O‘zbekiston | 20:30 / 02.02.2022
22276
10 daqiqa o‘qiladi

“Snos” muammosi nihoyat qonun bilan tartibga solinadi

Kimdir yer uchastkasini olib qo‘ymoqchi bo‘lsa, o‘sha yerda yashovchilar bilan ochiq muhokama o‘tkazishi va bu muhokamaga jurnalistlarni ham chaqirishi shart deb belgilanishi mumkin.

1 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi hamda ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilindi.

Tashabbuskorlarning ma’lum qilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga olib qo‘yish masalalarini bevosita yaxlit qonun bilan tartibga solishga, nizoli vaziyatlarni oldini olish va sohadagi nizolarni samarali hal etishga xizmat qiladi.

“Snos”lar shu paytgacha O‘zbekistonda mulk huquqi buzilishlarining ramziga aylanib ketgan, nizoli holatlar faqatgina hukumat qarorlari darajasida tartibga solingan edi.

Qonun loyihasi qanday muhokama qilindi?

Qonunchilik palatasi yig‘ilishida qonun loyihasidagi yer uchastkalarining kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga asos bo‘ladigan holatlar ichida “maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etish uchun” degan bandiga e’tiroz bildirildi.

Deputat Doniyor G‘aniyev Navoiy viloyatining butun hududi erkin iqtisodiy zona ekanini inobatga olib, bu hududda qonun qay tartibda ishlashiga e’tibor qaratdi.

Adliya vazirligi vakili bu norma qonun kuchga kirganidan keyin paydo bo‘ladigan iqtisodiy zonalarga taalluqli bo‘lishini aytgan bo‘lsa, boshqa deputatlar yer uchastkalari iqtisodiy zonalar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri olib qo‘yilmasligini, bu kompensatsiya to‘lashdan tortib jamoatchilik aralashuviga qadar uzun jarayonligini bildirdi.

Shuningdek, deputatlarning taklifi bilan qonun loyihasida yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishida “olib qo‘yilgan yer uchastkasidan maqsadli foydalanishi” degan prinsip chiqarib tashlandi.

Deputatlar tomonidan berilgan savollardan biri – Kadastr agentligi tizimidagi Kadastr palatasini moliyalashtirish masalasi bo‘ldi. Gap shundaki, loyihada Kadastr palatasi xodimlari “snos”ga tushgan hududga chiqib inventarizatsiya asosida ma’lumot tayyorlashi belgilanmoqda. Lekin palata xodimlarini joyga chiqib ma’lumot tayyorlashi qayerdan moliyalashtirilishi ochiq qolmoqda. Adliya vaziri o‘rinbosari kadastr palatasi xodimlari budjetdan moliyalashtiriladi, degan bo‘lsa, Kadastr agentligi vakili xo‘jalik hisobidan deya javob berdi.

Tanaffusdan so‘ng majlisga qaytgan deputatlar, Kadastr palatasi xodimlarining xizmatlari – yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga tashabbuskor bo‘lgan tashkilot (mahalliy hokimlik yoki boshqa davlat tashkiloti) tomonidan moliyalashtirilishini aytdi.

Asosiy savol-javoblar qonun loyihasining 13-moddasiga qadar bo‘ldi. Qolgan 42-moddaga qadar bo‘lgan barcha moddalar hech qanday e’tirozlarsiz qabul qilindi.

Shundan so‘ng ko‘pchilik faol deputatlar, jumladan Rasul Kusherbayev va Doniyor G‘aniyev bu qonun xalq uchun juda zarurligini va tezroq qabul qilish kerakligini bildirdi. Spiker Nurdinjon Ismoilov esa bunday qonun qabul qilinishi avval tushga ham kirmaganini, buning uchun prezidentga minnatdorchilik bildirish kerakligini aytdi. Shundan keyin qonun uch o‘qishda ovozga qo‘yildi va 111 nafar deputatlarning ovozi bilan Qonunchilik palatasida qabul qilindi.

Ovoz berish natijasi / Videodan lavha

Endilikda mazkur qonun Senatga yuboriladi. Oliy Majlis yuqori palatasi uni tasdiqlagach, qonun imzolash uchun prezidentga kiritiladi. Prezident imzolagan qonun rasmiy OAVlarda e’lon qilingach yoki hujjatning o‘zida belgilangan muddatda kuchga kiradi.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmati ushbu qonun yer uchastkalarining kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga asos bo‘ladigan holatlarning ro‘yxati qonun bilan belgilanayotganini, qonunda yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbusi bilan chiqish hamda kompensatsiya to‘lash, huquq egasining obektni bo‘shatib berishidan to obektni buzishgacha bo‘lgan jarayonlarning aniq muddati va tartibi belgilanayotgani haqida yozish bilan cheklandi.

