi. / Infografika: Jahon banki

2019 yilda O‘zbekistonda har 100 ming aholiga 11,7 nafar YTH qurboni to‘g‘ri keldi. Taqqoslash uchun, bu – Ozarboyjon (6,7) va Moldovadagi (7,3) ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yomon. O‘zbekistonda ko‘chaga chiqqan insonning YTHga uchrab o‘lishi ehtimoli Belgiya, Kipr va Chexiyadagiga qaraganda 2 barobar, Germaniya va Yaponiyaga qaraganda 3 barobar yuqori.

Vaholanki, o‘zi shundoq ham proteksionizm siyosati tufayli O‘zbekistondagi avtomobillar soni yuqoridagi mamlakatlarga qaraganda bir necha o‘n barobarga kam.

2018 yilda O‘zbekistonda Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha besh yillik konsepsiya qabul qilingan edi. Kuni kecha navbatdagi besh yillik – 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi tasdiqlandi.

Yangi dastur avvalgisidan qamrovining kengligi bilan ajralib turadi. Biroq bu hujjatda ham avariyalar va o‘limlar sonini qanchaga kamaytirish bo‘yicha aniq maqsadli raqamlar (target) belgilanmagan. Aniqrog‘i, ko‘riladigan choralardan qanday natija kutilishi baholab chiqilmagan.

Qayd etish kerak, fevral oyida aynan yo‘l harakati mavzusida ilk marta prezident huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan edi. Davlat rahbari YTHlar bo‘yicha statistikani keltirib, buni fojia deb atadi. Shavkat Mirziyoyev mas’ullarni YTHlar ko‘pligiga e’tiborsizlikda ayblab, bir necha rahbarni ishdan oldi. Shundan so‘ng Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tuzildi, qoidabuzar haydovchilar uchun jarima ballari tizimi 2023 yildan joriy etiladigan bo‘ldi.

Shu yil boshidan, shuningdek, haydovchilikka nomzodlarni imtihondan o‘tkazishning inson omilisiz, avtomatlashtirilgan tizimiga o‘tilishi boshlandi. Hozirga kelib bunday markazlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida faoliyat boshlagan. Shu bilan birga, avtomaktablar tizimini isloh qilish bo‘yicha ham qator o‘zgarishlar qilinmoqda. Shu va yangi dasturda belgilangan boshqa vazifalarni amalga oshirish orqali YTHlar soni kamayishiga erishish mo‘ljallanmoqda.

Besh yillik uchun belgilangan vazifalar quyidagicha guruhlarga ajratilgan:

  • yo‘llar infratuzilmasini yaxshilash;
  • yo‘llarda harakatni boshqarish tizimini raqamlashtirish;
  • jamoat transportini rivojlantirish va raqamlashtirish;
  • targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, bolalarga yo‘l harakati qoidalarini amaliy o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish;
  • haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda transport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirish.

Yo‘llar infratuzilmasini yaxshilash yo‘nalishidagi rejalar (respublika bo‘yicha):

  • mavjud 454 180 ta yo‘l belgisidan 316 065 tasi (70 foizi)ni yaroqsiz holga kelgani uchun almashtirish, 184 450 ta yangi yo‘l belgilarini o‘rnatish;
  • maktablar oldiga tezlikni cheklovchi 20 117 ta yo‘l belgilarini o‘rnatish;
  • mavjud 2,5 mingdan ortiq svetofordan 1,7 mingga yaqini (70 foizi)ni ta’mirlash, 1459 ta yangi svetofor o‘rnatish;
  • mavjud 459 ta piyodalar svetoforidan 275 tasi (60 foizi)ni ta’mirlash, 807 ta yangi piyodalar svetoforini o‘rnatish;
  • 439 ta piyodalar o‘tish joylariga piyodalar boshqaradigan svetoforlar o‘rnatish;
  • 3 435 km trotuar qurish;
  • 3 112 km velosiped yo‘laklarini qurish;
  • 74 ta yangi yerusti piyodalar o‘tish joylarini qurish (hozirda ularning soni 24 ta);
  • 76 ta yangi yerosti piyodalar o‘tish joylarini qurish (hozirda ularning soni 75 ta);
  • 73 ta yangi yo‘l o‘tkazgich qurish;
  • 38 ta yangi ko‘prik qurish;
  • 58,85 km2 yo‘lning qatnov qismini ta’mirlash;
  • 1 898 km yo‘lning qatnov qismini kengaytirib, toifasini o‘zgartirish;
  • 286 km yangi avtomobil yo‘llarini qurish;
  • 3 341 km yo‘lni sun’iy yoritish;
  • 889 ta chorrahaning geometrik parametrlarini o‘zgartirish orqali o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish;
  • 178 ta joyda orqaga qayrilib olishni “tomchisimon” shaklga o‘tkazish;
  • yirik shaharlardagi 70 ta yirik bozor atrofida ko‘p qavatli yoki yerosti avtoturargohlar tashkil qilish;
  • 116 ta joyda avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish;
  • transport vositalarining vazn va hajm ko‘rsatkichlarini nazorat qiluvchi 52 ta punkt tashkil etish va boshqalar.

