Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Belgiyada rossiyaliklarning aybloviga javob qaytarildi
Belgiya Qirolligi Mudofaa vaziri Stiven Vandeputning ma'lum qilishicha, belgiyaliklar samolyotlari Halab yaqinida tinch aholi ustiga bomba yog‘dirmagan.
«Biz odatda o‘z harakatlarimizga izoh berib, qayerda harakatlanayotganimizni oshkor etmaymiz. Lekin hozir aytishim mumkinki, bu vaqtda bizning uchuvchilar bu hodisa ro‘y bergan hududda bo‘lmagan», — deya qayd etgan vazir.
U buni «rossiyaliklarning dezinformatsiyasi» deb baholagan.
«Biz hamisha tinch aholi vakillari qurbon bo‘lishidan qochishga harakat qilganmiz. Bunga shubha bo‘lmasligi kerak. Maqsadimiz faqat IShIDga qarshi harbiy harakatlar olib borishdir. Har bir missiya bosh shtab ko‘rsatmasiga binoan amalga oshiriladi. Yakuniy qarornigina uchuvchi qabul qiladi», — deya uning so‘zlarini keltirgan Knack agentligi.
18 oktabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Suriyadagi ziddiyatli tomonlarni yarashtirish bo‘yicha Rossiya markazi bayonnomasiga asoslanib Xaasajyek qishlog‘ida Belgiyaning F-16 samolyotlari bergan zarba oqibatida olti kishi halok bo‘lib, to‘rt kishi jarohatlangani haqida xabar tarqatgandi.
Rossiyalik harbiylar bu hujumni na Rossiya aviatsiyasi na Suriya samolyotlari amalga oshirgani haqida ta'kidlagan.
«Bombardimon oqibatida ikkita uy vayron bo‘ldi, olti kishi halok bo‘ldi va to‘rt kishi turli darajada tan jarohati oldi. Mazkur hududda Rossiya HKK yoki Suriya HHK samolyotlari qayd etilmagan. Ushbu hududda ko‘rsatilgan vaqtda Belgiya qirolligining ikkita F-16 samolyoti parvoz qilgan», — deyilgandi Rossiya mudofaa vazirligi saytida e'lon qilingan xabarda.