Qonunning parlamentga kiritilgan varianti ham, deputatlar ma’qullagan varianti ham ochiq manbalarda yo‘q. Shunisi ma’lumki, 2021 yil aprel oyida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan qonun loyihasidagi ko‘plab bandlar haqida yalpi majlisda gapirilmadi.

Bunga qonun to‘liq shaklda fraksiya va qo‘mita yig‘ilishlarida ham muhokama qilingani yoki boshqa bandlar yuzasidan xalq vakillarida savollar tug‘ilmagani sabab bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi 2021 yil aprel oyida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan edi. Qonun loyihasi yuzasidan tashkil qilingan matbuot anjumanida vazirlik boshqarma boshlig‘i Nodir Tillayev loyihada jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan aniq holatlarning tugal ro‘yxati keltirilib, “boshqa holatlar” kabi mujmal qoidalardan butkul voz kechilganini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, u “investitsiya loyihalarini amalga oshirish” yer uchastkasini olib qo‘yish uchun asos bo‘la olmasligi va investor yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbusi bilan chiqa olmasligini aytgan.

Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Nodir Tillayev

Loyihada yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga asos bo‘ladigan holatlar keltirilgan bo‘lib, ular:

  • mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni berish;
  • O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
  • foydali qazilma konlarini aniqlash va qazib chiqarish (keng tarqalgan foydali qazilma konlari bundan mustasno);
  • respublika va mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obektlari,  ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellar, energetika va aloqa tizimi muhandislik obektlari va tarmoqlari, kosmik faoliyat obektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
  • aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga obektlar qurish qismida ijro etish;
  • davlat investitsion dasturlarida belgilangan davlat ta’lim, tibbiyot, madaniyat va ijtimoiy himoya muassasalarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurishni nazarda  tutuvchi loyihalarni amalga oshirish.

Loyihada boshqa har qanday maqsadlarda yer uchastkalari olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish deb talqin etish taqiqlanishi qayd etilgandi.

Shuningdek, loyihada yer uchastkalarini olib qo‘yish haqida qaror qabul qilingungacha tashabbuskor kamida 6ta bosqichdagi jarayonlardan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Shu jumladan, mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazish kabi majburiy shartlarni bajarishi lozimligi qayd etilgan.

Shuningdek, hujjat quyidagi yangi normalar va mexanizmlarni ham o‘z ichiga olishi kutilmoqda:

— ochiq muhokama ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘tkazilishi va ularning ishtiroki tashabbuskor tomonidan ta’minlanishi shartligi;

— tashabbuskor tomonidan ochiq muhokama o‘tkazilishi jarayonining majburiy tartibda audio va video qayd qilinishi ta’minlanishi;

— ochiq muhokamani o‘tkazish joyi ko‘pchilik huquq egalarining yashash joyiga yaqin bo‘lishi kerakligi, huquq egalari uchdan ikki qismi qatnashganda ochiq muhokama o‘tkazilgan hisoblanishi;

— kompensatsiya berilganidan so‘ng ko‘chmas mulk obektini olti oy mobaynida bo‘shatib qo‘yishga imkoniyat berilishi;

— kompensatsiya sifatida boshqa turar joy berilganda ijtimoiy normani hisoblash qoidalari hamda kompensatsiya o‘z vaqtida va to‘liq berilishining doimiy monitoringi Ko‘chmas mulk obektlari davlat reyestri yagona elektron axborot tizimi orqali amalga oshirilishi;

— olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan qabul qilinishi;

— Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektini buzib tashlash to‘g‘risida qabul qiladigan qarorlari adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy huquqiy xulosa berilgandagina qabul qilinishi mumkinligi;

— huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida unga tegishli bo‘lgan mulkni erkin tasarruf etishiga to‘sqinlik qiluvchi xatti-harakatlarga, shu jumladan turar joyni kommunikatsiya vositalaridan uzib qo‘yish, ko‘chmas mulk obektiga kirish va chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘yish, munosib hayot kechirishiga to‘sqinlik qiluvchi sharoit yaratishga yo‘l qo‘yilmasligi va boshqalar.

Mavzuga oid