Toshkent shahri

4,5 yil davomida poytaxtda mavjud 52 mingta yo‘l belgisidan 15 mingtasi (29 foizi)ni yangilash, 14 mingta yangi yo‘l belgisi o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Shundan 1,5 mingtasi – maktablar oldiga o‘rnatiladigan tezlikni cheklovchi yo‘l belgilari bo‘ladi.

Shaharda svetofor o‘rnatilgan chorrahalar soni 605 tani tashkil qiladi: bu svetoforlarning barchasi rekonstruksiya qilinib, markaziy boshqaruv tizimiga integratsiya qilinadi va yagona raqamli boshqaruv tizimiga o‘tkaziladi. 104 ta chorrahaga qoidabuzarlikni qayd etuvchi kameralar o‘rnatiladi, bunday kameralar shahar ko‘chalarining yana 110 ta qismiga ham joylashtiriladi. Shuningdek, avtomobillarga mo‘ljallangan 200 ta yangi svetofor o‘rnatiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, shahardagi mavjud piyodalar svetoforlari soni bor-yo‘g‘i 125 ta. Ularning 45 tasi ta’mirlanadi, piyodalar uchun 69 ta yangi svetofor o‘rnatiladi. 240 km trotuar, 140 km veloyo‘lak qurish ham rejalashtirilgan.

5 yil davomida har yili 5 tadan yerusti, 5 tadan yerosti piyodalar o‘tish joylari quriladi. Ma’lumot uchun, hozir shahardagi yerusti o‘tish joylari soni 10 ta, yerosti o‘tish joylari esa 41 ta.

Toshkentda 58 km yo‘lni kengaytirish, 11 ta yangi yo‘l o‘tkazgich qurish ko‘zda tutilgan.

2022 yilda 10 ta, keyingi to‘rt yilda har yili 5 tadan parkomatlar (yo‘l bo‘yidagi avtomatlashgan pulli to‘xt ash joylari) tashkil etiladi.  Yirik bozorlar atrofida ko‘p qavatli yoki yerosti avtoturargohlar quriladi   –   har yili 5 tadan (bozorlarning daromadlari hisobidan).

512 ta chorrahaning geometrik parametrlarini o‘zgartirish orqali o‘tkazuvchanlik oshiriladi.  Shaharning 80 ta ko‘chasida og‘ir yuk avtomobillarning harakatini cheklash (yuk avtomobillari harakati elektron xaritasini tuzish) ham nazarda tutilgan.

Yo‘l harakatini raqamlashtirish uchun Yo‘llarda transport oqimini nazorat qilish monitoring markazi, yo‘l belgilarining o‘rnatilgan joylari aniq ko‘rsatilgan yagona elektron xarita, YTHlar hisoboti va tahlilini olib boradigan yagona elektron xarita tashkil etiladi.

2026 yil oxirigacha Toshkentda 673 ta yangi jamoat transporti yo‘nalishini ochish, 1160 ta avtobus bekatini qurish va rekonstruksiya qilish reja qilinmoqda. Bekatlar jami 450 ta monitor bilan jihozlanadi.

480 ta jamoat transportiga avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi, 250 ta jamoat transportiga GPS/GLONASS treker o‘rnatilib,  jamoat transporti avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar jamoat transporti va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning avtotransport vositalariga 12 889 ta videoregistrator o‘rnatiladi.

  • Dasturda belgilangan tadbirlarning bajarilishini t a’minlash uchun javobgarlik shaxsan hokimlar, ichki ishlar vaziri hamda Avtoyo‘llar qo‘mitasi raisi zimmasiga yuklandi.
  • Prokuratura organlari dastur ijrosi yuzasidan monitoring o‘tkazadi, Bosh prokuratura va Hisob palatasi Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasiga axborot kiritib boradi.

Mavzuga oid