Jahon | 00:45 / 02.10.2016
22783
2 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirov "osoyishtalikni buzuvchilarni" otishga chaqirdi

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov respublikada "osoyishtalikni buzayotganlarni" otishga chaqirdi.

27 sentabrda "Grozniy" telekanali bo‘yicha soat 19.00 dagi kechki yangiliklarda Qodirovning mahalliy huquq-tartibot muassasalari vakillari, amaldorlar va imomlar bilan yo‘llarda sodir bo‘layotgan o‘limlarning yuqoriligi va respublikada spirtli ichimliklar taqiqlangandan keyin keskin oshib ketgan "tabletkali" giyohvandlikka qarshi kurash mavzusidagi yig‘ilishi haqidagi lavha namoyish qilingan.

Qodirov yig‘ilishda yo‘l-transport qoidalarini mast va giyohvand moddalar ta'sirida buzuvchilar statistikasini keltirib o‘tdi.

Qodirovning ta'kidlashicha, bunday qoidabuzarliklar soni ularga qarshi qat'iy kurash usullariga qaramasdan tobora oshib bormoqda.

2015 yil avgustda Qodirov bunday qoidabuzarlarning haydovchilik guvohnomalarinigina emas, balki mashinalarini ham tortib olishni buyurgandi.

Biroq shunga qaramay, respublikada o‘lim bilan yakunlanuvchi yo‘l-transport hodisalari deyarli har kuni yuz beradi, giyohvandlar miqdori ham kamaymayapti. 

Lavhada Qodirov huquq-tartibot muassasalari vakillariga yuzlanib, "Hozirda Chechenistonda osoyishtalikni buzayotganlar otib tashlansin. Bu qonuniymi, qonuniymasmi – ahamiyatsiz. Otib tashlansin! Tushundinglarmi? Assalomu alaykum va muammolar yo‘q! Mana sizlarga qonun!", deb aytgan.   

Shu kunning o‘zidagi 22.00 dagi kechki yangiliklarda lavhaga tushgan bu parcha kesib tashlangan, biroq kech bo‘lgan: Ramzon Qodirovning bu aytgan so‘zlari audioyozuvi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketishga ulgurgan.

 

Mavzuga oid