Jahon | 15:02 / 04.10.2016
4749
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyaga Armanistonning ilk gumanitar samolyoti kelib qo‘ndi

4 oktabr kuni Suriyadagi Xmeymim aviabazasiga Armanistonning gumanitar yuk ortilgan ilk samolyoti kelib qo‘ndi. Bu haqda Armaniston tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.

"Aeroportda yuklarni Armanistonning Halabdagi bosh konsuli va Rossiya harbiy bazasi qo‘mondoni kutib olishdi", — deb xabar berilgan Armaniston TIVning Twitter ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy mikroblogida. 

Mamlakat tashqi ishlar vazirligi yuklarni yetkazishga yordam bergani uchun Rossiya tashqi ishlar va mudofaa vazirligiga minnatdorchilik bildirgan.

Armaniston OAV ma'lumotiga ko‘ra, Il-76 transport samolyoti Armanistondan Halabga 20 tonna gumanitar yordam olib borgan. Ushbu yuk oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, un, shakar, sabzavot, meva va go‘sht konservasi mahsulotlaridan iboratdir.

Avvalroq Armaniston prezidenti Serj Sargsyan Suriyaga gumanitar yuk ortilgan ikkita samolyot jo‘natish haqida buyruq bergan edi. Mazkur qaror Halabdagi armanlar yashaydigan tuman - Nor Gyux va Villanerga terrorchi guruhlar tomonidan raketa zarbalari berilgach, qabul qilindi. Hujum oqibatida 5 nafar arman halok bo‘lgan edi.

Suriyadagi arman diasporasi mamlakatdagi eng yiriklaridan hisoblanadi. Armanlar ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayotda muhim o‘rinni egallashadi. Ularning aksari 1915 yilda Usmonlilar qirg‘inidan qochib Turkiyadan Suriyaga o‘tgan armanlarning avlodlari hisoblanadi. Suriya armanlarining asosiy qismi Halabda istiqomat qiladi (60 mingdan ortiq kishi). Damashqda 7 mingdan ortiq arman bor, shuningdek, Lataqiya, Kesabe va Al-Qamishlida armanlar yashaydi. Suriyada siyosiy inqiroz boshlangach, 90 mingdan ortiq arman mamlakatni tark etgani aytiladi.

Suriya hukumati va turli jangari guruhlar o‘rtasidagi nizolar 2011 yilning martidan buyon davom etib kelmoqda. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, shu vaqtgacha qurolli mojarolar 220 mingdan ortiq kishining yostig‘ini quritgan.

Mavzuga oid